Bitiruv malakaviy ishni tayyorlash va baholash tartibi toʻgʻrisida NIZOM

Mazkur nizom 2017-yil 28-apreldagi “Toshkent davlat yuridik universitetida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–2932-son qarori hamda Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 1963, 2009-yil 5-iyun) muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, Toshkent davlat yuridik universitetida (bundan buyon matnda universitet deb yuritiladi) bitiruv malakaviy ishni (bundan buyon matnda BMI deb yuritiladi) tayyorlash va baholash tartibini belgilaydi.

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Asosiy tushunchalar:

bitiruv malakaviy ishi (BMI) – universitet talabasini muayyan bir huquq sohasidagi ilmiy-amaliy muammoni mustaqil ravishda yozma shaklda konseptual va amaliy jihatdan tadqiq qilish koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan oʻquv jarayonining yakuniy bosqichi;

asosnoma – 300 soʻzdan iborat boʻlgan BMI mavzusining dolzarbligini oʻzida aks ettiruvchi, tadqiqot qilinishi rejalashtirilayotgan muammo yuzasidan ilmiy maqolalarga asoslanib yozilgan dastlabki ish;

tadqiqot loyihasi – 1500-2000 soʻzdan kam boʻlmagan BMI mavzusi doirasidagi muammoni aniqlash, uni yuridik jihatdan asoslantirish uchun milliy va xorijiy ilmiy maqolalar hamda normativ-huquqiy hujjatlardan foydalangan holda yozilgan tadqiqot ishi loyihasi;

taqriz – BMI mantiqiy izchillikda yoritilganligi, maqsad va vazifalarni toʻgʻri qoʻyilganligi, ilmiy maqolalar tahlil qilinganligi, tanqidiy fikrlash koʻnikmasini namoyon qilinganligi va ishlab chiqilgan tavsiyalarni sifat darajasi boʻyicha berilgan yozma fikrnoma;

taqrizchi – BMI yuzasidan yozma fikrnoma beruvchi pedagog xodim;

BMI rahbari – talabaga BMI yuzasidan konstruktiv yoʻnalishlar beruvchi shaxs.

2. BMIni tayyorlash va baholashning maqsadi – talabalarda tahliliy fikrlash, yangi bilimlarni mustaqil ravishda egallash va ulardan foydalanish koʻnikmasini shakllantirilganlik darajasini namoyishi.

3. BMIni tayyorlash va baholashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

talabalarda tahliliy fikrlash, yangi bilimlarni mustaqil ravishda egallash va ulardan foydalanish koʻnikmasini shakllanganligini baholash;

talabalarni mustaqil ilmiy tadqiqot bilan shugʻullanish koʻnikmalarini rivojlantirish va metodik jihatdan tayyorlash;

ilmiy tadqiqot mavzusi doirasida muammolarni aniqlash va tegishli ilmiy maqolalar, statistik maʼlumotlar, sud qarorlari, hujjatlar namunalari bilan tizimli ishlash koʻnikmalarini rivojlantirish;

ilmiy tadqiqot maqsadini amalga oshirish uchun belgilangan uslublarni toʻgʻri tatbiq etish;

talabalarda ilmiy tadqiqot yuzasidan gipotezalarni shakllantirish, dalillarni keltirish va ularni ilmiy-amaliy jihatdan asoslantirish koʻnikmalarini shakllantirish;

ilmiy tadqiqot doirasida munozaraga kirishish va tanqidiy fikrlarni ishlab chiqish;

talabalarni ilmiy tadqiqot doirasida normativ-huquqiy hujjatlar, ilmiy-amaliy maqolalar, xorijiy va mahalliy yuridik adabiyotlarga toʻgʻri havola (snoska)lar berish koʻnikmalarini rivojlantirish;

ilmiy tadqiqot ishi va uning xulosalarini mantiqan va yuridik-lingvistik nuqtai nazardan toʻgʻri rasmiylashtirish koʻnikmalarini rivojlantirish.

2-bob. Bitiruv malakaviy ishni tayyorlashni tashkil qilish

4. BMIning mazmuni va belgilangan muddatlarda tayyorlanishiga, shuningdek BMI rahbari bilan kelishilgan muddatlarda undan konstruktiv yoʻnalishlar olishga talaba shaxsan masʼul hisoblanadi.

5. Talabalarga BMI tayyorlash boʻyicha fakultativ kurs mashgʻulotlari tegishli mutaxassislik kafedralar tomonidan olib boriladi.

6. Tanlangan BMI mavzusi va uning asosnomasi 20-oktyabrga qadar shaxsan talaba tomonidan tegishli kafedraga topshiriladi.

Kafedralar 20-noyabrga qadar talabalardan kelib tushgan asosnomalarni ekspertizadan oʻtkazadi. Ekspertiza natijalariga koʻra kafedra bayoni bilan talabalarga BMI rahbarlari belgilanadi va mazkur bayondan koʻchirma 4-kurs dekanatiga taqdim etiladi.

4-kurs dekanati taqdim etilgan kafedra bayoni asosida 1-dekabrga qadar rektor buyrugʻi loyihasini tayyorlaydi.

7. Talaba tomonidan 1 fevralga qadar 1500-2000 soʻzdan kam boʻlmagan tadqiqot loyihasi Oʻquv-uslubiy boshqarmaga taqdim etiladi.

Tadqiqot loyihasi quyidagi qismlarni oʻz ichiga oladi:

kirish;

qoʻyilgan muammo(lar);

tadqiqot uchun tanlangan uslub(lar);

ilmiy maqolalar sharhi;

dastlabki xulosalar.

Kelib tushgan tadqiqot loyihalari Oʻquv-uslubiy boshqarmada saqlanadi va belgilangan tartibda baholash uchun yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyasiga taqdim etiladi.

8. Talabalar BMI mavzusidan kelib chiqqan holda diplom oldi amaliyotiga yuboriladi. Amaliyot davomida talaba tadqiqot ishiga oid maʼlumotlar (statistik maʼlumotlar, protsessual hujjatlar, lokal hujjatlardan namunalar, sotsiologik intervyu natijalari va h.k.)ni toʻplaydi.

3-bob. Bitiruv malakaviy ishiga qoʻyiladigan talablar

9. BMIni rasmiylashtirish va uni himoya qilish talabaning xohishiga koʻra oʻzbek, rus va chet (ingliz, nemis, fransuz) tillaridan birida amalga oshiriladi.

10. BMI quyidagi talablarga javob berishi lozim:

tadqiqot mavzusi dolzarb, maqsadi va vazifalari aniq;

tadqiqot obyekti, predmeti, uslub(lar)i va gipotezalari toʻliq;

foydalanilgan ilmiy-amaliy maqolalar, normativ-huquqiy hujjatlar, statistik maʼlumotlar, sud qarorlari va xorijiy tillardagi adabiyotlar tahlili toʻliq, shuningdek ularda bildirilgan fikrlar yuzasidan talabaning tanqidiy yondashuvi mavjud;

diplom oldi amaliyot davomida toʻplangan materiallar (statistik maʼlumotlar, protsessual hujjatlar, lokal hujjatlardan namunalar, sotsiologik intervyu natijalari va h.k.) aks etgan;

xulosada ilgari surilgan tavsiyalarni BMIning asosiy qismi bilan uzviy bogʻliq va unda ifodalangan.

11. BMI quyidagi quyidagi qismlarni oʻz ichiga oladi:

kirish (dolzarblik va asoslanganlik);

adabiyotlar tahlili;

tadqiqot muammosini aniqlash, uni asoslash va taklif hamda tavsiyalar;

adabiyotlar roʻyxati;

ilova (lar).

12. BMIning umumiy hajmi 10000-12000 soʻz atrofida boʻlishi lozim. Foydalanilgan adabiyotlar va ilovalar BMIning umumiy hajmiga kirmaydi.

BMI talaba tomonidan kompyuterda Microsoft Word dasturini qoʻllagan holda, “Times New Roman” 14 shriftda, 1,5 qatorlararo intervalda tayyorlanishi va A4 formatdagi oq qogʻozda printerdan chiqarilgan boʻlishi kerak.

Sahifa oʻlchami: sahifa moʻljali kitob shaklida, yuqori va pastki maydoni — 2 sm, oʻng taraf — 1,5 sm, chap taraf — 3 sm ni tashkil etishi kerak.

BMI titul varagʻi mazkur nizomning 1-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq rasmiylashtiriladi.

13. BMI talaba tomonidan mustaqil ravishda tayyorlanishi shart. Mualliflikni oʻzlashtirish (plagiat)ga yoʻl qoʻyilmaydi. BMIda qogʻoz yoki elektron koʻrinishda nashr qilingan oʻzga matndan olingan manbaga hech qanday havola qilmagan holda ishlatish yoki olingan manbaga havola qilingan boʻlsada, lekin oʻzlashtirishlarning hajmi va xarakteri talabaning ishi yoki uning asosiy qismini mustaqil yozilganligiga shubha uygʻotadigan darajada oʻzlashtirilgan boʻlsa plagiat deb topiladi. Bunday vaziyatda talabaning bitiruv malakaviy ishi 0 ball bilan baholanadi.

4-bob. Bitiruv malakaviy ish himoyasini tashkil qilish va oʻtkazish tartibi

14. BMI himoyasini oʻtkazish boʻyicha yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyalari tarkibi universitet rektori buyrugʻi bilan tasdiqlanadi. BMI himoyasi oʻquv ishlar boʻyicha prorektor tomonidan tasdiqlangan jadval asosida oʻtkaziladi.

15. BMI himoyasi yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyaning ochiq majlislarida oʻtkaziladi hamda komissiya aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.

16. BMI talaba tomonidan 1 nusxada tayyorlanadi hamda elektron nusxasi (CD diskda), BMI rahbarining xulosasi (2-ilova), taqriz (3-ilova) bilan birgalikda himoyadan 7 kun avval Oʻquv-uslubiy boshqarmaga taqdim etiladi.

17. BMI himoyasi ogʻzaki usulda oʻtkaziladi. Himoya oʻzbek, rus va chet (ingliz, nemis, fransuz) tillaridan birida oʻtkaziladi. Shuningdek, himoya jarayoni audio-, foto- va video-yozuv qurilmalari orqali qayd etilishi mumkin.

18. Talabaga BMIni himoya qilish uchun 10-15 daqiqa vaqt beriladi. Talaba BMI boʻyicha Microsoft Power Point dasturida tayyorlangan taqdimot namoyish etishi shart.

Tayyorlangan taqdimot oq rangli fonda boʻlishi lozim. Talaba taqdimotni mavzuga tegishli rasmlar, grafiklar va sxemalardan foydalangan holda tayyorlaydi hamda uning har bir sahifasi koʻpi bilan 8 soʻzdan iborat jami 6 qatordan oshmasligi kerak.

19. Yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyasi BMIga qoʻyilgan talablarga rioya qilinganligini aniqlash va baholashda mazkur nizomning 3-bob qoidalariga amal qiladi.

20. BMI himoyasi yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyasi tomonidan 100 ballik tizim asosida butun sonlar bilan baholanadi. Umumiy 100 ball quyidagicha taqsimlanadi:

30 ballgacha — tadqiqot loyihasi uchun;

60 ballgacha — BMI va uning mazmuni uchun;

10 ballgacha — BMIni ogʻzaki himoyasi uchun.

BMI himoyasi boʻyicha toʻplangan ball belgilangan umumiy ballning

55 foizidan ortiq boʻlganda talaba “qoniqarli” baholangan deb hisoblanadi.

21. BMI himoyasida har bir talaba boʻyicha yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyasi tomonidan yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyasi majlis bayoni toʻldiriladi. Majlis bayoni yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyasining har bir aʼzosi tomonidan imzoladi va Oʻquv-uslubiy boshqarmaga taqdim etiladi.

22. Yakuniy davlat attestatsiya komissiyasi majlisining bayoni belgilangan tartibda rasmiylashtirilgandan soʻng, shu kunning oʻzida BMI himoyasining natijalari eʼlon qilinadi.

23. “Qoniqarsiz” baho qoʻyilganda talaba keyingi 3 yil davomida uni qayta himoya qilish huquqiga ega.

6-bob. Bitiruv malakaviy ish himoyasi natijalarini apellatsiya tartibida koʻrib chiqish

24. Talaba BMI himoyasi natijalaridan norozi boʻlgan taqdirda, BMI boʻyicha ballari eʼlon qilingandan soʻng uch kunlik muddatda rektor nomiga apellatsiya shikoyatini berishi mumkin. Mazkur holatda oʻquv ishlari boʻyicha prorektor bildirgisiga asosan rektor buyrugʻi bilan apellatsiya komissiyasi tuziladi.

Apellatsiya komissiyasi aʼzolarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi. Apellatsiya komissiyasining qarori oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi va majlisda ishtirok etgan barcha aʼzolar tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.

25. Apellatsiya komissiyasi dastlabki himoya va rasmiy himoyada BMI va u boʻyicha talabaning bergan javoblarini video tasmalarni qayta koʻrish orqali qayta tekshiruvdan oʻtkazadi va shu kunning oʻzida xulosasini eʼlon qiladi. Apellatsiya komissiyasi tomonidan bitiruv malakaviy ishini qayta baholashga qaratilgan savollar berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Talabaning arizasini koʻrib chiqish natijasi boʻyicha apellatsiya komissiyasi quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:

qoʻyilgan ballarni oʻzgarishsiz qoldiradi;

qoʻyilgan ballarni oʻzgartiradi.

Talabaning apellatsiya shikoyatini koʻrishda uning ilgari olgan reyting ballini pasaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

7-bob. Yakuniy qoidalar

26. Himoya qilingan BMI 3 yil davomida saqlanadi.

27. Mazkur nizomda belgilangan qoidalarning qoʻllanilishi boʻyicha nizolar qonun hujjatlariga muvofiq hal qilinadi.

May 3, 2019
by Shohrux
0
51

Huquq savollari

1.                 Buyuk Britaniya va AQShda huquqni o'rganish haqida nimalarni bilasiz?

2.                 Qanaqa huquq sohalari sizni qiziqtirmoqda? Nima uchun?

3.                 Nima uchun odamlar prezentatsiya (taqdimot) qiladilar?

4.                 Taqdimotni samarali qilish uchun eng muhim narsalar nimadan iborat?

5.                 Prezentatsiyalarda keng tarqalgan asosiy qismlar nima?

6.                 Yuridik klinikaning asosiy vazifalari nimadan iborat?

7.                 Qanday turdagi huquqshunoslik firmalarini bilasiz? Nima deb o'ylaysiz qaysi turdagi huquqshunoslik kompaniyasida ishlashni xohlaysiz? Nima uchun?

8.                 "Shartnoma huquqi" nima?

9.                 Shartnomada taraflar kimlar bo'lishi mumkin?

10.           Nega taraflarning nomlari katta harfga ega garchi shartnomada ishlatilsa-da?

11.           Muzokaralar qanday? Siz qanday muzokaralarni bilasiz?

12.           Muvaffaqiyatli muzokaralarga erishish uchun qanday bosqichlar muhim?

13.           Biznes tuzilmasida "hissadorlik" nima?

14.           Biznes tuzilmasida "yakka tadbirkorlik" nima?

15.           Shartnomani buzganlik natijasida qanday choralar ko'riladi?

16.           Shartnomaning umumiy qismlari nimadan iborat?

17.           "Chora"(remedy) so'zini eshitganingizda hayolingizga nima keladi ?

18.           Shartnomani tuzish uchun asosiy talablar qanday?

19.           Qanday holatlar shartnoma bekor qilinishiga olib kelishi mumkin? Bir qancha misollar keltiring.

20.           Nima deb o'ylaysiz, shartnomada kafilning ahamiyati qanday?

21.           Rasmiy va norasmiy xatlar o'rtasidagi farq nima?

22.           Rasmiy xat rejasi qanday?

23.           Tort (zarar, delikt) huquqining asosiy obyektlari nima?

24.           Qanday zarar turlaridan ziyon yetkazilganda kompensatsiya bilan qoplanishi mumkin?

25.           Qanday xatti-harakatlar "huquqbuzarlik"(trespass) hisoblanadi? Misollar keltiring.

26.           Qanday harakatlar "beparvolik" hisoblanadi? Misollar keltiring.

27.           Qanday harakatlar "bosqinchilik" hisoblanadi? Misollar keltiring.

28.           "Sud hujjati" nima? O‘ziga xos sud hujjati nimalarni qamrab oladi?

29.           Yurist mijoz bilan suhbat samarasi uchun dastlab o‘zini qanday tutishi lozim?

30.           "WASP" qisqartmasi nimani anglatadi?

31.           "Tuhmat" atamasining ma'nosi nima?

32.           Jinoyat huquqi nima? Tushuntiring.

33.           Og‘ir jinoyat va ijtimoiy xavfli qilmish o'rtasidagi farq nima?

34.           Jinoyat va tort (delikt, huquqbuzarlik) o'rtasidagi farq nima?

35.           Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish jinoyat nima? Tushuntiring.

36.           Qanday jazolarni bilasiz? Bir qancha misollar keltiring.

37.           Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish jinoyati qanchalik jiddiy deb o'ylaysiz? Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish jinoyatining jamiyatga eng muhim ta'siri qanday deb o'ylaysiz?

38.           Tadbirkorlik jinoyatlari boshqa jinoyatlar sodir etgan shaxslar kabi jazolanishi kerakmi?

39.           Shaxsiy ma’lumotlar o'g'irligini qanday ta’riflaysiz? Misollar keltiring .

40.           Shaxsiy ma’lumotlar o'g'irligiga qanday misollar keltira olasiz?

41.           Nega shaxsiy ma’lumotlar o'g'irligi qurboni ushbu qilmish sodir bo‘lganini anglamasligi mumkin?

42.           Korporativ huquqni qanday ta’riflaysiz?

43.           Qanday turdagi tijorat tashkilotlari sizga tanish?

44.           Yakka tadbirkorlikni qanday ta’riflaysiz? Misollar keltiring.

45.           Hissadorlikni qanday ta’riflaysiz? Misollar keltiring.

46.           Korporatsiyani qanday ta’riflaysiz? Misollar keltiring.

47.           Korporatsiyalarning yakka tadbirkorlikga nisbatan afzalliklari va kamchiliklari qanday?

48.           Yakka tadbirkorlikni Hissadorlik bilan solishtirganda afzalliklari va kamchiliklari qanday?

49.           Hissadorlikni Korporatsiyalar bilan solishtirganda afzalliklari va kamchiliklari qanday?

50.           Tijorat huquqini qanday ta’riflaysiz?

51.           Sizning yurisdiksiyangizda qanday huquq organlari tijoratni boshqaradi?

52.           Turli yurisdiksiyadagi ikki kompaniya o'rtasida shartnoma nizolari qanday hal qilinishi kerak?

53.           Sizningcha, qanday xalqaro tashkilotlar tijorat operatsiyalariga rahbarlik qiladilar?

54.           Jahon Savdo Tashkiloti nima bilan shug'ullanadi?

55.           Bankrotlikni qanday ta’riflaysiz? Misollar keltiring.

56.           Amaliyot o‘taganmisiz? Agar shunday bo'lsa, tashkilotni va u yerda vazifalariningizni tasvirlab bering.

57.           Nima deb o‘ylaysiz amaliyot o‘tash qimmatli tajribami? Undan nimani olish mumkin?

58.           Savdo agentlari - brokerlar nima bilan shug'ullanadi?

59.           Xalqaro savdo uchun tijoriy agentlik nima uchun muhim?

60.           "Globallashuv" atamasi nimani anglatadi?

61.           Jahon iqtisodiyotining globallashuviga qanday omillar ta'sir qildi?

62.           Globallashuvning biznes uchun ta'siri qanday?

63.           Savdo agentlari – brokerlarga globallashuvning ta'siri qanday?

64.           Milliy qonunlarga muvofiq shartnomalar bo'yicha muzokaralar o'tkazishdan ko'ra umumiy amaliyotga asoslangan shartnomani qo'llashning afzalliklari nimadan iborat?

65.           Intellektual mulk huquqini qanday ta’riflaysiz? Misollar keltiring.

66.           Ko'chmas mulk huquqini qanday ta’riflaysiz? Misollar keltiring.

67.           Xususiy mulk va ko'chmas mulk o'rtasidagi farq nima?

68.           Huquqiy masalalarda rasmiy til uslubini ishlatish qachon foydalidir? Bu qanday omillarga bog'liq?

69.           Ipotekani qanday ta’riflaysiz? Misollar keltiring.

70.           Oldi-sotdi bitimini qanday ta’riflaysiz? Misollar keltiring

71.           O'zbekistonda xalqaro investorlar uchun qanday imkoniyatlar va sharoitlar yaratilgan?

72.           Siz qanday bahsli qaror shakllarini bilasiz? Misollar keltiring.

73.           «Sud muhokamasi» atamasi nimani anglatadi?

74.           Sud jarayonining asosiy bosqichlari qanday? Tavsiflarni bering.

75.           Xalqaro ommaviy huquqi va xalqaro xususiy huquq o'rtasidagi farq nima? Qaysi organlar yoki tashkilotlarni qamrab oladi?

76.           Agar jismoniy shaxs yoki tashkilot boshqa yurisdiksiya qonunlarini buzsa, oqibatlari qanday bo‘ladi?

77.           Mehnat huquqining jihatlari nima?

78.           Baholashni qanday ta’riflaysiz? Xodimlarni malakasini oshirishda uning roli qanday?

79.           Mehnat shartnomasi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin? (Ishdan bo‘shash, pensiya, ish hajmini qisqarganligi sababli ishdan bo‘shatish, muddatli shartnoma tugashi)

80.           O'zbek tashkilotlarida ish beruvchining asosiy huquqlari qanday?

81.           O'zbek tashkilotlarida ish beruvchining asosiy vazifalari qanday?

82.           O'zbek tashkilotlarida xodimlarining asosiy huquqlari qanday?

83.           O'zbek tashkilotlarida xodimlarining asosiy majburiyatlari nimadan iborat?

84.           Qaysi vaziyatlarda mehnat shartnomasi bekor qilinadi?

85.           Joriy hisob nima? Banklar tomonidan taqdim etilgan ushbu xizmat turini tushuntiring.

86.           Kredit nima? Banklar tomonidan taqdim etilgan ushbu xizmat turini tushuntiring.

87.           Sayohat puli nima? Banklar tomonidan taqdim etilgan ushbu xizmat turini tushuntiring.

88.           Internet-bank nima? Banklar tomonidan taqdim etilgan ushbu xizmat turini tushuntiring.

89.           Huquqiy matnni tarjima qilganda qanday muammolar paydo bo'lishi mumkin? Bu muammolardan chetlab o‘tishda qanday qilib eng yaxshi yo'l tutish mumkin deb o'ylaysiz?

90.           Nima uchun amaliyotchi yurist qonuniy matnni tarjima qilganida yuz beradigan muammolardan xabardor bo'lishi kerak?

91.           Ingliz tilida noma'lum huquqiy terminlar haqida ma’lumotni qayerdan qidirib bilib olishingiz mumkin?

92.           Sizning tilingizda tarjimaga to‘g‘ri kelmaydigan ingliz tilida notanish huquqiy atamalar bilan duch kelganingizda nima qilasiz?

93.           Konstitutsiyaga ko'ra O'zbekistonda hokimiyatlar bo‘linishi qanday?

94.           O'zbekiston sud hokimiyati nimani qamrab oladi?

95.           O'zbekiston Konstitutsiyasiga binoan tashqi siyosatning strategiyasi nima ?

96.           O'zbekiston Konstitutsiyasiga binoan O'zbekiston fuqarolarining huquqlari qanday?

97.           O'zbekiston Konstitutsiyasiga binoan O'zbekiston fuqarolarining majburiyatlari qanday?

98.           O'zbekiston Konstitutsiyasi xalqaro davlatlar bilan qanday farqlanadi? Misollar keltiring .

99.           O'zbekiston Konstitutsiyasi xalqaro davlatlar bilan qanday o'xshashligi bor? Misollar keltiring .

100.                  O'zbekiston Konstitutsiyasining mazmuni nimani o'z ichiga oladi? Ba'zi boblarning qisqa ta'rifini bering.

April 28, 2019
by Shohrux
0
18

Xorijiy til fanidan yakuniy davlat attestatsiyasi jarayonini tashkil etish tartibi

Yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlari og'zaki va yozma usulda tashkil etiladi va ushbu tartib oliy universitet Kengashi qarori asosida belgilanadi. Talabalar dasturlar bilan ta'minlanadilar, ularga tayyorgarlik ko'rish va maslahatlar berish uchun zarur sharoitlar yaratiladi. Sinovdan o'tish uchun imtihon topshiruvchilar bilet olib, 30 minut tayyorgarlik ko'rishlari mumkin bo'ladi. Har bir biletga uchta vazifa mavjud bo'lib birinchi topshiriq imtihon topshiruvchilarning nutq malakalarini (Speaking), ikkinchi topshiriq o'qib tushunish nutq malakalarini (Reading) va uchinchi topshiriq mutaxassislikga oid leksika va atamalarni bilish darajasini tekshirishga qaratilgan.

Birinchi vazifa kundalik hayotga va ijtimoiy mavzularga oid suhbat yuritishdan iborat. Suhbatga 5 minut vaqt ajratiladi.

Ikkinchi vazifada hajmi 300-400ta so'zdan tashkil topgan murakkab autentik material (matn) taqdim etiladi va ularga turli shakldagi 4-5ta savol beriladi. Vazifani bajarishga 5 minut vaqt beriladi.

Uchinchi vazifada sohaga oid mavzuda berilgan savolga tayyorlanish davrida yozma izoh berish talab etiladi. Yozma ish hajmi 150-200ta so'zdan iborat bo'lishi talab etiladi. Imtihon oluvchiga ushbu savolga og'zaki 5 minut davomida izoh berish talab etiladi.

Ishlarni baholash dasturda belgilangan me'zonlar asosida amalga oshiriladi.

Yakuniy davlat attestatsiyasi jarayonida qo'yilgan bahodan norozi bo'lgan bitiruvchilar yakuniy davlat attestatsiyasi baholari e'lon qilingan kundan e'tiboran uch kun ichida apellatsiya komissiyasiga murojaat qilish huquqiga egadirlar.

Apellatsiya komissiyasi o'z xulosasini bitiruvchiga bir kun muddat ichida ma'lum qilishi lozim.

1-topshiriq

Kundalik hayotga oid va ijtimoiy mavzularda suhbatlashish 5 min.

2-topshiriq

Murakkab ommabop autentik material (gazeta, jurnal, internet maqolalar) kabi matnlarni o'qib tushunish va berilgan savollarga javob berish.

Matn hajmi taxminan 300-400ta so'z, matnga oid 4-5ta savolga og'zaki javob berish (5 minut)

3-topshiriq

Sohaga oid mavzudagi berilgan savolga yozma tarzda qiyosiy tahlil qilish. Matn hajmi - taxminan 150-200ta so'z.

April 18, 2019
by Shohrux
0
44
Show more