Yana 15 nafar talabaga stipendiya tayinlandi
Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “Neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga muvofiq, bilimli va salohiyatli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ va uning tarkibidagi korxonalar tomonidan har o‘quv yili uchun stipendiyalar joriy etilmoqda.
Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi tomonidan ham Qarshi davlat universiteti hamda Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti talabalari uchun "6-Stipendiya" dasturi e’lon qilingani haqida xabar berilgan edi.
Ushbu tanlovning oltita yo‘nalish bo‘yicha ikkita sinov bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan Qarshi muhandislik iqtisodiyot institutining 10 nafar, Qarshi davlat universitetining 5 nafar talabasi 2023-2024 o‘quv yili uchun mo‘ljallangan stipendiyani qo‘lga kiritdi.
Bundan tashqari, yana 15 nafar talaba majmuada amaliyot o‘tash yo‘llanmasining g‘olibi bo‘ldi.
Bu kabi stipendiya dasturlarining muntazam ravishda o‘tkazilib borilishi, neft va gaz sohasida tahsil olayotgan aniq maqsad sari intiluvchan yoshlarni o‘z bilim va salohiyatlarini namoyon qilishlari uchun imkoniyat yaratmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Buxoro neft va gaz sanoati kollejining 10 nafar iqtidorli o‘quvchisiga hamda I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahar filiali 9 nafar талабасига “O‘zbekneftgaz” AJ stipendiyasi tayinlangan edi.