June 27, 2023

“O‘zbekneftgaz”: Avtobenzin ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining tahlili to‘g‘risida RASMIY AXBOROT

Ruscha

2023 yil davomida respublika iste’molchilarini uzluksiz neft mahsulotlari, xususan avtobenzin bilan ta’minlash, narxlarni keskin o‘sishini oldini olish, bozorda talab va taklif muvozanatini saqlash borasida “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan belgilab olingan chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilib kelinmoqda.

2023 yilning may oyida avtobenzin ishlab chiqarish “O‘zbekneftgaz” AJning tasarrufidagi korxonalarida 23,2 ming tonnani tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich, 2022 yil may oyiga nisbatan 51,2 ming tonnaga kam.

Bunga, Buxoro neftni qayta ishlash zavodida 2023 yilning 10 may – 10 iyun davrida rejali ta’mirlash ishlari olib borilganligi sabab bo‘ldi.

Shuni ta’kidlash kerakki, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 2 oktyabridagi 784-son qarori bilan tasdiqlangan “Sanoat xavfsizligini ekspertizadan o‘tkazish va ekspertiza xulosasini berish tartibi to‘g‘risida Nizom” talablariga muvofiq, xavfli ishlab chiqarish ob’yektlarida xizmat muddati 20 yildan oshgan texnologik qurilmalarni sanoat xavfsizligini ekspertizadan o‘tkazish belgilab qo‘yilgan.

Bundan tashqari, litsenziyalar tomonidan amaldagi texnologik qurilmalarda bir yilda 1 marotaba joriy ta’mirlash va 5 yilda bir marotaba mukammal ta’mirlash ishlarini o‘tkazish tavsiya etilgan.

Qonunchilikda belgilangan talablar ijrosini ta’minlash maqsadida zavodning bosim ostida ishlovchi sig‘imlari sanoat xavfsizligi ekspertizasidan to‘liq o‘tkazildi hamda texnologik jarayonlarni avtomatik boshqarish tizimi modernizasiya qilindi.

Ma’lumot uchun: Buxoro neftni qayta ishlash zavodida mukammal ta’mirlash ishlari so‘ngi bor 2018 yilda amalga oshirilgan.

Zavodning ta’mirlash davrida iste’molchilarni avtobenzin bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan respublikaning barcha hududlarida zarur miqdorlarda zaxira yaratildi va uzilishlarsiz yetkazib berilishi ta’minlandi.

Shuni ta’kidlash lozimki, respublika iste’molchilariga neft mahsulotlarini yetkazib berishda uzulishlarning oldini olish hamda ichki bozorda ajiotaj talabni vujudga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, zavod belgilangan muddatdan 10 kun oldin ishga tushirildi va avtobenzin mahsulotini ishlab chiqarish quvvatlari 140 %ga qadar oshirildi.

2023 yilning yanvar-may oylarida “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi korxonalarda jami 659,6 ming tonna suyuq uglevodorod xom ashyolari qayta ishlangan bo‘lib, bu ko‘rsatgich 2022 yilning mos davriga nisbatan 103 %ni tashkil etgan.

Ushbu davrda 410,5 ming tonna avtobenzin mahsuloti ishlab chiqarilgan bo‘lib (shundan yanvar 105,9 ming tonna, fevral 92,6 ming tonna, mart 94,7 ming tonna, aprel 94,1 ming tonna, may 23,2 ming tonna), belgilangan reja 103 %ga bajarilgan yoki 10,6 ming tonnaga ko‘p.

Tahliliy hisob-kitoblardan kelib chiqib, Buxoro neftni qayta ishlash zavodida avtobenzin mahsulotini ishlab chiqarish hajmlarini oshirish imkoniyatlaridan samarali foydalanilmoqda. Buning natijasida bugungi kunda, avtobenzin ishlab chiqarishning kunlik xajmi 2 500 tonnadan 3 000 tonnaga oshirildi.

2023 yilda Buxoro neftni qayta ishlash zavodida mukammal ta’mirlash ishlari o‘tkazilganligiga qaramasdan, joriy yil yakuniga qadar “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan jami 995,8 ming tonna avtobenzin (2022 yil ko‘rsatkichiga nisbatan 100%) ishlab chiqarilishi kutilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati

|web-sayt|instagram|telegram|