December 11, 2024

Ish joyida ta’qib va zo‘ravonlikka qarshi kurashish

Ruscha

2014 yilda BMT Bosh kotibining xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonliklarni bartaraf etishga qaratilgan tashabbusi bilan har yili dunyo miqyosida, jumladan O‘zbekistonda ham 25 noyabrdan 10 dekabrgacha “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” shiori ostida turli tadbirlar o‘tkaziladi.

Ma’lumki, O‘zbekistonda fuqarolarni zo‘ravonlikdan himoyalash, uning har qanday ko‘rinishiga munosib jazo tayinlash milliy qonunchiligimizda qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Mamlaktimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlarga hamohang "O‘zbekneftgaz" AJ tomonidan ham ish joyidagi ta’qib va zo‘ravonlikni oldini olishga qaratilgan siyosati ishlab chiqildi. Unda xodimlarning huquqlarini himoya qilish, zo‘ravonlikka qarshi kurashish va xavfsiz ish muhitini yaratishga yo‘naltirilgan bir qancha muhim jarayonlar belgilangan.

- Hujjatning asosiy maqsadi ishdagi turli xil ta’qiblarning oldini olishga qaratilgan, - deydi “O‘zbekneftgaz” AJ xotin-qizlar masalalari bo‘yicha jamoatchilik kengashi raisi Lobar Abdulajanova. - Zo‘ravonlikning barcha shakllariga qarshi kurashish va ularning oldini olish natijasida, xodimlarning huquqlari va erkinliklari himoya qilinadi. Har bir xodim bu siyosatga rioya etishi shart bo‘lib, agar tartib buzilsa, kompaniyaning axloqiy komissiyasi tomonidan intizomiy jazo belgilanadi.

Jamiyat Markaziy apparati, boshqarma va zavodlar ishchi-xodimlari o‘rtasida ushbu siyosatni tushuntirish tadbirlarida ta’qib yoki zo‘ravonlikni ko‘rganda, bu haqda etika komissiyasi yoki tegishli organlarni xabardor qilish zarurligi ta’kidlandi.

Xodimlar anonim tarzda shikoyat qilish huquqiga ham ega. Kompaniya tergov davomida maxfiylikni saqlaydi va jabrlanuvchilar, shikoyatchilar va guvohlarni himoya qiladi.

Ushbu hujjat bilan "O‘zbekneftgaz" AJ xavfsiz ish muhitini yaratish, xodimlarning huquqlarini himoya qilish va ta’qib yoki zo‘ravonlik holatlarini tezkorlik bilan hal qilish mas’uliyatini o‘z zimmasiga oladi.

Jamiyat tazyiq va zo‘ravonliklarning oldini olish va bartaraf etish samaradorligini baholash uchun uning bajarilishini nazorat qiladi. Tazyiq va zo‘ravonlik holatlari bilan shug‘ullanuvchi Odob-ahloq komissiyasi Boshqaruv raisiga ushbu Siyosatga rioya qilinganligi, jumladan hodisalar soni, ular qanday hal qilinganligi haqida hisobot beradi.

Shuningdek, kompaniya huquqni himoya qiluvchi davlat organlari bilan hamkorlikda ish olib borib, ushbu muammolarni bartaraf etish uchun choralar ko‘radi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook