“O‘zbekneftgaz” delegatsiyasi Xitoy xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etdi
“O‘zbekneftgaz” AJ delegatsiyasi Pekin shahrida o‘tkazilgan nufuzli xalqaro ko‘rgazma — “26-Xalqaro Xitoy neft-gaz va neft-kimyo texnologiyalari hamda uskunalari ko‘rgazmasi”da ishtirok etdi.
Tadbir doirasida dunyodagi yetakchi kompaniyalar tomonidan taqdim etilgan zamonaviy texnologiyalar, uskunalar va innovatsion yechimlar bilan yaqindan tanishildi.
Ochilish marosimida xalqaro ekspertlar tomonidan neft-gaz sohasida raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, energiya samaradorligini oshirish va ekologik barqarorlikni ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Delegatsiya a’zolari qator yirik kompaniyalar, jumladan “Sinopec”, “Honghua”, “COSL”, “Hilong”, “Shenkai”, “DeepBit”, “Anton Oilfield Services” va boshqa korxonalar faoliyati bilan tanishdi.
Xususan, zamonaviy burg‘ilash dastgohlari, avtomatlashtirilgan burg‘ilash va quvur operatsiyalari, intellektual burg‘ilash tizimlari, yuqori bosimga chidamli uskunalar, yuqori texnologiyali burg‘ilash dolotalari va quduq tubi dvigatellari, neftni chuqur qayta ishlash texnologiyalari, jarayonlarni raqamlashtirish va energiya samaradorligini oshirish kabi ilg‘or texnologiyalar o‘rganildi.
Shuningdek, qator kompaniyalar bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilib, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Ko‘rgazmada olingan ma’lumotlar va aloqalar “O‘zbekneftgaz” AJ korxonalarida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.