“O‘zbekneftgaz”: “SOCAR” kompaniyasi bilan qo‘shma korxona tashkil etishni nazarda tutuvchi ahdlashuv bayonnomasi imzolandi
Avval xabar berilganidek, “O‘zbekneftgaz” AJ delegasiyasi Boku energiya haftaligi doirasida o‘tkazilayotgan ko‘rgazma va konferensiyada ishtirok etmoqda.
Forum doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyati Ozarbayjon Respublikasi “SOCAR” Davlat neft va gaz kompaniyasi prezidenti Rovshan Nadjaf bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar chog‘ida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning bugungi holati, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Xususan, neft va gazni hamkorlikda izlash va qazib olish, turli yo‘nalishlarda faoliyat olib borayotgan xodimlar o‘rtasida doimiy tajriba almashish va malakasini oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
“SOCAR” kompaniyasi mutaxassislarining yuqori tajribasini hisobga olgan holda Ozarbayjon tomoniga “O‘zbekneftgaz” AJning seysmik qidiruv ishlari va burg‘ilash qurilmalarini nazorat qilishda ishtirok etish taklif etildi.
Suhbat chog‘ida savdo operasiyalarini birgalikda tashkil etish to‘g‘risidagi loyihani amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuv yakunida tomonlar savdo bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etishni nazarda tutuvchi ahdlashuv bayonnomasini imzoladilar.
Eslatib o‘tamiz, “Kaspiy neft va gazi – Caspian Oil & Gas 2023” xalqaro ko‘rgazma va konferensiyasi neft-gaz va energetika sohalarida keng ko‘lamli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini beruvchi platforma hisoblanadi.
Ushbu nufuzli tadbirda “O‘zbekneftgaz” AJ uzoq yillik hamkori “SOCAR” kompaniyasining taklifiga binoan o‘z stendi bilan ishtirok etmoqda.