Xitoyning “CNPC” kompaniyasiga qarashli korxonada tajriba almashildi
“O‘zbekneftgaz” AJ mutaxassislaridan iborat delegatsiya tajriba almashish maqsadida Xitoy Xalq Respublikasining “CNPC” kompaniyasiga qarashli Janubiy Gʻarbiy neft va gaz qazib olish korxonasida bo‘lishdi.
Tashrif doirasida tomonlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada yaxshilash va qazib chiqarishda amalga oshirilayotgan hamkorlikdagi loyihalarga bag‘ishlangan qator uchrashuvlar o‘tkazildi.
Delegatsiya azolari Janubiy Gʻarbiy neft va gaz qazib olish kompaniyasining Markaziy dispetcherlik xizmati, Burg‘ilashni nazorat qilish markazi hamda ilmiy tadqiqot institutida bo‘lib, bu yerda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini oshirishda amalga oshirilayotgan yangiliklar bilan yaqindan tanishdilar.
Xorijiy hamkorlar bilan O‘zbekistonda birgalikda amalga oshirilayotgan tadbirlar, amalga oshirilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish bo‘yicha qator masalalar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli suvlanganlik darajasi yuqori bo‘lgan quduqlarni barqaror ishlashini ta’minlash hamda jarayonlarda ekologik muhitni yaxshilash maqsadida sinov tariqasida maxsus nasos kurilmasidan foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Eslatib o‘tamiz, Davlatimiz rahbarining yanvar oyida Xitoyga qilgan tashrifi doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ delegatsiyasi mamlakat energetika sanoatining giganti - "CNPC” milliy neft-gaz kompaniyasiga tegishli bo‘lgan "CNODS” bilan kon va konlarni rivojlantirish loyihalari bo‘yicha muzokaralar olib borgan edi.