Ta’lim va ishlab chiqarish klasteri bo‘yicha qilingan ishlar sarhisobi
Prezidentimizning “Neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshirilayotgan ishlar joriy yilda o‘zining yuqori samarasini ko‘rsatdi. Ushbu klaster mamlakatdagi yoshlar ta’limi va ish o‘rinlari bilan bog‘liq masalalarni hal qilishda muhim rol o‘ynaydi.
Joriy yilda neft va gaz sohasida 2 100 nafardan ortiq talaba uchun ishlab chiqarish korxonalarida amaliyot tashkil etildi. Amaliyotga kelganlar uchun transport, yashash va issiq ovqat bilan ta’minlandi. Bu kabi amaliy tajriba, bo‘lg‘usi kadrlarga o‘z sohasidagi bilimlarini chuqurlashtirishga va ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishishga imkoniyat yaratdi.
Klaster doirasida 25 nafardan ortiq iqtidorli talabaga “O‘zbekneftgaz” AJ va “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJning stipendiyalari tayinlandi. Bu stipendiyalar talabalarning ta’lim jarayonini yengillashtirishga yordam berib, nafaqat moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, balki ularga ishlab chiqarish sohasida amaliyot o‘tash imkoniyatini ham yaratdi.
47 nafar xodim oliy ta’lim muassasalariga sirtqi ta’lim shakli asosida o‘qishga tavsiya etildi. Bu, o‘z navbatida, ishlab chiqarish korxonalaridagi mutaxassislarning bilimlarini oshirishga yordam berdi. Shuningdek, 160 nafar professor-o‘qituvchi va ilmiy xodimlarning ishlab chiqarish korxonalarida stajirovkaga jalb etish ularga zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari va texnologiyalarini o‘rganish imkoniyatini berdi.
80 nafardan ortiq o‘quvchi uchun (Gʻuzor tumani 68-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi, Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabi va I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahar filiali akademik liseyi) ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishish maqsadida zavodlarga ekskursiyalar tashkil etildi. Bu tadbirlar talabalarning nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan boyitishga ko‘maklashdi.
Ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va xodimlarning ish jarayonlaridagi talablarga moslashtirish maqsadida 2600 nafardan ortiq ishlab chiqarish korxonalarining xodimlari “UNG training” MCHJ va “O‘zLITIneftgaz” AJda malaka oshirish kurslarida ishtirok etdi.
Shuningdek, 50 nafardan ortiq xodimlar Ta’lim klasteri doirasida ilmiy-tadqiqot ishlariga (tayanch doktorantura, doktorantura va mustaqil izlanuvchi) jalb qilingan. Bu tadbirlar sohaga yangi bilimlarni olib kirish va samarali innovatsiyalarni amaliyotga joriy qilishga yordam berdi.
230 nafardan ortiq bitiruvchi Ta’lim klasteriga kiritilgan korxonalarga ishga qabul qilindi. Bu tadbir nafaqat talabalar uchun, balki ishlab chiqarish korxonalari uchun ham foydali bo‘lib, ishlab chiqarish sohasida malakali kadrlar bilan ta’minlanishga yordam berdi.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan Buxoro neft va gaz sanoati kollejida zamonaviy sun’iy intellekt xonasi tashkil etildi. Bu yangi tashabbus kollej o‘quvchilariga zamonaviy texnologiyalar va sun’iy intellektni o‘rganish imkonini berdi.
Bundan tashqari, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti va Buxoro muhandislik-texnologiya institutida “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” va “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” MCHJ ko‘magida ilg‘or muhandislik maktabi tashkil etildi.
Ta’lim tashkilotlarining neft-gaz sohasiga oid o‘quv reja va fan dasturlari ishlab chiqarish korxonalari va ta’lim tashkilotlarining malakali mutaxassislari tomonidan qayta ko‘rib chiqildi. Talabalarning jahon andozalariga mos kadr qilib tayyorlash maqsadida o‘quv dasturlarida xorijiy tillar, ishlab chiqarish, axborot-kommunikatsiya va loyihalash texnologiyalarining ulushi oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasining neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasterining tashkil etilishi va amalga oshirilgan tadbirlar, shubhasiz, mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega. Ta’lim va ishlab chiqarishni integratsiyalashtirish orqali, nafaqat yuqori malakali kadrlarni shakllantirish va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, balki sohaga yangidan-yangi ilg‘or texnologiyalar joriy qilishda ham katta rol o‘ynaydi.