Stipendiya g‘oliblari aniqlandi, eng fidoyi ustoz taqdirlandi
Prezidentning “Neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida stipendiyalar dasturi va “Eng fidoyi ustoz” tanlovining taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, 2024 yil yakunlari bo‘yicha korxonaning eng faol xodimlari ham taqdirlandi.
“Uzbekistan GTL” zavodi — bu nafaqat strategik ahamiyatga ega sanoat klasteri, balki mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun malakali kadrlarni tayyorlashga katta e’tibor qaratadigan ta’lim va amaliyot maskani hamdir. Zavod uchun malakali va tajribali mutaxassislarni tayyorlash, ilmga chanqoq va bilimli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ta’lim berib kelayotgan ustozlarni munosib rag‘batlantirish bugunning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
Ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha korxona tomonidan bir qator tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, an’anaga aylanib qolgan hamda bu o‘quv yili uchun oltinchi bor o‘tkazilgan “UzGTL” stipendiyalar dasturi hamda uchinchi bor o‘tkazilgan “Eng fidoyi ustoz” tanlovi buning yaqqol misolidir.
Tantanali tarzda tashkil etilgan tadbirda dastlab stipendiyalar dasturi faol ishtirokchilari, so‘ng dastur g‘oliblari taqdirlandi. Ushbu dasturning asosiy maqsadi mamlakat kelajagi bo‘lgan shijoatli yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik qilish, ilmiy ijodiy ishlarda faol bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari talabalarini aniqlash va ularni munosib rag‘batlantirishdir.
Ushbu dastur talabalar orasida keng ommalashgan bo‘lib, shu davrga qadar unda 10512 nafar talaba ishtirok etdi. Shu vaqtga qadar 87 nafar faol ishtirokchi va 69 nafar g‘olib bir necha bosqichli imtihonlar orqali saralab olingan bo‘lsa, 700 nafardan ziyod talaba ishlab chiqarish amaliyotiga tavsiya etilgan.
Joriy o‘quv yili uchun o‘tkazilgan tanlovga 1687 nafar nomzod ariza topshirgan bo‘lib, ular orasidan 7 nafar g‘olib, 23 nafar faol ishtirokchi saralab olindi hamda 244 nafari ishlab chiqarish amaliyotiga tavsiya etildi. Tanlov g‘oliblariga belgilangan miqdorda stipendiya to‘lab boriladi va zavodning kadrlar zaxirasiga kiritiladi.
Shuningdek tanlovning 3-bosqichiga o‘tgan barcha ishtirokchi ishlab chikarish amaliyotini ushbu zavodda amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Amaliyot davrida 3 mahal issiq ovqat, transport va yashash sharoitlari bepul ta’minlanadi.
Uchinchi bor o‘tkazilgan “Eng fidoyi ustoz” tanlovining asosiy maqsadi mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim tarmoqlari uchun bo‘lajak mutaxassislarni yetishtirayotgan, xususan, ko‘plab iqtidorli talabalarga ustozlik qilib kelayotgan oliy ta’lim tashkilotlarining o‘qituvchi-murabbiylarini aniqlash va ularni munosib ravishda rag‘batlantirishdir. Tanlovning muhim tomoni shundaki, laureatlar talabalar va korxona xodimlari tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar orasidan ovoz berish yo‘li bilan saralab olinadi. Onlayn so‘rovnomalar va yakuniy suhbat natijalariga ko‘ra joriy yilgi tanlovda 3 nafar ustoz g‘olib deb e’tirof etildi. Ular moddiy rag‘batlantirilib, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbir doirasida zavod muvaffaqiyatlariga katta hissa qo‘shgan yilning eng yaxshi xodimlarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Ular o‘z vazifasini a’lo darajada bajargan, balki korxona taraqqiyoti uchun yangi g‘oya va loyihalarni amalga oshirib, hamkasblariga namuna bo‘lganlardir. 2024 yil yakuniga ko‘ra, yil xodimi, yilning eng yaxshi muhandisi, yilning eng yaxshi rasionalizatori, yilning eng yaxshi mexanigi, yilning eng yaxshi fidokor xodimi, eng yaxshi texnologik qurilma kuzatuvchisi va samarali mehnatlari uchun kabi nominatsiyalarda 15 nafar korxona xodimi rahbariyat tomonidan e’tirof etildi.
"Yil xodimi" nominatsiyasi g‘olibligiga Bosh direktorning birinchi o‘rinbosari Karabayev Ravshan Rahmonjonovich loyiq deb topildi.