Konsalting kompaniyalar uchun tashkil etilgan “Ochiq eshiklar kuni”ning navbatdagi natijalari sarhisob qilindi
Avval xabar berilganidek, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan davlat ulushiga ega konsalting kompaniyalari uchun “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazilmoqda.
Ushbu tashabbus professional xalqaro maslahatchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Loyihadan ko‘zlangan maqsad maslahatchilar bilan o‘zaro hamkorlikda faoliyat samaradorligini oshirish, boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy etish va neft-gaz sanoatidagi yetakchi kompaniyalar ilg‘or tajribasini qo‘llashga qaratilgan.
Loyiha doirasida “PWC” va “Ekopsi” konsalting kompaniyalari tomonidan taqdim etilgan hisobotlar va tavsiyalar natijalari sarhisob qilindi. Ikkala kompaniya ham MDH va jahon bozorida menejment bo‘yicha konsalting, kompleks rivojlanish va transformatsiya dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha muhim vakolatlarga ega. Jamiyatning transformatsiyalar dasturini yuqori baholagan xalqaro maslahatchilar tashabbuslarni amalga oshirish va ko‘zlangan maqsadlarga erishishda “O‘zbekneftgaz” AJga yordam ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini bildirgan.
Xususan, “PWC” kompaniyasining maslahatchilari tomonidan optimallashtirish bo‘yicha quyidagi yo‘nalishlar tavsiya etildi:
• “O‘zbekneftgaz” AJda kollegial organ – “Investitsiyalar qo‘mitasini” tashkil etish, uning asosiy vazifasi loyihalarni amalga oshirishni kompleks baholash va qarorlar qabul qilish, ijrosini nazorat qilish va monitoring olib borish, shuningdek, loyihalarning bajarilishi bo‘yicha samaradorligini baholash etib belgilash;
• Tashkiliy islohotlarni o‘tkazish va “O‘zbekneftgaz” AJda investitsiyalar va investitsiya dasturini boshqarish, o‘rta muddatli va strategik rejalashtirish uchun mas’ul bo‘ladigan alohida bo‘linmalarni tashkil etish (markazlashtirish vositalaridan foydalangan holda) imkoniyatlarini ko‘rib chiqish;
• boshqaruv hisoboti tizimini takomillashtirishni yo‘lga qo‘yish;
• tegishli AT infratuzilmasini kompleks rejalashtirish va rivojlantirish tamoyillarini joriy etish nuqtai nazaridan rejalashtirish tizimini takomillashtirishni yo‘lga qo‘yish;
• bozor risklarini boshqarish tizimini ishlab chiqish va ularning Jamiyat byudjet ko‘rsatkichlariga ta’sirini baholashni yo‘lga qo‘yish;
• loyiha boshlanganidan to yakunlash va samaradorligini baholash bosqichigacha bo‘lgan boshqarish biznes-jarayonlarini avtomatlashtirishni yo‘lga qo‘yish;
• Jamiyatning tovar-moddiy zaxiralari va aylanma mablag‘larini boshqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan alohida loyihani tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqish;
• rejalashtirilgan raqamlashtirish loyihalarini yanada muvaffaqiyatli amalga oshirish imkonini beruvchi IT-texnologiyalar va jarayonlarni boshqaradigan ixtisoslashtirilgan biznes-tahlil bo‘linmasini yaratish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish;
• asosiy ko‘rsatkichlariga erishishni hisobga olgan holda, loyiha faoliyatida ishtirok etuvchi xodimlarni kompaniyada rag‘batlantirish tizimini ishlab chiqish va joriy etish.
Shuningdek, “Ekopsi” kompaniyasining maslahatchilari tomonidan Jamiyatning tashkiliy va funksional tuzilmasi, xususan, tijorat blokini o‘zgartirishga qaratilgan quyidagi yo‘nalishlar tavsiya etildi:
• sanoat xavfsizligi madaniyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni zudlik bilan amalga oshirishni Jamiyatni transformatsiya qilish dasturiga kiritish va yo‘lga qo‘yish;
• yetakchi o‘quv markazlarini jalb qilgan holda kompaniya xodimlarining malakasini doimiy ravishda oshirish, Jamiyatning ish beruvchi sifatidagi obro‘sini mustahkamlash maqsadida oliy va kasb-hunar ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish;
• davlat kompaniyalari orasida birinchi bo‘lib qarorlar qabul qilishda samaradorlik darajasini oshirish va byurokratiyani kamaytirish bo‘yicha o‘zaro faoliyat ishchi guruhlari institutini joriy etish;
• Operasion va loyiha boshqaruvi (OMS) kompleks dasturini amalga oshirish orqali Jamiyatda doimiy takomillashtirish va o‘zgarishlarni boshqarish dasturini tashkil etish va amalga oshirish.
"O‘zbekneftgaz" AJ Boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari B.Usmanov Jamiyat rahbariyati maslahatchilarining tavsiyalari bilan xodimlar malakasini doimiy ravishda oshirish bo‘yicha tashabbuslar amalga oshirilayotganligini ta’kidladi.
Shuningdek, yaqin kelajakda biznes-jarayonlarni raqamlashtirish loyihalari doirasida kadrlarni tanlashdan tortib to nafaqaga chiqishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar majmuasi samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirilishini qayd etdi. Shu bilan birga, B.Usmanov sanoat xavfsizligi madaniyatini shakllantirish va Jamiyat tomonidan amalga oshirilayotgan tashabbuslarning davlat va sanoat bilan bog‘liqligini ta’minlash dolzarbligiga e’tibor qaratdi.
Uchrashuv yakunida mas’ul xodimlarga maslahatchilarning tavsiyalarini bajarish, tezkor rejalarni ishlab chiqish va tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Konsalting kompaniyalari uchun “Ochiq eshiklar kuni” davom etmoqda. Yaqin kunlarda Jamiyat rahbariyati uchun maslahatchilar hisobotlari taqdimotlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.