ilmiy
May 13

ZAMONAVIY PSIXOLOGIYADA SAMARASIZ DEB TOPILGAN MAShHUR METOD VA AMALIYOTLAR

Konversion terapiya — baʼzida reparativ terapiya deb ham ataladi, ushbu terapiya geteroseksual boʻlmagan (gomoseksual) odamning jinsiy orientatsiyasini oʻzgartirishga intiladi. Aslida ushbu amaliyot, ilk joriy qilingan vaqtlarda samarali ekanligiga ishonilgan. Lekin hozirgi kunda ushbu terapiyaga, ilmiy asos va ijobiy natijaga ega boʻlmagan nazariya sifatida qaraladi.

Kodlash — bu giyohvandlikni davolashda qoʻllaniladigan turli muqobil terapevtik usullar majmui boʻlib, unda terapevt bemorlarni gipnoz orqali, narkotik moddalardan voz kechishiga harakat qiladi va narkotik moddalarni qayta isteʼmol qilsa, zarar yetkazishi yoki oʻldirishiga ishontiradi. Ushbu usul psixologik tamoyillarga zid boʻlganligi bois, hozirda amaliyotda qoʻllash mumkin emas. Sababi, KODLASH terapiyasidan keyin, aksariyat bemorlarda oʻz tanasida (lomka, qumsash) nomaʼlum ogʻriq sabab suitsid holatlari kuzatilgan.

Gipnoz seansi

Feldenkrais usuli — 20-asr oʻrtalarida isroillik Moshe Feldenkrais (1904-1984) tomonidan ishlab chiqilgan jismoniy mashqlar terapiyasining bir turi. Ushbu usul miya va tana oʻrtasidagi aloqalarni qayta tashkil etish hamda tana harakati orqali psixologik holatni yaxshilash uchun daʼvo qiladi. Hozirda Feldenkrais usuli psixologik sogʻlik uchun aniq foyda keltirishi haqida hech qanday ilmiy dalil mavjud emas.

Feldenkrais usuli asosidagi mashg'ulot

Grafologiya — bu individual psixologik xususiyatlar, qoʻl yozuvi morfologiyasiga ongsiz va doimiy ravishda taʼsir qiladi, degan ishonchga asoslangan psixologik usul. Qoʻl yozuvi atributlarini tahlil qilish shaxsiyat haqida ishonchli dalil berishi mantiqan olib qaralganda imkonsizdir. Sababi barmoq motorikasi juda oʻzgaruvchan boʻlib, insonning oddiy koʻtarinki kayfiyati, yoki shoshib turganligi qoʻl yozuvlariga bevosita taʼsir qiladi.

Neyro-lingvistik dasturlash yoki NLP — 1970-yillarda yaratilgan ushbu amaliyot, muloqot, shaxsiy rivojlanish va psixoterapiyaga yangicha yondashuvni olib kirmoqchi boʻldi. Uning koʻpchilikni qiziqtirgan tomoni, odamlarni boshqarishdagi samarali uslub sifatida tanilganida edi. Hozirda NLP, eskirgan va taʼsirsiz amaliyot hamda metodlar roʻyxatidan joy olgan.

Parapsixologiya — bu psixik qobiliyatlarning mavjudligi isbotlashga va sabablarini ilmiy usul yordamida aniqlashga qaratilgan yoʻnalish. Parapsixologiya psixik holatlarga taalluqli tasavvurlar va farazlarni oʻzida aks ettiradi, lekin ularning talqini chuqur ilmiylikka ega emas.

Gʻayritabiiy ravishda u yoki bu holat va hodisalar idrok qilinishi taxmin etiladi, biroq inson tomonidan bunday axborotlarni hissiy aʼzolar orqali qabul qilinishi fanda tasdiqlanmagan.

Psixoanaliz avstriyalik shifokor Zigmund Freyd va uning izdoshlari tomonidan ishlab chiqilgan, insonning psixologik faoliyati va xatti-harakatlarini oʻrganishga bagʻishlangan gʻoyalar toʻplami. Psixoanaliz psixiatriyaga kuchli taʼsir koʻrsatsa-da, paydo boʻlganidan beri keskin munozarali boʻlib kelgan. Psixoanalizga shubhalarning ortishiga sabab, ushbu taʼlimot qoʻllab-quvvatlovchi koʻplab gʻoyalarning replikatsiya inqiroziga bardoshsizligidir.

Psixoanaliz asoschisi Z.Freyd

Subliminal reklama yoki 25-kadr inson ongiga psixologik taʼsir etish uchun oʻylab topilgan metod boʻlib, uning mohiyati reklama orasiga yashirin joylashtirilgan qoʻshimcha kadrlarni koʻrsatishdan iborat. Afsuski ushbu metod ham hozirda samarasiz deb topilgan. Sababi ushbu metodning taʼsir darajasi odamlarning barqaror emotsional holati bilan bogʻliqdir. Odamning normal kayfiyatdagi holatida ham 25-kadr umuman taʼsir qilmasligi koʻp bora isbotini topgan.

"Burber King"dan qo'pol subliminal reklama

Fiziognomiya yoki yuzni oʻqish — bu odamning tashqi koʻrinishiga qarab, feʼl-atvorini yoki shaxsiyatini baholash amaliyotidir. Amaliyot sifatida fiziognomiya qoʻllab-quvvatlanmaydigan daʼvolari tufayli akademik doiralar orasida ilmiy metod sifatida tan olinmaydi. Chunki individual psixologik hususiyatlar inson tashqi qiyofasi yoki yuzida aks etishi mantiqsizlikdir

Burunlarga qarab xarakterni aniqllash uchun rasm
Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan baʼzi bir metodlarni samarasiz ekanligiga ishonmasligingiz mumkin. Tanlov oʻzingizga. Lekin ushbu metod va amaliyotlarni koʻp bora tekshiruvdan oʻtkazilgan holatda yuqoridagi kabi xulosaga kelingan.

Rivojlanishda davom etamiz!

®️ Psixologiya

Bizni ushbu kanal @Psixodiagnostika orqali kuzatib boring...