10 nafar iqtidorli o‘quvchiga “O‘zbekneftgaz” AJ stipendiyasi tayinlandi
Xabaringiz bor, 2022 yil 7 iyulda davlatimiz rahbari tomonidan “Neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.
Ushbu qarorga muvofiq Ta’lim-ishlab chiqarish klasteri tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy faoliyati neft va gaz sohasida ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarishning o‘zaro integratsiyasini ta’minlash hisoblanadi.
Ta’lim klasteri doirasida o‘quvchilarni ishlab chiqarish korxonalari uchun ustuvor kasblarga yo‘naltirish ham maqsad qilingan.
Buxoro neft va gaz sanoati kolleji o‘quvchilarining kasbga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, intilishlarini qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish maqsadida 10 nafar iqtidorli o‘quvchiga 2023-2024 o‘quv yili uchun “O‘zbekneftgaz” AJ stipendiyasi joriy etildi.
Stipendiya g‘oliblariga maxsus sertifikatlar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Qayd etish joizki, “O‘zbekneftgaz” AJ stipendiyasi O‘zbekiston Respublikasida o‘rnatilgan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1 barobarida belgilangan bo‘lib, o‘quv yili davomida har oyda to‘lab beriladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilda I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahar filiali 9 nafar talabasiga “O‘zbekneftgaz” AJ stipendiyasi tayinlangan edi.