January 6, 2019

Grippni oldini olish chora-tadbirlari...

Gripp — keng tarkalgan yuqimli o’tkir respirator kasallik bo’lib, uning virusi bemor odamdan yo’talganda, havo tomchi yo’llari orqali sog’lom odamga tez yuqadi. Gripp kasalligi yilning har qanday faslida ham uchrashi mumkin, ammo kasallik ko’proq yilning sovuq-salqin fasllarida keng tarqaladi. Bunday mavsumiylikning sabablaridan biri, sovuq faslda odamlar o’z vaqtlarini ko’pincha yopiq xonalarda, binolar ichida o’tkazishlari, binolarda xavo almashinuvining yomonlashuvudir.

Gripp har qanday yoshdagi odamlarga, ayniqsa, yosh bolalarga tez yuqadi. Viruslar havoda 3 soatgacha saklanib turishi mumkin. Gripp virusi yuqori nafas yo’llari orqali odam organizmiga tushadi va ko’paya boshlaydi. Bu davr kasallikning yashirin davri deyiladi. U bir necha soatdan 3 kungacha davom etadi.

Kasalik belgilari:

Gripp odamning yoshi va organizmning chidamliligiga qarab turlicha kechadi. Bolalarda hamda keksalarda kasallik og’irroq o’tadi. Kasallik to’satdan boshlanib, kasallik yuqqandan so’ng bir necha soat yoki 1-2 kun o’tgach boshlanadi. Tana harorati 38,5-39,5 gradusgacha ko’tariladi. Uning belgilari shiddat bilan rivojlana boshlaydi. Bemor o’zini lohas sezadi boshi og’riydi, burun, tomoq quruqlashib achishadi, ko’zlardan yosh oqadi, mushaklarda og’riq paydo bo’ladi, holsizlanadi, tez-tez aksiradi, yo’tal, tumov paydo bo’ladi. Kasallikning yengil, yashirin turlari ham mavjud bo’lib, bunda bemor kasallikni oyoqda o’tkazadi. Bu esa kasallikni atrofdagilarga yuqtirish imkoniyatini oshiradi.

Kasallikning 2-kunida yo’tal paydo bo’lib, kuchayib va ko’payib boradi. Burun oqadi va bitishi kuzatiladi. Tomoq qizaradi. Gripp kasalligi ayniqsa yosh bolalarga tez yuqadi va og’ir asoratlar bilan o’tadi. Agar gripp o’z vaqtida davolanmasa, bronxit (bronxlarning yallig’lanishi),o’tkir pnevmoniya, surunkali pnevmoniya yoki bronxitning zo’riqishi hamda sinusit (peshona bo’shliqlarining yallig’lanishi), otit (quloqning yallig’lanishi), tonzillit, angina kabi og’ir asoratlarga olib keladi. Kasallik belgilari paydo bo’lishi bilanoq darxol shifokorga murojaat qilish kerak.

Bemor ko’proq suyuqlik (malina, qorag’at qiyomi, limon choydan) ichishi lozim. Grippni davolash kompleks muolajalarni talab qiladi, lekin gripp bilan kurashishda va organizmning tiklanishida immun tizim katta rol o’ynaydi va shuning uchun immunitetni rag’batlantirish chora-tadbirlarini qabul qilish zarur. To’liq dam olish, ko’p suyuqlik ichish (detoksifikatsiya qilish uchun) tavsiya etiladi. Ayni paytda samarali antivirus dorilar grippning davomiyligini, isitma va boshqa alomatlarini sezilarli darajada kamaytiradi.

Boshqa qo’llanadigan dori vositalariga:

  • Simptomatik davolovchi preparatlar (isitmani tushiruvchi, balg’am ko’chiruvchi);
  • Immunostimulyatorlar — bunday xususiyatlar ayniqsa vitamin C da ko’p;
  • Interferon;
  • Kasallikning turli bosqichlarida virusga qarshi preparatlar;
  • Antigistaminlar.

Antibiotiklar faqat ikkilamchi bakterial kasalliklar mavjud bo’lgandagina buyuriladi, ular viruslarga qarshi umuman samara bermaydi, lekin ko’pincha xalq orasida shamollash yoki gripp almatlari kuzatilganda shifokor ko’rsatmasisiz antibiotiklarni qabul qilish keng tarqalgan. Antibiotiklarni viruslarga qarshi qabul qilish nafaqat samara bermaydi, balki bakteriyalarning antibiotiklarga qarshiligini oshiradi.

Grippning oldini olishning uchun eng samarali yo’li bu — o’z immun tizimini butun yil davomida yaxshi holatda saqlash hisoblanadi. Immunitetni mustahkamlashning turli yo’llari bor, ya'ni tanani chiniqtirish, faol hayot tarzi, hamda to’g’ri va muvozanatli oziqlanishni o’z ichiga oladi.