January 8, 2024

Yosh kadrlar bilan ochiq muloqot 

Ruscha

Avval xabar berilganidek, shu kunlarda neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari, qayta ishlash korxonlarida faoliyat olib borayotgan yoshlar uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rganish maqsadida “Rahbar va yoshlar” ochiq muloqotlari o‘tkazilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi ishtirokidagi navbatdagi uchrashuvda “Uzbekistan GTL”, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi, Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtan, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalarining yosh xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda mahalliy va xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan, chet el grantlarini yutgan, yuqori lavozimlarga tayinlangan hamda sport olamida nom qozongan zukko, izlanuvchan va faol yoshlar Jamiyat faxri ekani e’tirof etildi.

Sohani rivojlantirish yo‘lida yoshlarning taklif va mulohazalari tinglandi. Korxonalarda yosh kadrlar safini kengaytirish uchun ularni qo‘llab-quvvatlovchi turli loyihalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashildi.

Shuningdek, o‘zaro muloqot almashish uchun yagona platforma yaratish, “Neft-gaz vikipediyasi” - yagona milliy ma’lumotlar bazasini yaratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Muloqotda o‘rtaga tashlangan muammolar, ularning yechimi bo‘yicha takliflar, mas’ullarga berilgan ko‘rsatmalar ijrosi har chorakda Boshqaruv raisi va yoshlar ishtirokida o‘tkaziladigan yig‘ilishlarda muhokama qilib borilishi ta’kidlandi.

Kelgusidagi rejalar yosh xodimlar fikr va takliflari asosida yanada boyitilishi qayd etildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram| telegram | youtube | facebook