December 29, 2025

Belgilangan rejalarni so‘zsiz bajarish uchun rahbarlarning shaxsiy javobgarligi belgilandi

Ruscha/Ўзбекча

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov Muborak gazni qayta ishlash zavodi va “Uz-Gas Projects” MCHJning joriy faoliyati, ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari va moliyaviy-iqtisodiy faoliyatini tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqdi.

Xususan, Muborak gazni qayta ishlash zavodida qurilishi tugallanmagan ayrim ob’yektlar bo‘yicha yer va mol-mulk hisobini yuritishdagi kamchiliklar natijasida ortiqcha soliq to‘lovlari amalga oshirilgani qayd etildi. Ushbu holat iqtisodiy hisob-kitoblar va ichki nazoratni kuchaytirish zarurligini ko‘rsatib berdi. Shu munosabat bilan mulklarni o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazish, hisob-kitoblarni aniq yuritish hamda mas’ul xodimlar javobgarligini belgilash bo‘yicha vazifalar yuklatildi.

Bundan tashqari, zavoddagi ishlab chiqarish ob’yektlarida avtomatik gazoanalizatorlar o‘rnatilmagani va tashlanmalar nazorati yetarli darajada ta’minlanmayotgani ekologik xavfsizlik nuqtai nazaridan jiddiy muammo sifatida baholandi. Mazkur masalalar bo‘yicha kelgusi yilda xavfsizlik va atrof-muhitni muhofaza qilish talablarini to‘liq ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi belgilandi.

"Uz-Gas Projects" MCHJ taqdimotida asosiy e’tibor tabiiy gaz va kondensat qazib chiqarish ko‘rsatkichlarining prognozga nisbatan bajarilmagani, mavjud quvvatlardan samarali foydalanilmayotgani hamda korxonaning moliyaviy barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarga qaratildi.

Yig‘ilishda hisobot davrida tabiiy gaz qazib chiqarishda belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari to‘liq bajarilmagani tanqid qilindi. Korxonaning mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi past, qazib olinayotgan tabiiy gaz tannarxi esa realizatsiya narxidan sezilarli darajada yuqori qolayotgani tanqid qilindi. Bu esa operasion faoliyatda zarar keltirib chiqargani va aylanma mablag‘lar tanqisligini kuchaytirgani qayd etildi.

- Korxonani tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — qazib chiqarish tannarxi yuqori bo‘lgan konlarga investisiya jalb qilish orqali qazib chiqarish hajmlarini oshirish. Biroq, korxona faoliyat boshlaganiga bir necha yil bo‘lganiga qaramay, shu kunga qadar mazkur yo‘nalishda aniq investisiya loyihalari amalga oshirilmagan. Aksincha, xarajatlarning ortishi qazib chiqarish samaradorligini yanada pasaytirgan, - dedi Boshqaruv raisi.

Yig‘ilishda rejalarning so‘zsiz bajarilishi uchun jamiyat rahbariyatining shaxsiy javobgarligi belgilab qo‘yildi. Shuningdek, konlarda qazib chiqarishni oshirish maqsadida qurilayotgan kichik kompressor stansiyalarini belgilangan muddatlarda ishga tushirish, geologik jihatdan murakkab zaxiralarni o‘zlashtirish bo‘yicha investorlar bilan hamkorlik masalalarini qayta ko‘rib chiqish vazifalari yuklatildi.

Mavjud salohiyatdan kelib chiqqan holda 2026 yilda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarini joriy yilga nisbatan 15 foizga oshirish mumkinligi ta’kidlandi. Buning uchun boshqaruv tizimini qayta ko‘rib chiqish, xarajatlarni qat’iy nazoratga olish, investisiyalarni jalb etish va ishlab chiqarish intizomini kuchaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

"O‘zbekneftgaz" AJ Axborot xizmati