February 1

Konlarda uglevodorod qazib chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha “Condor Energies Inc.” kompaniyasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda

Ruscha

"O‘zbekneftgaz" AJ va "Condor Energies Inc." (Kanada) kompaniyasi o‘rtasida Gazli hududidagi 8 ta gaz kondensat konlarida uglevodorod qazib chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish maqsadida shartnoma tuzildi.

Ushbu loyihaning amalga oshirilishi tabiiy gaz ishlab chiqarishni ko‘paytirish va uni respublika ichki bozoriga yetkazib berishni ta’minlash, shuningdek, karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirishga yordam beradi.

"Condor Energies Inc." Markaziy Osiyo va Turkiyada o‘z loyihalarini amalga oshiruvchi xalqaro energetika kompaniyasi hisoblanadi. Xususan, kompaniya Markaziy Osiyoda birinchi suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarish zavodini ishga tushirish va Qozog‘istonda litiy sho‘r suvini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirmoqda.

"Condor Energies Inc." prezidenti va bosh ijrochi direktori Don Stryu O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish va zaxiralar hajmini oshirish borasida "O‘zbekneftgaz" AJning strategik operatsion hamkori sifatida tanlanganidan mamnunligini bildirdi.

Kompaniyaning rejasi konlarni qazib olish va optimallashtirishning ilg‘or texnologiyalarini joriy etish va chiqindilarni kamaytirishni o‘z ichiga oladi.

Ta’kidlash joizki, “O‘zbekiston neft va gaz – OGU 2023” xalqaro 25-yubiley ko‘rgazmasida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ va “Condor Energies Inc.” o‘rtasida Gazli hududida joylashgan konlarda uglevodorod qazib olishni ko‘paytirish loyihasini amalga oshirishning asosiy shartlari bo‘yicha bitim imzolangan edi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram| telegram | youtube | facebook