January 14

“Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da metan emissiyalarini qisqartirish bo‘yicha yangi rejalar belgilab olindi

Ruscha

Joriy yilning mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” sifatida belgilab olinishi mamlakatda ekologik barqarorlikni ta’minlash uchun muhim qadamlarni tashlashga asosiy e’tiborni qaratmoqda. Xabaringiz bor, “O‘zbekneftgaz” AJ Shveysariyaning “Vema S.A.” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Metan emissiyalarini qisqartirish” loyihasini ilgari surmoqda.

Bugun kompaniya vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda loyiha doirasida erishilgan ijobiy natijalar va kelgusida aloqalarni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ushbu loyiha doirasida Jamiyat tasarrufidagi ishlab chiqarish korxonalarida amalga oshirilgan ishlar natijasida metan emissiyalari 16 million kub metrga kamaytirildi, bu 297 ming tonna SO2 ekvivalentiga tengdir. Ushbu natija mamlakatning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishdagi muhim sa’y-harakatlaridan biri bo‘lib, global miqyosdagi iqlimga doir jadal harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga katta hissa qo‘shadi.

Qayd etish joizki, metan emissiyalarini kamaytirishga bag‘ishlangan COP 26-sammitida “Global Methane Pledge” tashabbusi qabul qilingan bo‘lib, 2022 yilda mamlakatimiz ushbu tashabbusga qo‘shilgan. Bu orqali davlatimiz global iqlim o‘zgarishini kamaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarda faol ishtirok etishni maqsad qilmoqda. Metan emissiyalarini kamaytirish loyihalari kelgusida O‘zbekistonning Parij kelishuviga asosan belgilangan iqlimga oid majburiyatlarini bajarishga ham yordam beradi.

Mazkur loyiha nafaqat iqlimning yaxshilanishiga, balki energiya sarfini tejash va ishlab chiqarishga yangi texnologiyalarni tatbiq etish orqali iqtisodiyotni mustahkamlashga ham olib keladi.

Ma’lumot uchun “Vema S.A.” kompaniyasi bu kabi loyihalarda murakkab texnologiyalar va metodlarni joriy qilish bo‘yicha 25 yildan ortiq tajribaga ega. Uchrashuv yakunida, mazkur loyiha doirasida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan yangi strategik qadamlar ham belgilab olindi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook