Favqulodda vaziyatlar va fuqaro muhofazasi oyligi davom etmoqda
Avval xabar berilganidek, hukumat topshirig‘i bilan e’lon qilingan “Favqulodda vaziyatlarni oldini olish va fuqaro muhofazasi oyligi” “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan faol davom etmoqda.
Mazkur oylikdan ko‘zlangan maqsad neft va gaz ob’yektlaridagi maxsus tarkibning kuch va vositalarni boshqarish, favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish tadbirlarida ularni samarali qo‘llash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini oshirishdan iborat.
Ushbu oylik davomida Jamiyat tasarrufidagi zavod va boshqarmalar hamda neft va gaz ob’yektlari mas’ullarining favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga shayligi tekshirilmoqda. Xodimlar qutqaruv xizmatlari va tuzilmalar tarkibida harakat qilishga hamda muhofazalanish usullariga o‘rgatilmoqda.
Shuningdek favqulodda vaziyatlar to‘g‘risida xabar berish tizimini doimo shay turish hamda ularni Favqulodda vaziyatlar vazirligining yagona tizimiga integratsiya qilish hamda moddiy va moliyaviy resurslar zahiralarining yaratilganligi nazoratdan o‘tkazilmoqda.
Ushbu davrda ishlab chiqarish va ijtimoiy ob’yektlarda hamda ularga tutash hududlarda avariya, qutqaruv va kechiktirib bo‘lmaydigan boshqa ishlarga tayyorgarlik darajasi kuchaytirilmoqda.
Xodimlar uchun favqulodda vaziyatlar sharoitida evakuatsiya qilish bo‘yicha o‘quv tadbirlari tashkil etilmoqda.
Bunday tadbirlar favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularni bartaraf etish va oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qiladi.