January 4, 2019

Mijozingizni bilib oling!

M.Norbekovning "Tentakning tajribasi" kitobida yozishicha, har kim yil fasllari va mijoziga qarab ovqatlansa foydadan xoli bo‘lmaydi. Yegan ovqatimiz bizning aqliy va jismoniy rivojlanishimizga, qolaversa emotsional holatimizga ham ta'sir ko'rsatar ekan. Bolalarda ham shunday. odatda bolalarning mijozi xo'l bo'ladi, yoshi kattalashgan sari o'zgarib boradi. Hattoki, oddiygina shamollashlarni ham mijozga qarab davolansa, asoratlarsiz o'tib ketar ekan. Farzandingiz shamollasa: "Darrov yog'ni biroz qizdirib massaj (uqalab) qilib qo'y" - degan gapni eshitgandursiz. Bu bekorga emas. Uqalash muolajalari mijozni mo‘tadil qiladi, shuningdek, organizmda umumiy moddalar almashinishini faollashtirib, ichki a’zolarimiz funksional va hayot faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Tanani tetiklashtiradi, uning kasalliklarga qarshilik qobiliyatini mustahkamlaydi. Immun tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va kayfiyatni ko‘taradi, uyquni yaxshilaydi. Ta’kidlash joizki, uqalash natijasida hujayralar faollashib ularning harorati 1 darajaga oshsa modda almashinishi 13 foizga, kislorod bilan to‘yinishi 20 foizga ko‘payadi. Uqalash muolajasi organizmning muhofaza va boshqaruv vazifalarini tartibga soluvchi va kuchaytiruvchi muhim profilaktik vosita hisoblanadi.

Mijoz har bir insonda tugʻma xususiyatga ega boʻladi. Odamning qobiliyati, faolligi, kuch-gʻayrati va hayot tarzi hamda qay darajada taʼsirchanligi uning mijoziga bogʻliq. Shuningdek, xalq tabobatida odamning yoshiga qarab issiq, sovuq va moʻtadil mijoz farq qiladi. Oʻz navbatida bu ham hoʻl va quruq kabi xususiyatlarni oʻz ichiga oladi.

Tabobat ilmi sultoni Abu Ali ibn Sinoning ta’rif etishicha: “Unsurlarning nihoyatda mayda bo‘laklaridan, qarama-qarshi kayfiyatlarning bir-biriga ta’siridan paydo bo‘ladigan kayfiyatlar mijoz deb ataladi”.

Odam mijozlarini to‘rt xil unsur-suyuqlik, ya’ni safro (olov), balg‘am (suv), qon (havo), savdo (yer) tashkil etadi. Bu unsurlar mutanosib bo‘lsa kishi sog‘lom bo‘ladi. Mabodo ulardan birortasi ko‘payib ketsa, inson sog‘lig‘iga putur yetadi.

Mijozning quyidagi turlari mavjud. Ya’ni, issiq, sovuq, ho‘l va quruq. Agar yuqorida ta’kidlangan to‘rt xil suyuqlik (xilt)lar inson tanasida mutanosib ravishda mavjud bo‘lsa kishi mo‘tadil mijozli bo‘ladi. Bunday odamlar har qanday oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilsalar ham o‘zlarini yaxshi his etadilar. Tabiatdagi to‘rt fasl singari inson umri ham turli bosqichlardan iborat. O‘ttiz yoshgacha odam organizmi o‘sadi. Qirq yoshgacha bo‘lgan davr to‘xtash bosqichidir. Organizmda quvvat bo‘la turib cho‘kish oltmish yoshgacha bo‘lgan davrga to‘g‘ri keladi. Keyingi bosqichda esa odamda quvvatsizlik va cho‘kish boshlanadi.

Dunyoda har bir insonning fe’l-atvori turlicha. Bunga sabab nima? Sababi insonning mijoziga bog‘liq. Ushbu unsurlar o‘z quvvatlari bilan bir-biriga ta’sir qilishi natijasida ma’lum bir kayfiyat vujudga keladi. Ya’ni, flegmatik, sangvinik, xolerik, melanxolik.

Ammo sog‘lom turmush tarziga amal qilgan va oqilona ovqatlanib, kun tartibiga rioya etgan insonlar, shuningdek, sportchilar hamda tog‘li hududlarda yashovchi kishilarda bu jarayon ancha kech boshlanishi mumkin. Bolalarning mijozi ho‘l bo‘ladi. O‘smirlarning mijozi ho‘l-issiq bo‘ladi. O‘ttiz besh yoshgacha bo‘lgan odamlarning mijozi esa mo‘tadil bo‘ladi. O‘rta yoshli kishilar va keksalarda mijoz sovuq va quruq bo‘ladi. Sovuq va o‘ta sovuq mijozli insonlar anjir, qora uzum yoki mayiz, xurmo, shirin anor, yong‘oq, asal, qora choy, qo‘y go‘shti, sholg‘om, no‘xat, qazi-qarta iste’mol qilishlari zarur. Shuningdek, yozda yugurish, sakrash kabi sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishlari darkor. Jazirama issiqda tuproq yoki qumda oyoq yalang yurish, qumga ko‘milib yotish organizmdagi sovuq xiltlarni ter orqali haydab chiqaradi. Issiq mijozli odamlar limon, ko‘k choy, xamir ovqatlarni xush ko‘rishadi.

Аyrim odamlar koʻproq xamirli ovqatlarni yaxshi koʻrib isteʼmol qiladilar. Limon yeb, koʻk choy ichadilar. Shunday boʻlsa ham oʻzlarini yaxshi his qiladilar. Аksincha, mayiz, yongʻoq, qora choy, qoʻy goʻshtini isteʼmol qilsalar oʻzlarini yaxshi his qilmaydilar. Bunday odamlar issiq mijozli boʻlishadi.

Baʼzilar mayiz, yongʻoq, qora choy, qoʻy goʻshtini isteʼmol qilsalar oʻzlarini yaxshi his qilib, xamirli ovqat, limon yeb, koʻk choy ichsalar yuzlari, qovoqlari kerkib, ogʻizlaridan suv kelib uyquga beriluvchan boʻlib qoladilar. Bunday odamlar sovuq mijozli hisoblanadilar.

Har qanday ovqatni yesa-yu oʻzini yaxshi his qilsa oʻrtacha (moʻʼtadil) mijozli odam hisoblanadi.

Xo'sh, siz o'zingizni va farzandingizni mijozini bilasizmi? Buni bilmasangiz, uni 1hafta davomida kuzating. Norbekovning aytishicha, mijozga qarab to'gri tanlab yeyilgan taomdan so'ng, dangasalik yoki yotoqchilash kuzatilmaydi. O'zini tetik his qilib, faol o'ynab yuradi va kayfiyati chog' bo'ladi.