"O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2024" ko‘rgazmasi davom etmoqda
O‘zbekiston energetika haftaligi doirasida "O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2024" ko‘rgazmasi va anjumani o‘z ishini davom ettirmoqda.
Ko‘rgazmaga Energetika vaziri boshchiligida xorijiy kompaniyalar rahbarlari va tarmoq mutasaddilari tashrif buyurib, stendlarda namoyish etilayotgan mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi.
1997 yilda faoliyatini boshlagan “OGU” ko‘rgazmasi O‘zbekistonning energetika haftaligiga asos solgan. Shuni ta’kidlash kerakki, bugungi kunda "yashil energiyaga”ga o‘tish bo‘yicha dunyoda katta sa’y-harakatlar amalga oshirilishiga qaramay, uglevodorod xom ashyosiga talab hali ham yuqori bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekistonda sohani rivojlantirish bilan bir qatorda, jarayonlarni atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish maqsadida qidiruv va qazib olish usullarini takomillashtirish bo‘yicha salmoqli ishlar olib borilmoqda.
Mehmonlar, ko‘rgazma ishtirokchilari ekspozisiyada namoyish etilayotgan neft va gaz sanoatida tobora ko‘proq foydalanilayotgan zamonaviy uskunalar, ilg‘or texnologiyalar bilan tanishdi.
Germaniya, Italiya kompaniyalari stendida neft va gaz sanoati uchun texnologiyalarni yetkazib berishdan tortib, majmuaviy himoya tizimlarini ishlab chiqarishgacha keng ko‘lamli mahsulotlar assortimenti namoyish etilmoqda.
Mahalliy korxonalar tomonidan yoqilg‘i quyish shaxobchalari, neft bazalari va suyultirilgan gazni saqlash bazalari uchun uskunalar, moylash materiallari, sanoat moylari, ultratovushli gaz hisoblagichlar, siqilgan tabiiy gaz asboblari taqdim etilmoqda.