January 4, 2024

“Rahbar va yoshlar” uchrashuvi

Ўзбекча

Mamlakatimizda yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash, ularning hayotga mustaqil qadam qo‘yishlari uchun barcha sharoitlarni yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 2024 yilning Prezidentimiz tomonidan “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”, deb nomlanishi ham ularga berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasidir.

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi ishtirokida tashkil etilgan “Rahbar va yoshlar” ochiq muloqotining mohiyati ham tizimda yoshlar bilan samimiy suhbatlashish, ular ichki dunyosiga nazar solish, qiziqishlarini o‘rganish, tahlil qilish orqali muammolarini hal qilishdan iborat.

Uchrashuvda Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi hamda “Uz-Kor Gas Chemical” qo‘shma korxonasida faoliyat olib borayotgan 100 dan ortiq yoshlar ishtirok etdi.

Tashabbuskor, faol va iqtidor egalari so‘zga chiqib, korxonalarda yoshlarga oid davlat siyosati bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida fikr bildirishib, o‘z takliflarini o‘rtaga tashlashdi.

Takliflardan kelib chiqib, Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasiga ko‘proq iqtidorli xotin qizlarni jalb qilish, korxona ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan fidoyi yoshlar uchun imtiyozli kreditlar ajratish yuzasidan hamkor tashkilotlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Korxonalarda kutubxonalar tashkil qilish va "Yosh kitobxonlar klub"larini shakllantirish, yosh olimlarni rag‘batlantirish tizimini ishlab chiqish va "Eng yaxshi startaplar" tanlovini o‘tkazish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Yoshlar ham yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, o‘zini to‘la namoyon etishiga ishonch bildirdilar.

Ma’lumot uchun qayd etish joizki, bugungi kunda “O‘zbekneftgaz” AJda 30 yoshgacha bo‘lgan besh mingdan ortiq yoshlar faoliyat olib bormoqda.

Bu kabi uchrashuvlar “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi barcha neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari va qayta ishlash korxonalarida muntazam tashkil etilishi qayd etildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram| telegram | youtube | facebook