Qishga tayyorgarlik: asosiy e’tibor — aholi ehtiyoji va barqaror yoqilg‘i ta’minotiga
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov rahbarligida o‘tkazilgan avvalgi yig‘ilishda tabiiy gaz qazib chiqarish ko‘rsatkichlari va geologik-texnik tadbirlar ijrosi sarhisob qilingan bo‘lsa, bugun qayta ishlash va ishlab chiqarish korxonalari kesimida 10 oylik hamda yil yakuni bo‘yicha kutilayotgan natijalar, mavjud masalalar va ustuvor vazifalar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda e’tibor faqat ishlab chiqarish raqamlariga emas, ularning ortida turgan hayotiy ehtiyojlarga qaratildi. Qish uchun yoqilg‘i zaxirasi yetarli bo‘ladimi? Tayyor mahsulot hududlarga o‘z vaqtida yetib boradimi? Zavodlar iste’molchilar talabiga mos qanday yangi mahsulotlarni taklif etadi? Muhokamalarning xalqchil mazmuni aynan shu masalalarda namoyon bo‘ldi. Asosiy vazifa — mahsulotni ishlab chiqarish bilan cheklanmay, uni iste’molchiga o‘z vaqtida yetkazish.
Shu nuqtayi nazardan, Buxoro neftni qayta ishlash zavodida qish mavsumi uchun zarur zaxiralarni tayyorlash, xomashyo ta’minoti va yoqilg‘ini hududlarga yetkazib berish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
To‘rtinchi chorakda zavod uchun 213,4 ming tonna xomashyo importini ta’minlash, 326,5 ming tonna avtobenzin, 186,3 ming tonna dizel yonilg‘isi va 99,4 ming tonna aviakerosin ishlab chiqarish vazifalari belgilandi. Bu hajmlar aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining yoqilg‘iga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash hamda qishki zaxiralarni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.
Ta’minot barqarorligi mahsulotni tashish imkoniyatlariga ham bog‘liq. Shu bois mas’ullarga mahsulot tashishda zarur bo‘ladigan qo‘shimcha vagon-sisternalar xaridi va ijarasini jadallashtirish vazifasi berildi. Birja savdolari orqali sotilgan mahsulotlarni xaridorlarga o‘z vaqtida yuklash va jo‘natishni alohida nazoratga olish topshirildi.
Yig‘ilishda “JTL” zavodida yangi mahsulotlar ishlab chiqarishga tayyorgarlik jarayonlari ham muhokama qilindi. Sintetik moy, LAB va parafin ishlab chiqarish bo‘yicha uchta loyihani amalga oshirishning tashkiliy va texnologik bosqichlarini tezlashtirish topshirildi. Loyihalarni muvofiqlashtirish uchun maxsus guruhni tashkil etish, har bir yo‘nalish bo‘yicha litsenziar tanlash yuzasidan Ilmiy kengash qarorlarini qabul qilish hamda bazaviy loyihalash — FEED bosqichi bo‘yicha shartnomani rasmiylashtirish vazifalari qo‘yildi. Asosiy e’tibor tayyorgarlik ishlarini izchil olib borish va yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish uchun zarur texnologik asosni yaratishga qaratildi.
Boshqaruv raisi tomonidan Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida ham bozor talabiga mos yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish zarurligi qayd etildi. Majmua faoliyat boshlaganiga 25 yil bo‘lgan bo‘lsa-da, polimer mahsulotlari turlarini kengaytirish va yuqori qo‘shilgan qiymatli yangi mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha aniq takliflar kiritilmagani tanqid qilindi. Shu munosabat bilan ichki va tashqi bozor ehtiyojlarini o‘rganish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda talab yuqori bo‘lgan polimer mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan takliflar tayyorlash topshirildi.
Muborak gazni qayta ishlash zavodida energiyadan tejamkor foydalanish, oqova suvlarni tozalash va qayta ishlash, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish hamda raqamlashtirishga qaratilgan loyihalarni tayyorlash vazifalari ham belgilandi.
Yig‘ilish ishtirokchilari zavodlarning mavjud imkoniyatlarini aholi va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlarini ta’minlashga yo‘naltirish masalalarini muhokama qildilar. Qish uchun yetarli zaxira yaratish, yoqilg‘ini hududlarga o‘z vaqtida yetkazish va yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish shu maqsad yo‘lidagi ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Zavodlardagi imkoniyatlarni aholi va iqtisodiyot ehtiyojiga xizmat qildirish - yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan barcha masalalarni shu yagona maqsad birlashtirdi. Qish uchun yetarli zaxira yaratish, yoqilg‘ini hududlarga o‘z vaqtida yetkazish va yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish shu maqsad yo‘lidagi ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.