October 3

Rahbar kadrlar liderlik va boshqaruv ko‘nikmalarini oshirishdi 

Ruscha

Mamlakatimizda "O‘zbekiston – 2030" strategiyasini amalga oshirish doirasida nafaqat iqtisodiy islohotlar, balki inson kapitali va rahbarlik salohiyatini oshirish ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu maqsadda, neft-gaz sanoati xodimlari uchun xalqaro miqyosda yetakchi konsalting kompaniyalari bilan hamkorlikda qator treninglar va malaka oshirish seminarlari tashkil etilmoqda.

Poytaxtda “O‘zbekneftgaz” AJ va xalqaro konsalting kompaniyasi - “Ernst & Young” hamkorligida yana bir trening o‘tkazildi. Unda Jamiyat rahbariyati va departament boshliqlari ishtirok etdi.

Mazkur tadbir rahbar kadrlarning boshqaruv va liderlik qobiliyatlarini mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, neft-gaz sohasida raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda muhim rol o‘ynaydi.

Trening davomida ishtirokchilar boshqaruv ko‘nikmalari va qarorlar qabul qilish, vaqtni boshqarish va ustuvorliklarni belgilash, liderlik va jamoani shakllantirish, muloqot samaradorligi va nizolarni hal qilish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha bilim, ko‘nikmalarini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Treningdagi malaka oshirish jarayoni nafaqat nazariy, balki amaliy mashg‘ulotlarni ham o‘z ichiga oldi. Ishtirokchilar vaziyatlarni tahlil qilish, masalalarni yechish strategiyalarini ishlab chiqish kabi amaliy topshiriqlarni bajarish orqali yangi ko‘nikmalarni shakllantirdilar. Shuningdek, zamonaviy sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish orqali mehnat jarayonlarini avtomatlashtirish hamda samaradorlikni oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Ushbu trening ishtirokchilarning kelgusidagi ish samaradorligini oshirishga, ish jarayonidagi yetakchilik qobiliyatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook