Korrupsiyaga qarshi komplaens nazorat tizimining 1-yarim yillik faoliyati sarhisobi
“O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan komplaens nazorat tizimi orqali korrupsiyaning har qanday ko‘rinishini oldini olish, sohada ushbu illatni yo‘q qilish, aniqlangan korrupsiyaviy holatlar yuzasidan zarur choralar ko‘rish, shuningdek, me’yoriy-huquqiy hujjatlarga rioya etilishini ta’minlashga erishish maqsadida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Jami 275,6 mlrd. so‘mlik xato-kamchiliklar aniqlandi
Xususan, jamiyat tasarrufidagi boshqarma va korxonalarda korrupsiyaga qarshi kurashish, turli talon-tarojliklarni oldini olish, xavf-xatarlarni baholash va minimallashtirish, moliyaviy xato-kamchiliklarni aniqlash, bartaraf etish va oldini olish uchun Moliyaviy va komplaens nazorat departamenti tomonidan 2023 yilning 1-yarim yilligida tizimli ishlar tashkil etildi.
Ushbu davrda turli yo‘nalishlarda jami 275,6 mlrd. so‘mlik xato-kamchiliklar aniqlandi. Undan 35,4 mlrd. so‘m miqdorida mablag‘ tegishli tartibda undirildi va 56,8 mlrd. so‘mlik mablag‘ iqtisod qilinishiga erishildi.
Jumladan, 12 ta korxonada turli yo‘nalishlar bo‘yicha kompleks va mavzuli o‘rganishlar amalga oshirilgan bo‘lib, 112,9 mlrd. so‘mlik moliyaviy xato-kamchiliklar aniqlangan.
Shuningdek, o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 115,5 mlrd. so‘mlik muddati o‘tgan debitor qarzdorliklar aniqlanib, 7,6 mlrd. so‘mlik umidsiz debitor qarzdorliklarning undirilishi ta’minlandi.
Aniqlangan jami 51,4 mlrd. so‘mlik xato-kamchiliklarga huquqiy baho berish va qonuniy choralar ko‘rish maqsadida, o‘rganish hujjatlari huquqni muhofaza qilish idoralariga taqdim etildi.
Sanksiyaviy cheklovlar tekshiruvi
“O‘zbekneftgaz” AJ faoliyatida potensial sanksiyaviy cheklovlarni oldini olish maqsadida xorijiy hamkorlar bilan munosabatlarda xavf-xatarlarni baxolash va ularning oldini olish bo‘yicha ham o‘z vaqtida choralar ko‘rilmoqda.
Jamiyatning xarid shartnomalarini tuzish hamda mablag‘ ko‘chirish bilan bog‘liq departamentlar tomonidan kiritilgan so‘rovlarga asosan jami 24 ta chet el korxonalari sanksiyaviy ro‘yxatlarda mavjudligi yuzasidan tekshiruvlar o‘tkazildi.
Anonim so‘rovnoma natijasi
Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni o‘rganish, uning oldini olish hamda oqibatlarini bartaraf etish uchun tizimdagi korxona, boshqarma va neft bazalarida faoliyat olib borayotgan ishchi-xodimlar o‘rtasida anonim so‘rovnoma o‘tkazildi.
Anonim so‘rovnomada 28 ta tizim korxonalarida faoliyat olib borayotgan 30 181 nafar xodimdan 25 248 nafar (84 foiz) xodim ishtirok etdi.
Natijalarga ko‘ra, jami 67 ta xodim orasida o‘zaro potensial va real manfaatlar to‘qnashuvi holatlari aniqlangan bo‘lib, ularni bartaraf etish maqsadida xodimlar boshqa lavozimlarga o‘tkazilishi ta’minlandi.
372 ta ishga kiruvchi nomzod o‘rganildi
“Nomzodlarni o‘rganish bo‘yicha Yo‘riqnoma”ga muvofiq komplaens inspektorlari tomonidan 372 ta ishga kiruvchi nomzodlar o‘rganilib, shundan 327 ta holatda “ijobiy” va 43 ta holatda “salbiy” hulosalar berilgan.
54 ta ariza va 35 ta shikoyat belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi
Jamiyat faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, korrupsiyaviy va noqonuniy hatti-xarakatlar yuzasidan Jamiyat xodimlari, qolaversa jamoatchilik tomonidan murojaatlarni o‘rganish maqsadida tashkil etilgan aloqa kanallari orqali joriy yil boshidan jami 54 ta ariza, 35 ta shikoyat belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, murojaat mualliflariga tegishli javoblar yo‘llangan.
125 ta seminar-trening tashkil etildi
Jamiyat boshqarma (zavod) va korxonalarda korrupsiyaga qarshi kurashish va komplaens sohasida xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish uchun 8 220 ta quyi tashkilotlar ishchi-xodimlari ishtirokida tasdiqlangan reja-grafikga asosan 125 ta seminar-trening tashkil etildi, 25 ta iqtisodiy o‘qish o‘tkazildi.
Shuningdek 50 dan ortiq xodimlar ISO 37001 xalqaro standarti talablariga muvofiq o‘qitilib, tegishli sertifikatlar taqdim etildi.