Har chorak — ochiq hisobot: “O‘zbekneftgaz”da samaradorlikni baholashning yangi tizimi joriy etiladi
Jamiyat tizimida samaradorlikni oshirishga qaratilgan yangi boshqaruv yondashuvlari joriy etilmoqda. Jumladan, barcha yo‘nalishlar va har bir boshqarma, zavodlar kesimida bajarilgan ishlar natijalarini har chorakda tanqidiy-tahliliy sarhisob qilish tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Bu haqda Jamiyat Boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov rahbarligida o‘tkazilgan apparat yig‘ilishida ma’lum qilindi. Unda Qashqadaryo viloyatida joylashgan strategik ahamiyatga ega obyektlar faoliyati tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda ishchi guruh tomonidan o‘rganilgan holatlar asosida qator kamchiliklar aniqlangani qayd etildi. Xususan, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi hamda Muborak gazni qayta ishlash zavodi faoliyatida ishlab chiqarish samaradorligi va boshqaruv intizomi talab darajasida emasligi tanqid qilindi.
Bu kabi holatlar asosan qarorlar ijrosi ustidan nazoratning sustligi, rahbarlar tashabbusining yetarli emasligi, resurslardan samarali foydalanmaslik hamda ichki kommunikatsiyadagi uzilishlar bilan bog‘liqligi qayd etildi.
“UNG Medline”: imkoniyatlardan to‘liq foydalanish vaqti keldi
Yig‘ilishda “UNG Medline” klinikasi faoliyati bo‘yicha ham alohida topshiriqlar berildi. Zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlanganiga qaramasdan, muassasaning iqtisodiy ko‘rsatkichlari pastligi tilga olindi. Qayd etilishicha, klinikada yuqori texnologik jarrohlik xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar turi keng. Biroq boshqaruv va marketing tizimidagi kamchiliklar tufayli bor imkoniyatdan to‘liq foydalanilmayapti.
Natijada, daromadlar pasaygan va bu ish o‘rinlari qisqarishiga sabab bo‘lgan. Shu bois, tashkilotlar bilan korporativ shartnomalar tizimini joriy etish, xodimlarni muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish orqali klinika faoliyatini iqtisodiy sog'lomlashtirish va rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Murojaatlar tahlili: quyi bo‘g‘inda yechim topilmayotgan muammolar
Yig‘ilishda Boshqaruv raisi topshirig‘i bilan tashkil etilgan maxsus chat-botga kelib tushayotgan murojaatlar ham tahlil qilindi. Ta’kidlanishicha, murojaatlar sonining ko‘pligi joylardagi muammolar o‘z vaqtida hal etilmayotganini ko‘rsatmoqda.
Bu esa xodimlar masalalari quyi darajada yechim topmayotgani, samarali muloqot mexanizmlari yo‘qligi, rahbarlar harakatsizligi kabi mavzularni kun tartibiga chiqarmoqda.
Bu borada tizim tashkilotlaridagi kasaba uyushmalari faoliyatini ham qayta ko‘rib chiqish, ishchilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotni jonlantirish va bu orqali xodimlar manfaatlarini joyida himoya qilish mexanizmlarini yangi bosqichga olib chiqish zarurligi qayd etildi.
Korporativ madaniyat: motivatsiyaning muhim omili
Yig‘ilishda joylardagi ma’naviy-ma’rifiy muhitni ham sog‘lomlashtirish, zavod va boshqarmalar, tizim tashkilotlarida bu boradagi ishlarni yanada kuchaytirish masalasi ham e’tibordan chetda qolmadi.
Muloqot yakunida birinchi chorak natijalari bo‘yicha Markaziy apparatdan tortib barcha tizim tashkilotlari, zavod va boshqarmalarda muhim yo'nalishlarda batafsil sarhisob o‘tkazilishi va bu yil yakuniga qadar davom etishi belgilandi.
Eng muhimi, endilikda har bir obyekt kesimida bajarilgan ishlar natijalari har chorakda tahlil qilinib, samaradorlikka aniq baho berib boriladi. Shuningdek, natijalar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazilib, keng jamoatchilikka ma’lum qilinadi.