Sinov tariqasida joriy etilgan KPI moduli tajribadan muvaffaqiyatli o‘tdi
"O‘zbekneftgaz" AJda xodimlarning ish samaradorligini oshirish maqsadida yangi avtomatlashtirilgan KPI (Key Performance Indicator - Eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari) moduli ishlab chiqilgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu tizim joriy yil 4-choragidan Jamiyat markaziy apparati kesimida sinov tariqasida joriy etildi.
Avtomatlashtirilgan tizim qog‘ozbozlik hamda inson omilini maksimal kamaytirgan holda samaradorlik ko‘rsatkichlarini davriy tahlil qilish imkoniyatlarini yaratadi.
Tizim orqali har bir xodimga o‘z faoliyatini real vaqt rejimida kuzatish imkoni berilib, uning jamiyat rivojiga qo‘shayotgan hissasini aniq belgilaydi. Faoliyat natijalariga asosan xodimlar rag‘batlantiriladi.
Shuningdek, halqaro ilg‘or kompaniyalar tajribasidan foydalangan holda “360 daraja” baholash moduli ham ishga tushirilgan. Baholash moduli — bu rahbarlar va xodimlarning o‘zaro munosabatlari, shuningdek, turli tarkibiy bo‘linmalar o‘rtasidagi aloqalarni baholash uchun ishlatiladigan zamonaviy usuldir.
Tizim orqali xodimlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik, loyihalarning kechikish sabablari yoki ish jarayonidagi muammolar haqida izohlar qoldirish imkoni tug‘iladi. Bu loyihalarning samarali va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
KPI moduli 2025 yil 1-choragidan ishga tushiriladi. Kelgusida Jamiyat tasarrufdagi korxonalarda ham uni tatbiq etish ko‘zda tutilgan.