“O‘zbekneftgaz”: Mutaxassislar Qozog‘istonning Atirau neftni qayta ishlash zavodida joriy etilgan yangi innovasion texnologiyalar bilan tanishdilar
“O‘zbekneftgaz” AJ hamda uning tasarrufidagi Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, “Uzbekiston GTL”, Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi mutaxassislaridan iborat delegasiya Qozog‘istonning Atirau neftni qayta ishlash zavodida bo‘lishdi.
Ushbu tashrif “Vostock Capital” kompaniyasi tashabbusi bilan Qozog‘istonda o‘tkazilgan “Daunstrim Qozog‘iston va Markaziy Osiyo 2023” neft va gaz to‘qqizinchi xalqaro konferensiyasi dasturi doirasida amalga oshirildi.
Mutaxassislar zavodning ishlab chiqarish texnologik quvvatlari, imkoniyatlari va zavodda joriy etilgan yangi innovasion texnologiyalar bilan yaqindan tanishdilar.
Ma’lumot uchun qayd etish joizki, Atirau neftni qayta ishlash zavodi “KazMunayGaz” AJ qarashli zavod bo‘lib, Qozog‘istonning eng yirik 3 ta neftni qayta ishlash zavodlaridan biri hisoblanadi. Zavod 1945 yilda ishga tushirilgan. Zavodda avto yoqilg‘ilardan tashqari kimyo sohasi uchun kerakli bo‘lgan benzol, paraksilol mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda ularni ichki va tashqi bozorga realizasiya qilish yo‘lga qo‘yilgan.
Zavodda amalga oshirilgan kompleks modernizasiya ishlari natijasida neftni qayta ishlash quvvati 5,5 mln tonnaga va xom ashyoni qayta ishlash chuqurligi 75,4 foizdan 84 foizga oshirilgan. 2009-2018 yillar mobaynida zavodda aromatik uglevodorodlarni ishlab chiqarish kompleksi, katalitik kreking, buten fraksiyasini oligomerizasiyalash, benzolni gidrirlash va yengil benzinlarni izomerizasiyalash kabi zamonaviy neftkimyosi texnologik jarayonlari joriy etilgan.
Zavodda “O‘zbekneftgaz” AJ faoliyati va amalga oshirilayotgan yaqin va uzoq istiqbollardagi neft va gaz sohasidagi loyihalar hamda ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilayotgan mahsulotlar haqida ma’lumotlar taqdimoti o‘tkazildi.
Shuningdek, tomonlar o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar davomida mutaxassislar tayyorlashda o‘zaro tajriba almashish hamda loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik o‘rnatish masalasi o‘rtaga tashlandi.
Tashkil etilgan ushbu texnik tashrif “Daunstrim Qozog‘iston va Markaziy Osiyo 2023” neft va gaz to‘qqizinchi xalqaro konferensiyasi ishtirokchilarida zamonaviy lisenzion texnologik quvvatlarni amaliyotda ko‘rish hamda ular haqida ma’lumotlarga ega bo‘lish imkoniyatini berdi.