March 5

Xitoy kompaniyasi bilan konlarni rivojlantirish sohasida hamkorlik jadallashtirilmoqda

Ruscha

Avval xabar berilganidek davlatimiz rahbarining Xitoy Xalq Respublikasi Raisining taklifiga binoan joriy yilning 23-25 yanvar kunlari ushbu davlatga tashrifi doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ delegatsiyasi tomonidan “XIBU Drilling” kompaniyasi vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilgan edi.

Yo‘lga qo‘yilgan aloqalarni davom ettirish maqsadida shu kunlarda Jamiyatda Xitoyning “XIBU Drilling” kompaniyasi mutaxassislari bo‘lib turishibdi.

“O‘zbekneftgaz” AJda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda xitoylik hamkorlarga Jamiyatga qarashli konlarda amalga oshirilayotgan burg‘ilash ishlari hamda o‘ta chuqur quduqlarni burg‘ilash jarayonlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Xorijlik mutaxassislar bilan mamlakatlarimiz o‘rtasida quduqlarni burg‘ilash texnologiyasi, burg‘ilashning kommersiya tezligini oshirish, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va burg‘ilash sohasini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni yanada jadallashtirish masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan.

Xitoyning mazkur sohadagi ulkan tajribasidan foydalanish va “O‘zbekneftgaz” AJ bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishish ko‘zda tutilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Xitoyning neft va gazni qidirish va rivojlantirish milliy korporatsiyasi tarkibiga kiruvchi “XIBU Drilling” kompaniyasi quduqlarni burg‘ilash, ta’mirlash, sinovdan o‘tkazish faoliyati bilan shug‘ullanadi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram| telegram | youtube | facebook