Ayollarda yetakchilik qobiliyatlarini shakllantirish masalalari muhokama qilindi
"O‘zbekneftgaz" AJda ayollarda yetakchilik qobiliyatlarini shakllantirishga qaratilgan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda ishtirok etgan psixolog Dildora Abdumajidova ayollarning yetakchilik qobiliyatlarini shakllantirish, ularning emosional aqli va rahbarlik o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi.
Ma’ruzada tadqiqotchilar ayollarning yetakchilik qobiliyatlari transformatsion liderlik bilan bog‘liq ekanini ta’kidlandi. Transformatsion liderlik — bu ayollarning jamoa a’zolarini ilhomlantirish, ularga yuqori maqsadlarga erishishda yordam berish, yangiliklarni joriy qilish va muammolarni ijobiy hal qilish qobiliyatiga ega bo‘lgan yetakchilik turidir. Bunday liderlar nafaqat muammolarni aniqlaydi, balki ularni ijobiy yo‘l bilan hal qilish uchun kreativ va innovatsion yondashuvlarni qo‘llaydilar.
Ayollarga xos bo‘lgan muhim sifatlardan biri ularning moslashuvchanligi va bir vaqtning o‘zida bir nechta vazifalarni bajarish qobiliyatidir. Bu xususiyatlar ayollarni rahbarlikda samarali qiladi. Chunki ular ko‘pincha yakka o‘zlari muammolarni bir necha yondashuvlar bilan hal qilishga o‘rgangan. Bu esa unga jamoa bilan ishlashda yuqori darajadagi muvofiqlikni ta’minlashga yordam beradi.
Shuningdek, ayollarga xos bo‘lgan emosional aql ham muhokama qilindi. Ayollar o‘z tabiiy hissiyotlarini tiyish va boshqarishda yuqori darajadagi mahoratga ega. Rahbar ayollar, ishda qaror qabul qilishda o‘zining emosional holatini nazorat qilish va aniq, tushunarli fikrlarni bildirishga e’tibor berishlari lozimligi qayd etildi. Bu, o‘z navbatida, qarorlarning samaradorligini ta’minlash va ish joyidagi munosabatlar o‘rtasidagi muvozanatni saqlashda muhimdir.
Ayol rahbarlar uchun oilaviy munosabatlar, tarbiya va kasbiy faoliyatning barchasi muhimdir. Bundan kelib chiqadigan ma’no shundaki, ayollar o‘z rahbarlik vazifalarini bajarish bilan birga, oilaviy va shaxsiy hayotni ham muvaffaqiyatli boshqara olishlari kerak. Bu ayollarga juda katta mas’uliyatni yuklaydi, lekin ulardagi ko‘p vazifani bajarish qobiliyati va holatlarga moslashish faoliyati ularni samarali rahbarga aylantiradi.
Ushbu uchrashuv ayollar yetakchiligini rivojlantirishga va ularni rahbarlik rollaridagi samaradorlikni oshirishga qaratilgan muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.