Xorazm bo‘ylab asrlar osha o‘tmishga sayohat
Xabaringiz bor, mamlakatimizda ichki turizmni yanada rivojlantirish, aholi, ayniqsa davlat tashkilotlari va idoralarda mehnat qilayotgan xodimlar uchun munosib sharoitlar yaratish maqsadida Prezident farmoni bilan har bayram sanalarida qo‘shimcha dam olish kunlari yo‘lga qo‘yilgan.
Shu munosabat bilan Mustaqillik bayrami kunlarida “O‘zbekneftgaz” AJ Markaziy apparati bir guruh xodimlarining Xiva va Urganchdagi tarixiy obidalar va ziyoratgohlarga borishlari tashkil etildi.
O‘tmishga sayohat shaharning qoq markazida joylashgan Ichan-qal’a va Dishon-qal’aga tashrif bilan boshlandi. Atrofi loy va g‘ishtdan qurilgan baland devorlar bilan o‘ralgan bu qal’alar Markaziy Osiyodagi eng katta me’moriy yodgorlikdir.
Sayyohlar bu yerda saqlanib qolgan Xiva me’morchiligining durdonalari bo‘lgan ko‘plab ko‘hna binolar tarixi haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Qurilishi 9-10-asrga borib taqaluvchi, yuzlab ustunlarga ega Juma masjidining o‘ziga xos dizayn va uslubi ham tomoshabinlarda chuqur taassurot qoldirdi.
Afsonaviy shoir, faylasuf, Xorazm xalq qahramoni Paxlavon Mahmud maqbarasi ham ziyorat qilindi. 14-asrda qurilgan maqbara atrofidagi madrasa asrlar davomida islomiy ma’rifat markazi vazifasini o‘tagan, bu yerda minglab olimlar yetishib chiqqan.
“Nurillaboy” saroyiga tashrif xonlar davri muhitiga sho‘ng‘ish va o‘tmishda hukmdorlar qanday yashaganini bugunning ko‘zi bilan ko‘rish imkonini berdi. Saroy an’anaviy Xorazm me’morchiligining rus va yevropacha uslublar bilan uyg‘unlashtirilganligi bilan o‘zgachadir. U o‘zining me’moriy ko‘rki va tarixiy ahamiyati bilan sayyohlar e’tiborini tortdi.
Saroy mashhur shoir, olim va ma’rifatparvar Muhammad Rahimxon II (Feruz)ning qarorgohi bo‘lib xizmat qilgan.
Ekskursiya davomida tomosha qilingan har bir obida va inshootlar qadimiy Xorazmning o‘ziga xos muhitini yaratadi. Har bir inshoot o‘z tarixidan hikoya qiladi, hududning madaniy merosi va me’moriy ulug‘vorligini aks ettiradi.
Bir so‘z bilan aytganda bu kabi sayohatlar yurtimiz tarixi haqidagi ma’lumotlarimizni yanada boyitishga xizmat qiladi.