December 24, 2018

FARZANDINGIZ QAYSI KASB EGASI BO‘LADI?

Har bir insonning o‘ziga xos iste’dodi va tafakkur kuchi bor. Farzandingiz hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun uning tabiatan kuchli tomonlarini o‘stirishingiz lozim. Psixolog Govard Gardner buni "ko‘pqirrali intellekt" tushunchasi orqali teran yoritgan.

Lingvistik tipidagi bola

Uning gaplashishga ehtiyoji ko‘p bo‘lib, go‘yo so‘zga mehr qo‘yadi. Ertak eshitishni yaxshi ko‘radi, erta gapiradi.

Bunday bolalar bog‘chada ham hamma bilan tez chiqishib, o‘rtoqlari bilan bemalol suhbat qura oladilar. Chet tillarni yaxshi va oson o‘zlashtiradilar. Ular darsning suhbatlashish tarzida bo‘lishini yoqtiradilar. Maktabda ko‘p kitob o‘qishlari, eshitish qobiliyati kuchliligi va ba’zan ko‘p gapirishlari bilan ajralib turadilar. Lingvist turdagi bolalar quyidagi kasblarni egallashlari mumkin: yozuvchi, stsenarist, dramaturg, jurnalist, siyosatchi, korrektor, tarjimon.

Logik-matematik tipidagi bola

Uning qiziqishi sonlar bilan bog‘liq. Yoshligidanoq kunlarni yodida tutadi, telefon raqamlari, mashina raqamini eslab qoladi. Hisob-kitob qilish ehtiyoji yaqqol namoyon bo‘ladi.

Bunday bolalarda matematik hisob-kitoblarni yoshligidan yaxshi ko‘rish kuzatiladi. So‘zlayotganlarida sonlarni qo‘shib gapirish odatlari bor.

Logik-matematik bola quyidagi kasblarni egallashi mumkin: matematik, buxgalter, programmist, analitik olim, detektiv, logist, xirurg-shifokor.

Fazoviy-tasavvur tipidagi bola

U soatlab o‘yinchoq o‘ynashi bilan ajralib turadi. Krossvord yechish, labirint-o‘yinlarni yaxshi ko‘radi. Uning xayoliy do‘sti va xayoliy dunyosi mavjud. Xayol og‘ushiga berilib, orzular qurshovida kayfiyati chog‘ bo‘ladi. Chizish va bo‘yashni yaxshi ko‘radi. Xilma-xil ranglar jilosida kiyim kiyishni yoqtiradi. Ranglarni yaxshi tanlay oladi. Onasining kiyimidagi ranglar uyg‘unligiga o‘z fikrini bildira oladi.

Bunday bolalar geometriya, rasm, tabiiy fanlarni yaxshi o‘zlashtiradilar. Fazoviy fikrlash qobiliyati kuchli bo‘lgani uchun yo‘llarni, joylarni va u yerdagi muhit detallarini eslab qolish qobiliyati kuchli. Jadvallarni tez o‘qiydilar, yod olishda iqtidorlari baland.

Tasavvurlarida fazoviy kenglikda ijod qilish qobiliyati mavjud. Masalan, uy jihozlarini joyi almashtirilsa, qanday ko‘rinishga kelishini tasavvur qila oladilar. Dunyoni fazoning barcha kengliklarida ko‘ra oladilar.

Fazoviy-tasavvur tipidagi bola quyidagi kasblarni egallashi mumkin: dizayner, arxigekgor, rassom, multiplikator, rejisser, injener, kashfiyotchi, haykaltarosh.

Tana-kinestik tipidagi bola

Bu turdagi bolaning dunyo bilan muloqotga kirishish uslubi tana harakatlari orqali namoyon bo‘ladi. Uning uchun tana harakatlari va raqs orqali so‘zlashish til bilan so‘zlashishdan osonroqdir.

Bunday bolalarning ko‘pi yoshligidan sportga qiziqa boshlaydi. Tanalari baquvvat, kuchli, yaxshi ovqatlanadilar. Ularda mayda motorika nomli harakatlar kuchli rivojlangani uchun qo‘llarida biror narsa yasashni xush ko‘radilar. Jamoat joylarida sahna ko‘rinishlarida ishtirok qilishni yoqtiradilar.

Tana-kinestik turdagi bolalarning iqtidori boshqalarga raqobat tarzida o‘sadi. Ularga mag‘lubiyat yomon ta’sir etgani uchun tez-tez so‘z bilan rag‘batlantirish usuli yaxshi samara beradi.

Tana-kinestik turdagi bolalar quyidagi kasb-hunar egasi bo‘lishlari mumkin: aktyor, raqqosa, sportsmen, sirk artisti, masxaraboz, sport instruktori, xirurg, mexanik haykaltarosh, hunarmand, fotomodel.

Musiqa tipidagi bola

U musiqani yaxshi his qiladi, tovush ohangi va ritmini anglaydi. Musiqa taratadigan barcha narsalarga qiziqadi. O‘smir-chog‘ida qo‘shiq-kuylarni baland eshitadi. Buyuk san’at arboblari hayotiga qiziqadi. Musiqa maktablari, qo‘shiq kuylash to‘garaklariga o‘zi intilib qatnaydi.

Bunday bolalar musiqani baholash qobiliyatiga egalar, uni tez va yaxshi eslab qoladilar. Ularning "Ichimdan taronalar eshitiladi" degan so‘zlaridan hayron bo‘lmang. Biror joyda musiqa eshitsalar, oyoqlarini qimirlatishlari yoki tanalarining ritmga berilishi bilan diqqatingizni o‘ziga jalb etishi mumkin.

Musiqa tipidagi bolalar quyidagi kasb-hunar sohibi bo‘lishlari mumkin: ijrochi musiqachi, bastakor, xonanda, sozanda, pianinochi, changchi, doirachi, karnay-surnaychi, ovoz operatori, musiqa tanqidchisi, radio boshlovchi, musiqiy muharrir.

Tabiat oshnosi tipidagi bola

U barcha tirik jonzotlarni sevadi. Murg‘akligidan tabiat o‘zgarishlariga oshufta, o‘sayotgan don-dunlarga mahliyo, chuvalchang, tipratikan, toshbaqa, chumoli, beshiktebratar kabi jonzotlarni soatlab kuzatishga ishqiboz, to‘ti, sa’va, kanareyka, kabutar, baliq kabi jonivorlarni boqishga shinavanda, gullar oshigi bo‘lib o‘sadi.

Bunday bolalar hayvonlarni silashdan qo‘rqmaydilar. Mushuq, kuchuk, tovuq, kaptar kabi jonzotlarni boqishga qiziqadilar. Ularga shafqat ko‘zi bilan boqib, mehr bilan parvarishlaydilar. Biologiya, ximiya va boshqa tabiiy fanlarni sevib o‘qiydilar.

Tabiat oshnolari egallashi mumkin bo‘lgan kasblar: ekolog, veterinar, geolog, seysmolog, arxeolog, o‘rmonchi, fermer.

Ekzistentsional tipidagi bola

U yoshligidanoq anglash qobiliyati borligi bilan ajralib turadi. Mantiqiy xulosa chiqarishi, fikrlarining tiniqligi bilan diqqat va hurmatga sazovor bo‘ladi.

Bunday bolalarni ko‘rsangiz xuddi katta odamni kichkina qilib qo‘ygandek: vazmin, hissiyotini tashqariga chiqaravermaydigan va biroz uyatchan bo‘lsalar ham, dunyoning qanday paydo bo‘lgani bilan qiziqadilar. Olam rivojlanishi va millatlarning taqdiri haqida gapirsalar, kattalarni ham esankiratib qo‘yishlari mumkin. Falsafiy bilimlar va ma’naviy boyliklar ular qiziqadigan sohadir. Qadriyat bilan bogliq ilmlarni sevib o‘qiydilar. Boshqa bolalardan uzoqni ko‘ra olishlari va uzoq muddatli reja tuza olishlari bilan farqlanadilar.

Bu turdagi bolalar quyidagi kasb hunarni tanlashlari maqsadga muvofiq: psixolog, pisixiatr, professor, filosof, agitator, ilohiyotshunos, dinshunos, sotsiolog.

Shaxslararo munosabat tipidagi bola

Tashqi olam va insonlar bilan munosabat qilishning osongina uddasidan chiqadigan bola hammaning diqqatini o‘ziga jalb qila oladi. U barchaga sqnsh nqtndoriga )ga. Insonlarga yoqishi bilan birga ularga ta'sir o’tkazishni ham biladi. Bolaligidan kirishuvchan, boshqalarni tushuna oladigan, kayfiyatini boshqalarga yuqtirishni biladigan, jamoada diqqatni tez jalb eta oladigan bo‘ladilar. Ular insonlarga kayfiyat ulashadilar, xazil mutoyibani o‘rinlatadilar.

Bunday bolalarda boshqalarni tushunish qobilyati kuchli bo‘lib, ular odamlarga beg‘araz yordam beradilar. Ulardan kelajakda siyosiy arbob, o‘qituvchi, notiq, diplomat, menejer, direktor, biznes-trener kabi soha vakillari yetishib chiqadi.

Farzandingizdagi iqtidorni ko‘rib, uni hayot jabhasiga tayyor deb o‘ylamang. Masalan, shunday sportchilar borki, ular o‘z sohalarida katta muvaffaqiyatlarga erishganlar, ammo hayotlarining boshqa jabhalarida ko‘p xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yishgan.

Farzandingizning qobiliyatiga ishonib qolib, unga to‘liq erkinlik berishingiz xatodir. Balki, berilgan erkinlikni baholab, kuzatib borish kerak. Buning uchun farzandingizning do‘stlari bilan qiziqing. Uning o‘rtoqlari bolangizning kimligini aytib beradilar. Dilbaтdingizning hamrohlari va qiziqishlarini kuzatishdan charchamang.