January 28

Geologik-texnik tadbirlar va loyihalarni o‘rganish ishlari davom etmoqda

Ruscha

Avval xabar berilganidek, “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan joriy yilda uglevodorodlarni qazib chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash va mavjud muammoli masalalarni joyida hal etishda hududiy korxonalarga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha Ishchi guruh shakllantirilgan.

Ayni paytda Boshqaruv raisi boshchiligidagi Ishchi guruh Qashqadaryo viloyatidagi Muborak hamda Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari konlarida geologik-texnik tadbirlar ijrosi bo‘yicha o‘rganishlar olib bormoqda.

O‘rganish jarayonlarida “Sho‘rtan” konida amalga oshirilgan “E-kon” loyihasi doirasidagi gazni tayyorlash qurilmalari va raqamlashtirish yo‘nalishidagi ishlar, shuningdek, 2025 yilda ishga tushiriladigan 5 ta kichik kompressor stansiyalarining qurilish ishlari muhokama qilindi. Pudratchi tashkilotlar bilan birga qurilish-montaj ishlarini samarali tashkil etish va jadallashtirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berildi.

Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi “Somontepa” konida qurilayotgan kichik kompressor stansiyasi qurilish-montaji va “Kultak”, “Zevarda” konlaridagi kapital ta’mirlash ishlari hamda “Alan” konining terrigen-yura qatlamlari mahsuldorligini o‘rganish bo‘yicha olib borilayotgan burg‘ilash ishlari ham ko‘rib chiqildi. Tegishli departamentlar bilan birgalikda tadbirlarni tezlashtirishga qaratilgan topshiriqlar berildi.

Shuningdek, “Pomuq” va “Zevarda” konlaridagi siquv kompressor stansiyalaridagi gaz haydash agregatlarining barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishildi. Ushbu ob’yektlarda metan sizib chiqishlarini kamaytirish bo‘yicha ESG yo‘nalishida amalga oshirilgan LDAR loyihasidagi natijalar o‘rganildi.

Jamiyatning Qashqadaryo viloyatida joylashgan tashkilotlaridagi o‘rganish ishlari davom etmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

web-sayt | instagram | telegram | youtube | facebook