Standartlashtirish va muvofiqlikni baholashni rivojlantirish to‘g‘risidagi memorandum imzolandi
Avval xabar qilinganidek, bugun poytaxtdagi “Hilton” mehmonxonasida “O‘zbekneftgaz” AJ va Rossiya Federatsiyasining Neft va gaz texnologik tashabbuslari instituti (INTI) hamkorligida tashkil etilgan “Texnik kun” xalqaro konferensiyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda energetika, neftgaz va avtomatika sohasidagi uskunalarni ishlab chiqaruvchi yirik korxonalar vakillari ishtirok etdi.
Anjumanning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar sanoat korxonalarida INTI tomonidan ishlab chiqilgan standartlarni qo‘llashning ahamiyati haqida fikr va mulohazalarini bildirishdi.
Qayd etish joizki, bugungi kunda INTI tomonidan qazib chiqarishda foydalaniladigan jihozlar, bosim ostida ishlovchi apparatlar, rotasion va nasos uskunalari, avtomatlashtirish, qurilish me’yorlari va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha 170 dan ortiq standart ishlab chiqilgan.
Anjumanda institut mutaxassislari tomonidan ushbu standartlar haqida batafsil ma’lumotlar beruvchi taqdimotlar qilindi.
Alohida tashkil etilgan sessiyalarda mahalliy va xorijlik ekspertlar xalqaro standartlarni O‘zbekistonga kiritish va ishlab chiqarish korxonalarida qo‘llash hamda ularni texnik jihatdan tartibga soluvchi me’yoriy hujjatlar bilan uyg‘unlashtirish masalalarini muhokama qildilar.
Shuningdek, neft-gaz, energetika va avtomatika sohasiga ixtisoslashgan yirik xorijiy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan geologik qidiruv, qayta ishlash uskunalari, logistika xizmatlarining ichki va tashqi bozorda xaridorgirligini oshirish bo‘yicha zamonaviy yechimlar haqida so‘z yuritildi.
Konferensiyaning birinchi kuni doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ, O‘zbekiston standartlar instituti va INTI o‘rtasida neft va gaz sohasida standartlashtirish va muvofiqlikni baholashni rivojlantirish to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi.