MUTOLAA|BLOG

OSHKORA QOTILLIK
Avvalgi qismi

Keyin nimayiki ro‘y bergan bo‘lsa, hammasini shahar ahli o‘z ko‘zi bilan ko‘rib turgan.

Bandargohdan qaytayotgan odamlar bir­biriga baqirib­chaqirishib, bo‘lajak tomoshani – xunrezlikni ko‘rish uchun maydondan joy tanlab, o‘rnashib olish taraddudiga tushgan. Kristo Bedoyya qaysiki tanishi uchramasin, undan Santyago Nasarni so‘ragan, barcha birday, ko‘rmadik, degan. U Kiborlar uyi eshigi oldida polkovnik Lasaro Apontega duch kelgan. Unga Klotilde Armentaning do‘koni ro‘parasida bo‘lib o‘tgan gap­so‘zlarni aytgan.

– Behudaga vahima qilma, – degan unga polkovnik Aponte, – hozirgina ikkoviniyam, jo‘na endi, uyingga borib uxlagin, deb haydavorgandim­ku!

– Yo‘q, ular ketishmabdi, qo‘llarida mol bo‘g‘izlaydigan pichoqlariyam bor, – deya e’tiroz bildirgan unga Kristo Bedoyya.

– Dovdirab qolipsan­ku, a, bola, axir men ularning pichog‘ini uyiga ketishidan avval olib qo‘ygandim, – deya shahar hokimi so‘zida qat’iy turgan. – Balki ikkovini sen mendan oldin ko‘rgandirsan?

Ularni bundan rosa ikki daqiqa burun uchratdim, har birida bittadan pichoq bor edi, – javob bergan Kristo Bedoyya.

– Obbo, nahs bosganlar­ey! – xitob etdi polkovnik. – Demak, u nomardlar boshqatdan pichoq olib kelishibdi­da!

U bu ish bilan darhol shug‘ullanajagini ta’kidlab, kechqurun domino o‘ynamoqchiligini aytib qo‘ygani Kiborlar uyiga kirib ketgan, qaytib chiqqanida esa, xunrezlar yigitni so‘yib bo‘lishgan edi. Kristo Bedoyya birgina, ammo juda katta xatoga yo‘l qo‘ygandi: u o‘sha so‘nggi daqiqalarda Santyago Nasar kiyimini almashtirib, biznikiga nonushtaga kirib ketgan, deb o‘ylagan.

U daryo chetidagi yo‘ldan shitob bilan odimlab borarkan, har bir yo‘liqqan kimsadan, Santyago Nasarni ko‘rmadingmi, deya so‘roqlagan, biroq o‘tkinchilardan birorta ma’nili javob eshitmagan.

Baribir u bundan unchalik hadiksiramagan, binobarin, biznikiga boriladigan bir necha yo‘l bor edi. Xuddi shu payt unga Prospero Arango degan gadoy duch kelib, yepiskopning oniy duolariga qaramasdan, otasining tobora o‘lim changaliga tushib borayotganini aytib, madad istab yolvorgan. «O‘sha yerdan o‘tayotib cholni ko‘ruvdim, – dedi menga singlim Margot, – yuzida jon asorati yo‘q edi». Kristo Bedoyya Prospero Arango bilan cholni karavotga olib borib yotqizguncha to‘rt daqiqa o‘tib ketgan. U ko‘chaga chiqib, uzoqdan odamlarning shovqinini eshitgan, nazarida maydon tarafda mushaklar otilganday tuyilgan.

U yugurmoqchi bo‘lgan, ammo beliga notavonlarcha qistirilgan to‘pponcha botib, chopishga xalaqit bergan. Muyulishdan burilgach, kichik ukamni qo‘lidan ushlab, dikonglatib shoshib borayotgan onamga orqadan ko‘zi tushgan.

– Luisa Santyago! – deya qichqirgan u onamga.

– Qarindoshingni ko‘rmadingmi?

Onam to‘xtab, ko‘z yosh yuvgan yuzini unga o‘girib:

– Voy, bolam! – degan. – Uni o‘ldirishganmish.

Darhaqiqat shunday edi. Kristo Bedoyya uni axtarib yurganda, Santyago Nasar qaylig‘i Flora Migelning muyilishdagi uyiga kirib ketayotganini oxirgi marta ko‘rgandi. «O‘sha yerdaligi xayolimgayam kelmagandi, – dedi menga Kristo Bedoyya. – Axir, u uydagilar choshgohgacha ko‘pchib uxlab yotishadi­da». Shahardagilarning aytishicha, arablar jamoasining fozili Noir Migelning buyrug‘iga binoan, bu oilaning barcha a’zolari ham kunduzi soat o‘n ikkigacha uxlashardi. «Ana shuning uchun Flora Migel gulday yashab, semirib, yaltillab ketgandi», – dedi menga Mersedes. Aslida esa aksincha edi. Bu go‘shadagilar ham barcha arab qavmiga mansub kishilar kabi juda erta turar, mehnatkash insonlar edi, faqat choshgohgacha eshiklarini ochishmasdi. Flora Migel bilan Santyago Nasarning otalari ularning yoshligidayoq quda bo‘lishga ahd qilishgandi. Santyago Nasar bu ahd xususida o‘smirligidayoq eshitgandi, kattalar neniki lozim ko‘rsa, barchasini sidqidildan bajarardi, zotan, oila va nikoh borasida otasi manfaat nuqtayi nazaridan fikr yuritganidek, o‘g‘lining aqidasi ham aynan shunday edi. Flora Migel do‘mbillagan jonona bo‘lsa­da, fahm­farosatdan, nazokat­u latofatdan bebahra edi, shuning uchunmi, o‘z tengdoshlarining orasida, to‘ylarda, qizlarning onasi bo‘lib o‘tirardi, shu jihatdan olib qaraganda, uning Santyago Nasarga unashilgani osmondan yoqqan ehsonday bir gap edi. Bo‘lajak kelin­kuyovlar rasmiy bordi­keldilarsiz, xilvatda uchrashishlarning tashvish­u ozorisiz o‘zlaricha farog‘atda umr kechirishardi; to‘y oqshomi bir necha bor tayin etilib, buzilib, nihoyat, kelayotgan rojdestvo hayitida o‘tkazishga kelishilgan edi.

O‘sha dushanba Flora Migel yepiskop tushgan kema ilk bor ovoz bergandayoq o‘rnidan turgandi, bir necha fursat o‘tib, aka­uka Vikariolar Santyago Nasarni o‘ldirish qasdida uni poylashayotganini eshitgan edi. Falokat ro‘y bergach, u bilan faqat mening rohiba singlim so‘zlashgan, Flora Migel unga shumxabarni aynan kimning og‘zidan eshitganini eslay olmayotganini aytgan. «Ertalabki soat oltigacha bu gapdan hamma xabardor bo‘lgandi, mana shunisi yodimda qolgan, xolos», – degan u rohiba singlimga. Santyago Nasarni o‘ldirishlarini bechora qiz hecham tasavvuriga sig‘dirolmagan, ustiga ustak, endi ular oila sha’niga tushgan dog‘dan forig‘ bo‘lish uchun yigitni majburan Anxela Vikarioga uylantirishadi, degan vahimali fikrdan miyasi g‘ovlab ketgan. Xo‘rligi kelib, ezilib, o‘zini yo‘qotib qo‘ygan. Yotoqxonaga kirib olib, nima qilarini bilmasdan, Santyago Nasar maktabda o‘qib yurgan chog‘larida unga yozgan xatlarini olib, boshqatdan taxlayotganida, shaharliklarning deyarli yarmisi yepiskopga peshvoz chiqib, bandargohga to‘plangan edi.

Santyago Nasar Flora Migelning eshigi yonidan o‘tarkan, har doim, hatto hech kim bo‘lmasayam, derazaning tunuka raxiga kalit bilan urib­urib tiqillatar edi. Do‘ndiqcha xuddi o‘sha kuniyam maktubli qutichani tizzasiga qo‘yib, qaylig‘ini intizor kutib o‘tirgan edi. Santyago Nasar ko‘cha tarafdan uni ko‘rolmasdi, ammo Flora Migelning uylari tomonga kelayotganini sim to‘r orqali ko‘rgan, derazaning tunuka raxiga kaliti bilan urib, ovoz chiqarganini ham eshitgan.

– Kiraver, – degan qiz unga.

Ertalabki soat olti­yu qirq beshda bu uyga hech kim, hatto davolovchi hakim ham qadam bosmagan edi. Santyago Nasar Jamil Shayyumning do‘koni ro‘parasida Kristo Bedoyya bilan xayrlashgach, maydon to‘la olomon kutib­kuzatib turgan bir paytda, yigitning qaylig‘i uyiga kirib ketganini hech kimning ko‘rmay qolishi juda g‘alati, aql bovar etmas bir hol edi. Tergovchi uni o‘sha hovliga kirayotganini ko‘rgan shohidni o‘lib­tirilib izlagan, surishtirgan, biroq topolmagan, nechog‘lik urinmayin, menga ham o‘shanday odam bilan suhbatlashish nasib qilmadi.

Tergov hujjatlarining 382­varag‘i hoshiyasiga u qizil rangli siyohda yana bir fozilona fikrni yozib qoldiribdi: «Taqdir bizni ko‘zga ko‘rinmas qilib qo‘ya oladi». Axir, Santyago Nasar hammaning ko‘z oldida eshikdan o‘sha uyga kirgan va o‘zini bilintirmaslik uchun hech bir harakat qilmagan bo‘lsa­yu, unga biror kishining nazari tushmaganini, umumning g‘aflatda qolganini ne so‘z bilan tasvir­u ne aql bilan tasavvur etasiz?! Flora Migel tantanali ayyomlarida kiyadigan guldor ko‘ylagini egniga ilib, alam-u fisqdan ko‘karib, pishillab, uni kutib mehmonxonada o‘tirgan edi, u kirgan zahoti zardasi qaynab, qutichani yigitga tutqazgan­da:

– Ol, matohningni! – degan. – Endi seni o‘ldirsalar ham parvoyimga kelmaydi!

Santyago Nasar dovdirab qolgan, azbaroyi garangsiganidan qo‘lidagi qutichani ham tushirib yuborgan, mehr­muhabbat­u e’tibordan xoli xatlar yerga sochilgan. Flora Migel yotog‘iga darg‘azab holda yo‘nalgan, yigit hay­haylab uning orqasidan chopgan, lekin pandavaqi qiz eshikni qarsillatib yopib, ilgagini solib, berkitib olgan. U bir necha marta eshikni taqillatgan, keyin qattiq ovozda qayta­qayta chaqirgan, shunda, qizimizni bemahalda kim yo‘qlayapti, deya bezovtalanib, uydagilarning hammasi baravariga yugurib chiqishgan. Bu uyda turadigan yosh­u qari, qarindosh­u jigargo‘shalarning barchasi o‘n to‘rt kishi edi. Oxiri qizning otasi Noir Migel chiqqan, uning soqoli sarg‘ish, bo‘yalgan edi; egniga odatda doim uyda kiyadigan, olis yurtidan olib kelgan tabarruk g‘alabiyasi uni nihoyatda basavlat ko‘rsatar, o‘ziyam ulug‘sifat mo‘ysafid edi. Uni har ko‘rganimda, salobati bosib, o‘zimni yo‘qotib qo‘yardim.

– Flora! degan u o‘z ona tilida. – Och eshikni!

Chol qizining yoniga kirib ketgach, qolganlarning hammasi Santyago Nasarga baqrayishganicha, endi nima bo‘larkin, deya tashqarida kutib turishgan. Yigit yerga tizzalagancha shoshibpishib xatlarni tergan, qutiga solgan. O‘shanda uni ko‘rgan kishilar: «Tavbasiga tayanganday bo‘lib ko‘rindi bizga», – deyishdi menga. Bir ozdan keyin Noir Migel qizining yonidan qaytib chiqqan va avlodlariga, bizni xoli qo‘ying, deganday ishora qilgan, hamma nari ketgan.

So‘ngra u Santyago Nasarga arabchalab nimalardir degan. «Avvalo u mening ayni paytda nima deyotganimni mutlaqo fahmlamayotganini angladim», – dedi Noir Migel. U yigitdan, birodar Vikariolar seni o‘ldiramiz, deb poylab yotishganmish, shundan xabaring bormi, deb so‘ragan.

«U birdan oqarib ketdi, shunchalik sarosimalandiki, rang­ro‘yi va turishiga qarab o‘zini go‘llikka solyapti­yov, deb o‘ylash mumkin edi», – dedi menga yana Noir Migel. Mo‘ysafidning fikricha ham, Santyago Nasarning holatida qo‘rquvdan ko‘ra sarosima ustun bo‘lgan.

– Qassoblar haqmi­nohaqmi, buni o‘zing hammadan ko‘ra yaxshi bilasan, – degan chol yigitga. – Endi sening oldingda ikki yo‘l qoldi, xolos, o‘g‘lim; mana shu xonadon sening ham uying, yo shu yerga yashirin, yo miltig‘imni olib, keyin ko‘chaga chiq.

– E, hech narsaga tushunmay qoldim o‘zi, – deya g‘udrangan Santyago Nasar.

Tili faqat shu gapgagina kelgan, buniyam ispanchalab aytgan. Noir Migel menga: «U boyaqish suvga tushgan jo‘jaday nochor edi», – dedi.

Santyago Nasar qo‘lidagi qutichani qayerga qo‘yishini bilmay hayron turganda, chol qutini olgan, u esa eshikni ochgan.

– Bitta o‘ziga ikki kishi­ya, nomardlar! – degan Noir Migel.

Santyago Nasar tashqariga chiqqan. Xaloyiq xuddi namoyishga kelganday maydonni saf­saf bo‘lib egallagan edi. Santyago Nasarning chiqqanini hamma ko‘rgan, o‘zini ikki salloh chavaqlaymiz, deb poylayotganidan xabardorligini va shuning uchun rangida rang qolmay, o‘z uyigayam yo‘l tomolmayotganini ham xaloyiq tushungan.

Aytishlaricha, kimdir peshayvondan turib: «Hey turk, u yoqqa borma, eski bandar tomondan yur!» – deb qichqirgan. U ovoz egasini axtarib alanglagan. Jamil Shayyum esa unga, do‘konimga berkinib tur, degan­u o‘zi ov miltig‘ini olib kelgani jo‘nagan, ammo o‘qni qayerga yashirganini eslay olmay, rosa qidirgan, orada vaqt o‘tib ketgan. Olomon chor tarafdan unga qarata qichqiravergan, yigit, ularning baqirig‘idan qulog‘i bitib, goh o‘ngga, goh chapga yurgan. Nihoyat, o‘z uyi tomonga yo‘nalgan, oshxona eshigi orqali kirarman, deb o‘ylab borayotib birdan ko‘cha eshikning ochiq turganiga ko‘zi tushgan.

BAHORNING O‘N YETTI LAHZASI
Avvalgi qismi

– Har qaysisi bir tonnadanmi deyman bu bombalar, – dedi Shellenberg.

– Shunaqaga o‘xshaydi, – ma’qulladi Shtirlits.

U hozir xonadan chiqib ketib, jildda yotgan qog‘ozni – «SD xoinlarining» G‘arb bilan muzokara olib borayotganlari to‘g‘risidagi axborotni darhol yoqib tashlashni istardi. «Shellenbergning bu ayyorligi tagida ko‘p gap bo‘lsa kerak, – o‘ylardi Shtirlits. – Uni ruhoniy avval boshdanoq qiziqtirib kelgan. kelajakda aybni yashirish uchun kerak bo‘lgan. Unga ruhoniyning aynan hozir kerak bo‘lib qolgani juda qiziq, Gimmlerni xabardor qilmay turib, bu ishni boshlamasa kerak!» Shunga qaramay, Shtirlits shoshilmay, hazil aralash, bo‘lajak operatsiyaning barcha ikir-chikirlarini Shellenberg bilan muhokama qilishi kerakligini tushunardi.

U hozir qanchalik shoshilmay, bahuzur gapirsa, ishi shunchalik muvaffaqiyatli bo‘ladi...

– Menimcha, samolyotlar qaytyapti, – dedi Shellenberg ovozlarga quloq solib. – Shundaymi?

– Ha, yana bomba ortish uchun qaytib ketyapti...

– Yo‘q. Bular bazasiga borib, o‘yin-kulgi qilib o‘tiradilar... Samolyoti yetarli, bizni ketma-ket bombardimon qilishlari mumkin...

Demak, pastorning singlisini bolalari bilan kafil sifatida saqlasak, u qaytib keladi deb hisoblaysizmi?

– Albatta...

– Qaytib kelgach, Myuller so‘roq qilsa, aloqa bog‘lash uchun uni siz yuborganingizni aytmaydi deb o‘ylaysizmi?

– Bilmadim. kim so‘roq qilishiga bog‘liq.

– Yaxshisi, suhbatni magnitofon tasmasiga yozib qoldirish kerak, u esa... bombardimon paytida halok bo‘lar...

– O‘ylab ko‘raman...

– Uzoq o‘ylaysizmi?

– Yaxshilab, har tomonlama o‘ylab ko‘rishga ijozat berishingizni so‘rayman.

– Har tomonlama o‘ylashga qancha vaqt ketadi?

– Kechqurun biror nimani taklif etishga harakat qilaman.

– Ma’qul, – dedi Shellenberg. – Axiyri uchib ketishdi... Qahvaga qalaysiz?

– Qahva ichgim bor, ammo ishni tugatay.

– Yaxshi. Hamma narsani to‘g‘ri tushunganingizdan xursandman, Shtirlits. Bu bilan Myullerning adabini berib qo‘yamiz. U surbetlik qilyapti. Hatto reyxsfyurerga ham. Mayli, biz uning ishini bajaraylik, armonda qolmasin...

Biz reyxsfyurerga katta yordam bergan bo‘lamiz.

– Reyxsfyurer bundan xabardor emasmi?

– Yo‘q... Yo‘q – shunday deb faraz qilib turaylik... Tushunarlimi? Umuman, siz bilan ishlash yoqadi menga...

– Menga ham.

– Nega jahlingiz chiqqan ko‘rinasiz?

– Jahlim chiqqanicha yo‘q. Unday paytda juda xomush bo‘laman. Hozir xayolga botganman.

Shellenberg shtandartenfyurerni eshikkacha kuzatib bordi, qo‘lini siqib dedi:

– Agar hammasi joyida bo‘lsa, besh-olti kun tog‘da dam olishingiz mumkin: hozir chang‘ida uchadigan payt – ko‘kimtir qor, quyoshda qorayasiz... Juda maza-da! Urush paytida ko‘p narsalarni unutib yubordik-a...

– Pasxada ko‘p ichib qo‘yib, palto kiyish esimizdan chiqib qolgandek, avvalo, o‘zimizni unutib yubordik...

– Ha, ha, – xo‘rsindi Shellenberg, – xuddi esdan chiqib qolgan paltodek... She’r yozmaganingizga ancha bo‘ldimi?

– Hali boshlaganimcha yo‘q...

Shellenberg barmog‘i bilan po‘pisa qilib dedi:

– Oz bo‘lsa ham yolg‘on gapirsangiz butunlay ishonchni yo‘qotib qo‘yishingiz mumkin, Shtirlits.

– Ont ichishim mumkin, – kuldi Shtirlits, – she’rdan boshqa hammasini yozganman, lekin qofiyaga yo‘qman...

Shtirlits Gimmler nomiga yozilgan xatni yo‘q qilib, Shahzoda Albrextshtrassedagi binodan chiqib, asta Shpreye tomon yo‘l oldi. Tunda g‘isht parchalariga to‘lib ketgan yo‘lka supurilgan edi: hozir bir kechada ikki-uch martalab bombardimon bo‘lib qolardi.

«Ishim pachava bo‘lishiga sal qoldi, – o‘ylardi Shtirlits, – Shellenberg pastor bilan shug‘ullanishni menga topshirgan paytda uni hozir Shveysariyada muhojirlikda yashayotgan sobiq kansler Bryuning qiziqtirgan edi. Faqat shuning o‘zi. Pastorning kimlar bilan aloqasi borligigina qiziqtirgandi: shuning uchun pastor biz bilan hamkorlik qilmoqchi deganimda, Shellenberg cholni bo‘shatishga darhol rozi bo‘lgandi. U mendan ko‘ra uzoqni ko‘ra bilgan ekan.

U o‘zlarining jiddiy tadbirlarida pastorni soxta shaxs sifatida saqlab turgan. Bu kulgi-ku: qanday qilib pastor Volf operatsiyasida qatnashishi mumkin? O‘zi qanday operatsiya ekan? Undan kimga foyda? Nega Volfning Shveysariyaga ketganini gapirganda, Shellenberg radioni baland qilib qo‘ydi. Agar u buni baland ovoz bilan aytolmayotgan bo‘lsa, demak, qandaydir katta tadbirga urinilmoqda, obergruppenfyurer karl Volfga esa keng vakolat berilgan, unda Ribbentrop yoki Fegelyaynnikidek SS unvoni ham bor. Shellenberg Volf haqida menga aytmasa bo‘lmasdi, chunki unga, o‘zim nima gapligini bilmay turib, operatsiyani qanday tayyorlashim mumkin, deb savol berishim turgan gap edi. G‘arbdagilar Gimmler bilan bir stol atrofiga o‘tirmoqchilarmi?

Umuman olganda, Gimmler katta kuch, buni ular tushunadilar, kuchga ega bo‘lmaganlar bilan muzokara olib borishdan hech qanday ma’no chiqmaydi. Ularning bir stol atrofiga o‘tirishini xayolga keltirish ham qiyin... Mayli...

Pastor xo‘rakka qo‘yiladigan, ularning aybini bekituvchi bir narsa, tajribaga ajratilgan quyon bo‘lishi kerak: ularning fikri shunday. Ammo ular Shlagning u yerda aloqasi keng ekanligini hisobga olmaganlar. Binobarin, men cholga shunday yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishim kerakki, u yerdagi ta’siridan o‘zini jo‘natgan kishilarga, – albatta men orqali jo‘natgan, – qarshi foydalana olsin. Men undan qo‘shimcha aloqa kanali sifatida foydalanmoqchi edim, ammo unga bundan ham mas’uliyatli rolni o‘ynashga to‘g‘ri keladigan ko‘rinadi. Shveysariyada u aloqa o‘rnatmaydi, albatta. Agar men uni Shellenberg matni bilan emas, balki o‘z yo‘lyo‘rig‘im bilan ta’minlasam, uning huzuriga Vatikandan ham, ingliz va amerikaliklardan ham odam keladi. Bunisi ravshan. Demak, men shunday rejani tayyorlab berishim kerakki, u yerga borgan yoki bormoqchi bo‘lgan nemislarga nisbatan unga ko‘proq qiziqish tug‘ilsin. Ko‘raylik-chi, kim g‘olib chiqar ekan. Har holda, birinchidan, uning uchun amal qilishadigan reja, ikkinchidan, Gitler va Gimmlerga nisbatan qarshi kuchlar sifatida uni yuborgan odamlarning ismi zarur».

Shtirlits «Vaynshtyubbe»ga tushib, bir qadah konyakni allaqancha vaqt ermak qilib o‘tirdi. Bu yer jimjit, o‘ylashga hech kim xalaqit bermasdi. Hozir u butun vujudi bilan o‘yga botgan edi – kechirib bo‘lmas yoki payqab olish qiyin hodisaga duch kelgan paytlarda shunday ahvolga tushardi.

Bu kishi haqida hech kim hech nima bilmasdi. U kinoxronika kadrlari va fotosuratlarda fyurerning yonida kamdan-kam ko‘rinardi. O‘rta bo‘yli, yumaloq boshli, yuzi chandiq bu kishi suratkashlar orqasiga yashirinishga urinardi. 1924 yilda u siyosiy qotillik uchun o‘n to‘rt oy qamoqda yotib chiqqan deyishardi. Shundan keyin umumiy afv bo‘yicha ozod bo‘lgach yoki qamoqdan qochgach, harqalay yashirinib yurgan – buning qaysi birisi aniqligi tirik jonga ma’lum emasdi. Gess Angliyaga uchib ketgan kuniga qadar uni hech kim bilmasdi. Gimmler «ana shu fohishaxona»da tartib o‘rnatish haqida fyurerning buyrug‘ini oldi. Fyurer partiya idorasi haqida ana shunday degandi – bu idoraning boshlig‘i esa partiya a’zolari orasida fyurerni ismi bilan ataydigan va «senlab» gaplashadigan birdan-bir kishi Gess edi. Gimmler odamlari bir kecha davomida yetti yuzga yaqin kishini qamadilar. Ularning bir qismini keyin bo‘shatishga to‘g‘ri keldi, bir qismi uzoq muddat bilan konslagerlarga jo‘natildi. Gessning eng yaqin xodimlari qamoqqa olindi, ammo partiya idorasi boshlig‘ining eng yaqin yordamchisi – uning o‘rinbosari Martin Borman bundan xolis qoldi. Ustiga ustak, ma’lum darajada Gimmlerga nima qilish kerakligini maslahat berib turgan kishiga aylandi: u o‘ziga kerakli odamlarni omon saqlab qoldi, keraksizlarni, aksincha, qamoqxonaga jo‘nataverdi.

SUDXO‘RNING O‘LIMI
Avvalgi qismi

Ammo hokimlar Qori Ishkambani bu holda ko‘rib, uning bunday arzi dodiga kulibgina qo‘ydilar. Mirza Abdulla хo‘jayinining obro‘si amir hukumati oldida Ishkambaning obro‘sidan necha marta ortiq bo‘lgani sababli, uning iltimosiga quloq solinmadi.

– Sizning janjalingiz biz so‘raydigan oddiy

janjallardan emas, sizning karvonboshilaringiz bor, oqsoqollaringiz bor va har bir oldi­berdilaringizni ularning huzurlarida veksel bilan qilasizlar. Siz veksel ko‘rsatmay, karvonboshi bilan oqsoqol guvohlik bermay turib, biz nega bir obro‘li odamni bosh og‘rig‘i qilamiz, – dedilar, xolos.

Qori Ishkamba yana shovqin solib, jinnilik qilganda uni yasovullar urib­urib ark darvozasidan tushirib quvladilar.

Undan keyin Qori Ishkamba butunlay jinnilashdi. U ko‘chalarda yugurib dod solar, bo‘lsa­bo‘lmasa o‘ziga duch kelgan odamni to‘хtatib, boshidan o‘tgan bu voqeani unga hikoya qilar va undan maslahat so‘rardi.

Ba’zi hazilvandroq eshituvchilar uni yupatgan bo‘lib:

– «Iflos suv botqoqda yaхshi»*, deganlar, aslida sizning pulingiz murdor edi, bir murdor joyga ketgan ekan, хafa bo‘lmang, – der edilar.

Qori Ishkamba bunday «yupatish» eshitganda bir alami o‘n bo‘lar, jarohatli badani sepilganday dod der, unday «yupatuvchi»ni so‘kar va boshqa rahmdilroq biron odam bilan dardlashuv uchun yana yugurardi. Tomoshabinlar undan kulardilar.

O‘sha mahalda Qori Ishkamba bir kuni

yo‘lda menga duch keldi va yo‘limni to‘sib, boshiga tushgan musibatni menga hikoya qilib berib, mendan maslahat so‘radi. Men uning sarguzashti, jumladan, qozi kalon va qushbegiga borib arz qilganini, ularning qanday mulk bo‘lganlarini ipidan­ignasigacha bilib olgan bo‘lsam ham o‘zimni bilmaslikka solib dardalamini oхirigacha eshitib, ahvoliga afsuslanib, maslahat tariqasida dedim:

– Bunday katta voqea va «og‘ir musibat» to‘g‘risida menday kichkina odam qanday

maslahat bera oladi, siz borib hokimlardan – kattalardan maslahat va yordam so‘rang!

– Ilohi, kattalarning uyi kuysin, kattalarning bolalari o‘lsin, kattalar bir burda nonga zor bo‘lsinlar! – deb kattalarni so‘kib­qarg‘ab, qozi kalon bilan qushbegining o‘ziga qilgan muomalalarini yana bir bor aytib berdi.

Shu vaqtda Qori Ishkambaning bu holatidan Bibi Dahboshi degan bir jinni xotinning voqeasi esimga tushdi... Registon va Kappon tomonlarga o‘tib ketadigan kattagina ko‘cha bor, bu ko‘chaning shimolida «Shahar Ro‘d» bo‘lib, uning shimolida Masjidi Хoja jomesi bor. Mana shu jome bilan «Ro‘d» orasida bu uning ustidan «misqoliy» deb atalgan qimmatbaho yo‘lak bor ediki, amir zamonida unda tilanchilar yurar edilar.

Shu tilanchilar va mayiblar orasida «Bibi

Dahboshi» laqabli bir jinni хotin paydo bo‘ldi.

Bolalar har bir jinniga o‘chakishganlariday, Bibi Dahboshiga ham o‘chakishib qolgan edilar.

Kunlardan bir kun men haligi jomening g‘arbiy­janubiy burchagiga yaqin yerda ustidagi tosh ko‘prikda oftobda isinib o‘tirardim. Bolalar Bibi Dahboshi tevaragiga to‘plandilar. Uning boshidagi ro‘molni olib suvga otdilar, paranjisini olib qochdilar. Bolalar hujumi joniga tekkan Bibi Dahboshi bu kattalarni ko‘rgach, arz­dodga kirib ularga yalinib­yolvorib dedi:

– Boshlaringizdan o‘rgilay, kattalar, bolalaringizni olinglar, shu shumtakalar qo‘lidan qutqaringlar, kattalar!

Sho‘rlik Bibi Dahbosh jim turmasdan bolalarni qarg‘ardi, etagini tosh­kesaklar bilan to‘ldirib ularni urmoqchi bo‘lib quvardi, to‘g‘ri kelganini tutib olib urardilar.

Bolalar ko‘paydilar. Bosh yalang, oyoq yalang Bibi Dahboshi ularning orasida qamalda, u bir necha bolani tosh va kesak bilan urmoqchi bo‘lib quvsa, boshqa bir necha bola orqasidan yetib kelib, kiyimidan tutib tortardi, u yiqilardi va o‘rnidan turib, yana hujumga o‘tardi.

Bu jinnining, ayniqsa, u хotin bo‘lsa arz­dodini eshitishgina emas, hatto ularga qayrilib qarashni ham kattalar shafqat va hashamatlariga kelishmasdilar. Shuning uchun jinni хotinning nolishini eshitmaganday bo‘lib, avvalgiday viqor bilan gaplasha­gaplasha sekin­sekin qadam bosib o‘tib ketaverdilar.

Kattalarning gapga quloq solmaganlari, hatto o‘z tomoniga qiyo boqmaganlari uchun Bibi Dahboshi bolalar o‘rniga kattalarni qarg‘ay boshladi:

– Ilohi pul va molingiz o‘g‘rilarga, qaroqchilarga nasib bo‘lsin, kattalar.

Bibi Dahboshining o‘shancha yalinib­yolvorishlariga quloq solmagan va uning arz­dodini eshitmaganday bo‘lgan kattalar uning bu qadar qarg‘ashlarini ham eshitmaganday bo‘la olmasdilar. Chunki ular o‘zlarini eshitmaganlikka solsalar ham boshqa o‘tkinchilar eshitayotirlar va ko‘rayotirlarki, bu jinni хotin shaharning kattalarini qanday masxara qilmoqda, shohi va ipakli choponlariga qaramasdan ularni tuproqqa bulg‘ab, balchiqqa belamoqda.

Shuning ila baravar ular bir jinni хotinga nima qila olardilar? Qo‘llaridan kelgan ish yolg‘iz shugina bo‘ldiki, kattalik va ulug‘likni bir tomonga qo‘yib, shohi astarli uzun keng ipakli choponlariga o‘ralib olib, jinni quvgan bolalarday qocha boshlaydilar va jonlari boricha yugurdilarki, toki tezroq u ko‘chadan uzoqlashsinlar, toki jinni хotin so‘kayotganini odamlar ko‘ra olmasinlar.

Lekin shu hodisadan keyin Bibi Dahboshi kattalarni so‘kib­qarg‘ashni o‘ziga vazifa qilib oldi, Bibi Dahboshi o‘lgunicha yolg‘iz haligi kattalargina emas, shaharning boshqa kattalari ham bu ko‘chadan o‘ta olmaydigan bo‘ldilar.

* «Obi ganda ba xandaq» degan tojikcha maqolga o‘xshatma.

MATONAT (qissa)/5-qism
Avvalgi qismi

Tolibjon uchun avvaliga ermak bo‘lgan suratchilik asta-sekin hayotining bir bo‘lagiga aylandi. Kunlarini foto anjomlarisiz tasavvur qilolmasdi. Ammo qishloqlarida elektr yo‘q. Kerosinli chiroq bilan esa sifatli surat ishlash mushkul. “Elektrli joyga borishim kerak”, degan fikr tinchlik bermay qo‘ydi. Avvaliga bu rejasi amalga oshmaydigandek tuyulgandi. Biroq o‘tirsa ham, tursa ham yakkash shu haqda o‘ylayverdi. Nihoyat qat’iy qarorga keldi: daryo ortidagi shahar-qishloqlar elektrlashtirilgan, o‘sha yoqqa boradi!

Fikrini ming istihola bilan oyisiga aytdi. Muslima opa avvaliga qo‘rqib ketdi. Tolibjon qayta-qayta tushuntirganidan keyin o‘ylanib qoldi.

– Qanday bo‘larkin, bolam? – dedi ikkilanib. – Ko‘chishimizga otang nima deydi?

– Oyi, ko‘chmaymiz, o‘zim boraveraman! Shaharda yashaganman-ku?

Yoz faslining jazirama chillasi edi. Tolibjon yengi kalta oq ko‘ylakda, boshida do‘ppi, bug‘doyrang chehrasiga jilmayib turishi juda-juda yarashardi. Muslima opa o‘g‘lining saxt-sumbatiga qarab mehri tovlandi. Xudodan so‘rab olgan yolg‘izining o‘sha fojiada omon qolganiga ming bora shukr qildi. “Mana, o‘zi urinib oyoqqa turyapti, hunarli ham bo‘lib oldi. Lekin nima qilsin, bu nogironlik o‘g‘lini injiq qilib qo‘ydi. Uyini, ota-onasini tashlab qayoqqa boradi? Odamlar nima deyishadi? Noshukr o‘g‘il, deb unga ta’na qilishmaydimi? Balki, yolg‘iz o‘g‘lini uyga sig‘dirmadi, ham deyishar? Xah, odamlar-a! O‘rnimga o‘zlarini qo‘yib ko‘rishsaydi. Tolibjonim endi oddiy qishloq bolasimas-da, ko‘nglidagini qilmasa siqiladi. Ichkilikka o‘rganib ketsa-ya… Xudo saqlasin, Xudo saqlasin! Tolibjon undaymas… Mayli, ko‘nglidagini qilsin. Yomon ishga qo‘l urmayapti-ku axir!”

Ona-bola ikki-uch kun Tolibjonning vaqtinchalik biror joyga ko‘chib borishini muhokama qilishdi. Muslima opa eri tog‘u toshlaridan qaytgan kuni masalani yotig‘i bilan tushuntirdi. U darrov rozi bo‘lmadi. O‘g‘lini yoniga chaqirib, nasihat qildi:

– Senga nima yetishmayapti, bolam, – dedi bosiqlik bilan. – Qishloqda binoyidek tirikchiligimiz o‘tyapti-ku. Men geologlar bilan uzoqlarda yursam, onang yolg‘iz qolsa maylimi?

– Dada, bu yerda suratchilik qilolmayman, – bo‘sh kelmadi Tolibjon. – Hali ishimni puxta o‘rganganim yo‘q. Qishloqqa elektr kelishini kutib o‘tiraversam bo‘lmaydi. Oyimdan tez-tez xabar olib turaman. Ketmon chopish qo‘limdan kelmasa nima qilay?

Tabiatan bosiq fe’lli otasi indamadi. O‘g‘lining alam bilan aytgan oxirgi gapi o‘ylantirib qo‘ydi. To‘g‘ri, endi u ketmonchilikka yaramaydi, nima qilsin?

Tolibjon otasining jim bo‘lganidan vaziyat yumshaganini payqadi. Keyingi safar shaharga borganida muammoni ko‘ndalangiga hal qilishni ko‘ngliga tugib qo‘ydi. Turli rejalar tuzishga kirishdi. O‘ylayverib, tunlari uyqusi qochib ketardi. Tushida “Zartopgan” bekatini ko‘rdi. Poyezddan tushmoqchi bo‘lib, otilib tanburga chiqqanmish. Lekin poyezd yurib ketib, tushishga ulgurmabdi…

Shu kundan xayoliga qo‘rg‘oshindek o‘rnashgan Zartopgan bekatini unutolmadi. Keyingi safar shaharga borayotib Zartopganda poyezddan tushib qolishni o‘yladi.

Bu uzoqqa cho‘zilmadi. Tez orada yana fotoqog‘oz, eritmalari tugadi. Shu kunning ertasi tonggi poyezd bilan shaharga jo‘nadi. Bu safar ikkilanmasdan Zartopganda poyezddan tushdi. “Zartopganni tomosha qilib ko‘raman, keyin shaharga boraveraman”, deb o‘yladi.

Vagonga yopirilgan izdihomni yorib o‘tib, qizil g‘ishtli bino qarshisidan chiqdi. Har o‘tganida ko‘raverib tanish bo‘lib qolgan bekatga havas bilan tikildi. Quyosh bino peshtoqidagi “ZARTOPGAN” yozuvini nurlantirib turardi. Kirish eshigining ikki tarafidagi yog‘och xarraklarda uch-to‘rtta bekorchi yigitlar poyezddan tushib-chiqayotganlarni tomosha qilib o‘tirishibdi. Pastlikdagi temiryo‘lchilar do‘konidan qog‘ozga o‘ralgan xaridini ko‘ksiga bosib, lo‘mbillagan ikki ayol chiqdi. Ular bir-birlariga navbat bermasdan shang‘illab gapira-gapira, bekat ortidagi jamoa uylariga kirib ketishdi.

Tolibjon tik turib atrofni tomosha qila boshladi. Teplovoz bir marta uzun pishqirib, asta joyidan jildi. Tez orada bekat maydonida odamlar oqimi tindi. U yo‘lovchilarga ergashib shaharchaga olib kiradigan yo‘lkaga tushib oldi. Chapdagi maydonda eski, tumshug‘i pachoq oq “Zaporojets” mashinasi ko‘rindi. Ozg‘in, uzun bo‘yli, ingichka mo‘ylov qo‘ygan yigit mashina kapotiga suyanib turibdi. U oqsoqlanib kelayotgan Tolibjonga tikilib turdi-da, “chirt” etib yonboshiga tupurdi.

– O-ov, oborib qo‘yaymi? – dedi dag‘dag‘aga o‘xshagan qo‘pol ovozda.

– Yo‘q, aka, o‘zim!

Tolibjon avtohalokatdan keyin yengil mashinaga minmay qo‘ygandi. O‘sha qahraton qishdagi dahshatli hodisa sira-sira xayolidan ketmadi. Ba’zan tushida ham muzlamada chirpirak bo‘lib aylanayotgan mashinada o‘tirgandek bo‘lar, shunday paytlarda nafasi bo‘g‘ziga tiqilib, o‘rnidan turib ketardi.

– Qo‘shmat, o‘tir, ketdik, kliyent yo‘q, – degan ovoz eshitildi mashina kabinasidan.

Yurib borayotgan Tolibjon beixtiyor ovoz kelgan tomonga qaradi. Mashina oynasidan Qo‘shmatnikiga o‘xshagan ingichka mo‘ylovli, oliftanamo yigit boshini chiqarib turardi.

– Bo‘pti, ketamiz, – dedi Qo‘shmat yana “chirt” etkazib tupurarkan.

“Qo‘pol”, deb qo‘ydi Tolibjon o‘zicha. Oq “Zaporojets” shundoqqina yonboshidan yo‘lni changitib o‘tib ketdi. Biroz narida tezligini kamaytirdi-da, qattiq “signal” berib qo‘ydi.

Tolibjon qayoqqa borishini aniq bilmasdi. Tavakkal qilib odamlarning ortidan ketaverdi. Yo‘lka tor ko‘chaga olib chiqdi. Ko‘chaning chap tarafi kichikkina bozor ekan. Bir nechta rastalardan iborat bu bozorcha devor bilan o‘ralmagandi. Rastalarning tomiga tunuka qoplangan. Ko‘chaga qaragan peshtaxtalarda olma-uzumdan tortib, bodring, pamildorigacha bor. Bozorni yakkam-dukkam xaridorlar aylanib yurishibdi. U ham qiziqsinib o‘sha tomonga yurdi.

Asat oyining tongi tarovatli edi. Toza havoni simirib to‘ymaysan kishi. Peshtaxtadagi uyim-uyim tillarang-qirmizi olmalarning hidi dimog‘ni yoradi. Beixtiyor olma sotayotgan qizga ko‘zi tushib, uning oldiga keldi. Qizning yuzi sutga chayilgandek oppoq, nimtabassum jilva qilib turgan lablari atirgul g‘unchasidek nimochiq. O‘ziga yarashgan kulgichlari atirgul yaprog‘ini eslatadi. Qiz shu turishida juda-juda go‘zal edi, xuddi ertakdagi malikalarga o‘xshardi. Tolibjon to‘xtab, haykaldek qotib qoldi. Qiz o‘ziga tikilib turgan yigitni payqagandi.

– Olmalar shirinmi? – dedi Tolibjon.

– Shirin, – jilmaydi qiz.

– Maylimi? – Tolibjon bitta olmaga qo‘lini uzatdi.

– Bemalol, tatib ko‘ring, – yana jilmaydi qiz.

Tolibjon xushbo‘y hidli olmani tishladi. Sersuv olma nihoyatda xushta’m edi. U hamon qizdan ko‘zini uzmasdi. Shu asnoda nigohlar uchrashdi. Qizning ko‘zlarida hayrat bor edi. U yelkasiga yukxalta osib olgan g‘alati yigitga ajablanib qarab turardi. Tolibjon cho‘ntagidan pul olib uzatdi.

– Kerakmas, – dedi qiz shoshib.

– Nega?

– Mazasini ko‘rganingizga pul olmaymiz. Bizda shunday. Bu yerlik emasmisiz?

– Yo‘q. Lekin… shaharcha yoqsa, ko‘chib kelaman.

– Unda aylanib ko‘ring, albatta yoqadi.

– Shunday deb o‘ylaysizmi?

– Ha-da! Bizning odamlar xushfe’l. Bog‘larimizning olmasi shirin.

– Mayli, bugun Zartopganni aylanaman.

Tolibjon bir yerda uzoq turib qolgandi. Oyog‘iga og‘irlik tushdi. Qizning ma’noli ko‘zlariga bir qur nazar tashladi-da:

– Rahmat, – dedi qo‘lidagi olmaga ishora qilib. – O‘zicha “Bu qiz meni nazariga ilarmidi, – deya o‘yladi. – Nogiron bo‘lsam…”

U bozorchadan katta ko‘cha tomonga qarab ketdi. Ko‘chadan mashina, avtobuslar g‘iz-g‘iz o‘tayotgani ko‘rinib turardi. Bozordan boshlangan tor yo‘l katta ko‘chani kesib o‘tib, chorraha hosil qilgan. Atrofda do‘kon, oshxona, yana allaqanday idoralarning binolari bor. Tolibjon chorraha shaharcha markazi ekanligini taxmin qildi. Bu yerlarni yaxshilab ko‘rib olmoqchi bo‘lib o‘ngdagi daraxtlar soya tashlagan yo‘lkaga burildi. Sadaqayrag‘och ostidagi xarrakda jigarrang-qo‘ng‘ir sochli, dumaloq yuzi qizg‘ish-sariqqa moyil, taxminan o‘ziga tengdosh yigit o‘tiribdi. U nimanidir eslab qolmoqchidek ko‘chadan o‘tayotgan mashinalarga diqqat bilan tikiladi. Yo‘lning narigi betidagi devorga bosma harflarda “Uy sotiladi” deb yozib qo‘yilgan. Tolibjon bularning hammasini bir-bir kuzatdi-da, tavakkal qilib xarrakda o‘tirgan yigit tomonga yurdi.

– Assalomu alaykum, – dedi yigitning oldiga kelganida.

– Vaalaykum assalom, yaxshimisiz? – u o‘rnidan turib, so‘rashish uchun qo‘lini uzatdi. – Keling, do‘stim, mehmonga o‘xshaysiz?

– Qanday bildingiz?

– Bu yerliklarni yaxshi taniyman-da.

– To‘g‘ri, Zartopganga birinchi kelishim.

– O‘tiring-o‘tiring! Kimnikiga keldingiz?

Tolibjon o‘ng‘aysizlandi. Qarshisidagi yangi tanishi buni sezdi.

– Men shu yerdagi, Zartopgandagi texnikumni tugatyapman, – shoshib gapirdi u, – qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash bo‘yicha.

– Qoyil! – Tolibjon yigitga havas bilan qaradi.

– Diplom amaliyotini o‘tash uchun Mirzacho‘lga jo‘nashim kerak. Manovi, “Uy sotiladi”, deb yozilgan hovli o‘qituvchimizniki. Kaliti menda edi, shuni berib ketay, deb kutyapman.

Tolibjon bu yigit bilan gapi kelishib qolganiga suyundi. Botinib, ilinj bilan ko‘nglidagini aytdi:

– Ijaraga qo‘ymaydimi?

– Iy-e, ijarada turmoqchimisiz?

– Ha.

– Qo‘yadi, ijaraga. Nega qo‘ymasin? O‘zi, shu uyni olaman, degan ham chiqmayapti. Odamsiz uy… vayrona bo‘lib ketadi.

– Unda gaplashib bering?

– Meni bir taklifim bor?

– Qanday? – ajablandi Tolibjon.

– Yoshingiz nechada?

– Yigirmaga chiqyapman.

– Deyarli tengdosh ekanmiz. Sensirab gaplashaveraylik?

– Mayli, ismim Tolibjon, suratchiman.

Tolibjon “suratchiman”, dedi-yu, g‘alati bo‘lib qoldi. Lekin gapdon yigit buni sezmadi. Suyunib ketdi:

– Suratchimisiz?! Yo‘g‘-e… Suratchimisan, do‘stim? Zo‘r-ku! Bizda suratchi yo‘q. Toshkentdan kelib tushirib ketishadi. Bo‘ldi! Muallim bilan uyni gaplashib beraman.

– Rahmat, og‘ayni.

– Men Serverman, – u qo‘lini uzatdi. – Asli, biz ham bu yerlik emasmiz. Urushning oxirrog‘ida, qirq to‘rtinchi yilning bahorida kelganmiz. Men qrim tatarlardanman. Zartopganda ko‘pchilikmiz… Ana, muallim kelib qoldilar! Keyin senga hammasini aytib beraman.

Tolibjon Server ko‘rsatgan tomonga qaradi. Kunning tig‘ida baland bo‘yli, gavdasi yo‘g‘on, ochiq chehra, tepakal odam ko‘rindi. Yengi kalta, qizil katak ko‘ylak kiygan. U qo‘lini peshonasiga qo‘yib tez-tez yurib kelardi.

– Server, kutib qoldingmi? – dedi yetib kelganda samimiy jilmayib. Bu odam har bitta so‘zni chertib-chertib, dona-dona qilib gapirardi.

– Hechqisi yo‘q, Nikolay Semyonovich, – Server o‘rnidan turdi. – Shunday ham bugun bekorman, shaharchamizni tomosha qilib o‘tiribman. Mirzacho‘lga borsam sog‘inaman.

– To‘g‘ri aytasan, Ukrainaga ko‘chsak, men ham qo‘msayman. Sezib turibman, aniq shunday bo‘ladi! Zartopganning odamlariga judayam o‘rganib qolganmanda. Yoningdagi do‘stimiz kim?

– Bu Tolibjon, – dedi Server. – Suratchi ekan. Ijaraga uy izlayapti. Balki, uyingiz sotilguncha qo‘yib turarsiz? Har holda, odamsiz bo‘lmaydi… Men ham ketyapman?

Server Nikolay Semyonovich bilan bemalol rus tilida so‘zlashardi. Tolibjon ularning bir-birlariga yaqin, ishonchli odam ekanliklarini darhol tushundi. Ayni damda shu insonlarga duch kelganini Ollohning inoyati deb bildi.

– Suratchimisiz, yigitcha? – Nikolay Semyonovich Tolibjonga sof o‘zbek tilida murojaat qildi.

– Ha.

– Men ham fotografiyaga qiziqaman. Fotoyiriklashtirgich, yana boshqa asbob-anjomlarim bor… Mayli, uyimda turaqoling… sotilguncha.

Tolibjon Zartopganga birinchi kelishidayoq ishining bu qadar o‘ngidan kelishini sira kutmagandi. Shuning uchun xuddi xazina topib olgandek suyunib ketdi. Qishloqda tuzgan rejalari ba’zan o‘ziga ham xomxayoldek tuyulgandi. Ajab, poyezddan tushiboq zartopganlik bo‘lib qolay deyapti.

– Server, darvozani och, bu yigitga uyni ko‘rsatamiz, – dedi Nikolay Semyonovich.

– Men hozir qololmayman, – Tolibjon shoshib gapirdi, – qishloqqa borib kelaman.

– Mayli, istagan paytingda ko‘chib kelasan, – Server gapga aralashdi. – Kalitni Qobiljon amakida qoldiramiz. – U Nikolay Semyonovichga “shunday qilsam rozimisiz?”, degan ma’noda qaradi.

– Mayli, imkon bo‘lganda, Qobiljon amaki bilan ham tanishtir, do‘sting yaxshi yigitga o‘xshaydi.

Ular ko‘chani kesib o‘tib, moviy darvoza qarshisiga kelishdi. Server kalitlar shodasidan keraklisini topib, qulfni ochdi. Taxta soyabonli, moviy darvoza g‘iyqillab ochildi. Server o‘zini chetga oldi. Avval Nikolay Semyonovich, uning ortidan Tolibjon bilan Server darvozadan hovliga kirishdi.

Chamasi to‘rt sotixlik tomorqada bir necha tup olma, kiraverishda gilos daraxti, nariroqda sim tortib ko‘tarilgan uzumzor ko‘zga tashlandi. Hovli to‘rida oppoq qilib oqlangan, qutichadek uy. Uchovlon devor chetidagi yo‘lakdan o‘sha tomonga yurishdi.

– Server, och, – dedi Nikolay Semyonovich uyning eshigiga ishora qilib.

O‘zi hovliga suqlanib qarab turardi. Server qo‘lidagi kalitlar shodasidan keraklisini topib, eshikni ocha boshladi. Tolibjon Nikolay Semyonovichning havas bilan termilishidan bu hovli unga juda-juda qadrli ekanini sezdi. “Ketib nima qiladi, – deya o‘yladi, – elektr o‘tkazilgan, toza vodoprovod suvi bor ekan. Maza qilib yashamaydimi?”.

– Ko‘chib ketmasidim, xotinim Anna Grigorevnaning yuragi xasta, – dedi Nikolay Semyonovich Tolibjonning fikrini uqqandek. – Ukrainaga, o‘zining yurtiga borishni xohlayapti. Hozircha Toshkentda, singlisinikida turibmiz, davolanyapti. Yo‘l hozirligini ko‘rib qo‘yganmiz.

Server eshikni ochdi. Ular ichkariga kirishdi. Uy ikki xonali ekan. Kiraverishdagi, deraza pardasi yopilgan xona nimqorong‘i edi. Nikolay Semyonovich elektr chirog‘ini yoqdi. Shiftda porlab turgan lampochkaga qarab Tolibjonning ko‘ngli yorishdi: demak, fotoyiriklashtirgichda surat ishlashi mumkin!

– Bu xonada ovqatlanamiz, mehmonxonamiz ham shu, – tushuntirdi Nikolay Semyonovich. – Yotoqxona ichkarida.

U chap tarafdagi ixcham eshikni ochdi. Hammalari ichkariga kirishdi. Bu xonaning kattaligi ham taxminan birinchi kirgan xonalaridek edi. Tolibjon burchakda turgan kichik stoldagi fotoyiriklashtirgichni ko‘rib qoldi. Boshqa jihozlarga e’tibor bermasdan, o‘sha tomonga yurdi. Fotoyiriklashtirgichning tim qora rangli, yorug‘lik o‘tkazmaydigan tunuka qobig‘iga kaftini qo‘ydi-da, uy egasiga qaradi. Nikolay Semyonovich oqko‘ngillik bilan jilmaydi:

– Aytdim-ku, men ham fotografiyaga qiziqqanman, deb. Bemalol ishlataver.

– Yaxshi bo‘lardi! – dedi Tolibjon quvonchini ichiga sig‘dirolmay. – Men suratchilikni endi boshladim. Qishlog‘imizda elektr yo‘q. Shuning uchun bu yoqqa ko‘chib kelmoqchiman.

Tolibjon bexosdan kulib boqqan omaddan masrur edi. Lekin bu baxtga hali erishgani yo‘q. Ko‘nglida, aynib qolishmasaydi, degan hadik ham yo‘q emasdi. Shuning uchun ichidagini to‘kib soldi. Ellik yoshlardagi zukko muallim ko‘zlari chaqnab turgan bu yosh yigitga allaqachon baho berib qo‘ygandi.

– Oyog‘ingga nima bo‘lgan? – dedi otalarcha mehribonlik bilan.

– Avtomobilda falokat yuz bergan.

– Hozircha mening uyimda turaqol. Keyin bir gap bo‘lar. Xohlasang, ishga kiritib qo‘yaman. Foto to‘garagi tashkil qilasan. Suratga tushirish, ishlashni bilasan-ku, shundaymi?

– Ha, bilim yurtida o‘rganganman.

– Endi shularni o‘quvchilarga o‘rgatsang bo‘ladimi?

– Albatta, bo‘ladi! – Tolibjon sidqidildan ma’qulladi. – Menga ishonsangiz, hammasini eplayman!

– Demak, kelishdik. Server, kalitni istagan paytida Tolibjonga berasan. Yosh texniklar markazining direktori bilan gaplashib qo‘yaman, foto to‘garagi ochib beradi.

– Uyga borib kelishim kerak.

– Yaxshi, borib kelaqol.

– Ijara haqi?..

– Bu haqda o‘ylama. Baribir hozircha uyga xaridor yo‘q. U yoq-bu yoqni tozalab o‘tira olarsan?

– Men tomorqani yumshatib, ekin ham eka olaman! – Tolibjon gapini isbotlamoqchidek qaddini rostladi.

– Yer chopish shart emas… Server, sen qachon Mirzacho‘lga jo‘naysan?

– Hali uch-to‘rt kun shu yerda bo‘laman.

– Unda masala hal, desak ham bo‘ladi. Aslida men kalitni olib ketgani kelgandim. Uni Tolibjonga berib qo‘yaqol.

– Men…

– Ikki-uch kunda ko‘chib kela olarsan?

– Ertagayoq ko‘chib kelaman!

– Yaxshi. Men bu yerda ishlarimni bitirib, shaharga qaytay. Yo‘l-yo‘lakay maktabga kiraman. Yosh texniklar markazi maktabimiz hovlisida joylashgan. Sen direktorga uchrash. Unga o‘zim hammasini tushuntirib qo‘yaman.

– Xo‘p.

Nikolay Semyonovich ketish uchun o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Uni Server bilan Tolibjon ko‘chagacha kuzatib chiqishdi…

Tolibjon shu kuni foto anjomlar uchun Toshkentga bormadi. Zartopganga kelgan birinchi kuniyoq hayot daryosi boshqa o‘zanda oqa boshladi. Server bilan eski qadrdonlardek bo‘lib olishdi. Chorrahaga chiqib, tandir somsa olib kelishdi, birga o‘tirib choy ichishdi. Tushlikdan keyin Server uni poyezdga kuzatib qo‘ydi. Tolibjon shaharga borishni boshqa kunga qoldirib, qishlog‘iga qaytib ketdi.

…Muslima opa o‘g‘lini xavotirlanib kutib o‘tirardi. Darvoza ochilganda shoshib hovliga chiqdi.

– Muncha kechikding, o‘g‘lim!? – dedi Tolibjonning istiqboliga yurarkan.

– Keldim, oyi.

– Yuking qani?

– Shaharga bormadim.

– Unda qayerda eding?

– Zartopganda tushib qoldim. Shaharga yaqin joy, men sizga aytgandim.

– U yerda nima qilding? – Muslima opa o‘g‘liga ajablanib qaradi.

– Uy topdim… Oyi, ertaga ko‘chib boraman. Shaharchada elektr, vodoprovod bor. Ish ham topilay deb qoldi.

– O‘g‘lim! – Muslima opaning ovozi titrab chiqdi. – Axir, bir o‘zing qanday yashaysan? Men-chi? Sensiz nima qilaman!?

Tolibjon oyisining shunday deyishini avvaldan bilgandi. Yo‘l bo‘yi aytadigan gaplarini o‘ylab keldi. Ammo hozir u gaplarning birortasiyam esiga tushmadi.

– Oyi, uzoqqa ketmayapman-ku, – dedi yutinib. – Ishlamasam bo‘lmaydi! Unda yashashning qizig‘i yo‘q!

Bu gapni eshitib, o‘pkasi to‘lib turgan onasi jim bo‘ldi. Tolibjon qizishib ketganini sezdi. “Asabiy bo‘lib qolibman, – deb o‘yladi, o‘zini bosib olishga harakat qildi, – juda qo‘polman”.

Muslima opa qovoq-tumshug‘i osilib ketgan o‘g‘lini quchoqlab oldi:

– Mayli-mayli! Roziman. Faqat xafa bo‘lma! O‘zingni avayla!

– Xo‘p, oyi.

Tolibjon Muslima opa bilan yana bir-ikki og‘iz gaplashib, o‘zining xonasiga kirdi. Devorga oyisining daryo bo‘yida tushgan surati ramkaga solib ilib qo‘yilgandi. Suratga tikilib xayolga cho‘mdi: “Oyisi uni doim tushunadi. Nima desa so‘zsiz bajarishga tayyor. Tolibjon uchun eng aziz, yagona inson – oyisi! Nogironligi, o‘rtoqlaridan boshqacharoqligini hech kim oyisichalik tushunolmaydi! Tolibjon bularning barini yengishga onasining buloq suvidek beadog‘ mehridan quvvat olmayaptimi, axir! Otasi geologlar bilan tog‘u toshlarda yuradi. Oyisi yolg‘iz o‘g‘liga qattiq suyanib qolgan. Endi unga qiyin bo‘ladi. Lekin Tolibjonning ham boshqa iloji yo‘q-da…”

Kechqurun ona-bola Tolibjonning Zartopganga olib ketadigan yuklarini yig‘ish­tirishdi. U bir necha juft kiyim-kechak, “Fotokor” apparati, qolgan fotoplas­tinkalar, kimyoviy eritmalarni o‘zi bilan oldi. Muslima opa unga bir dasta pul tutdi.

– Kerakmas, oyi, ishlagan suratlarimdan, nafaqamdan yig‘ilgan pulim bor, – dedi Tolibjon. – Ijara uyimda hamma narsa yetarli.

– O‘g‘lim, men birga boray? Xavotir olayapman-da, bolajonim, ular qanday odamlar, ko‘zim bilan ko‘ray?

– Oyi, Zartopganda yaxshi odamlar bilan tanishdim. Bilim yurtida o‘qiganimda o‘zim yashaganman-ku? Haliyam ishonmaysiz-a?

– Sen yolg‘iz bolamsan-da.

– O‘zimni eplashim kerak, oyi, endi men ishlayman.

– Mayli…

Tolibjon o‘ringa erta yotdi. Yangi rejalar tuzib, uyquga ketdi…

Saharda hovliga chiqqanida Muslima opa tandirdan patir uzayotgandi. “Oyim uxlolmabdilar, – deya o‘yladi istihola bilan. – Rosa tashvish orttirdim-da”.

– Turdingmi, bolam, yuzingni yuvib kelaqol, – onasining mayin ovozi eshitildi, – issiq patir bilan choy ichasan.

– Xo‘p, hozir.

Tolibjon hovli o‘rtasidagi atrofga eshilib-buralib o‘sgan o‘rik ostiga keldi. Qumg‘ondan muzdek suv quyib, yuvindi. Ayvonga chiqqanida dimog‘iga tandirdan yangi uzilgan patirning yoqimli bo‘yi keldi. Xontaxtaga qizarib pishgan issiq patirlar terib qo‘yilgandi.

– O‘tir, o‘g‘lim, – dedi choynak-piyola ko‘tarib kelayotgan Muslima opa, – choyingni ichib ol. – Patirning hovuri ko‘tarilsin, keyin xaltangga joylab beraman.

– Zartopgandagi ijara uyim bozorga yaqin, nonsiz qolmasdim, qiynalibsiz-da.

– Men nega qiynalay, o‘zimizning uyimizdaman. Bozorda meni patirimga o‘xshagani yo‘q, o‘g‘lim.

– To‘g‘ri, oyi, patiringiz hammanikidan shirin!

Tolibjon onasi sindirgan issiq patirdan bir burda olib, “uf-uf”lab yeya boshladi.

– Haliyam shu odating qolmabdi-da, – onasi jilmaydi. – Bolaligingda shunaqa qilib, “uf-uf”lab yerding.

– Oyi, siz yopgan patrni sog‘inib qolaman.

– Tandir bo‘lsa, borib yopib beraveraman.

– Balki uy ham olarman. O‘shanda tandir quramiz.

Muslima opa o‘g‘liga tikilib qoldi. Tolibjon bu gapiga onasining ajablanganini sezmadi.

– Oyi, duo qiling, vaqt bo‘ldi, – dedi shoshilib.

– Iloyo yo‘ling bexatar bo‘lsin, bolam, – Muslima opa duoga qo‘lini ochdi. – Yaxshilarga yaqin yur, yomonlardan adashtirsin. Omin, Ollohu akbar!

Tolibjon qo‘lini yuziga tortib, o‘rnidan turdi. Yukxaltasini yelkasiga osib, darvoza tomonga yurdi. Muslima opa ko‘chagacha kuzatib chiqdi. Tolibjon onasining ko‘zyosh qilishini kutgandi, unday bo‘lmadi.

– Qiynalsang qaytib kelaqol, – dedi faqat.

– Xo‘p, oyi, – Tolibjon onasini xotirjam qilish uchun rozilik bildirdi.

U shahar atrofiga qatnaydigan poyezdga o‘tirganida ham oyisining munis chehrasi ko‘z oldidan ketmadi. Kecha oyisi haqida o‘ylaganlari yana yodiga tushdi. Hayotda nimaga erishgan bo‘lsa, bari onasi tufayli ekanini o‘sha avtofalokatdan keyin yaxshi tushundi. O‘ylab qarasa, oyisi uning istaklariga hech qachon qarshilik qilmagan ekan. Na o‘qishi, na biror buyum sotib olishiga e’tiroz bildirmadi. Suratchilik bilan shug‘ullanishini qo‘llab-quvvatlagan ham onasi. Mana, Zartopganga ko‘chib borishigayam to‘sqinlik qilayotgani yo‘q. Faqat yolg‘iz qolayotgani yomon. Lekin u tez-tez xabar oladi… Tolibjon xayol bilan bo‘lib poyezd Zartopganga yetganini sezmay qoldi.

Temir yo‘l bekatida vagondan bir nechta yo‘lovchilar tushishdi. Ular asosan yosh-yalang yigit-qizlar edi. Tolibjonga yukxaltasi og‘irlik qildi. Eshik tutqichini ushlab, bir muddat tushishga chog‘lanib turib qoldi. Shu payt pastdan kimdir qo‘lini uzatdi:

– Do‘stim, xaltangni ber, – degan tanish ovoz eshitildi.

Tolibjon pastga qarab, ko‘zlariga ishonolmadi. Perronda qo‘lini cho‘zganicha jilmayib Server turardi.

– Iy-e, qanday topding?! – dedi-yu, suyunib, yukxaltasini uzatdi.

– Yordamlashaymi? – Server yukxaltani yerga qo‘yib, yana qo‘lini cho‘zdi.

– Rahmat, o‘zim tushaman.

Tolibjonning oyog‘i perronga tegar-tegmas teplovoz sakrashga shaylangan toychoqdek uzun bir pishqirib, poyezd joyidan jildi. Ipga tizilgan yashil marjon donalaridek vagonlar shovqin bilan o‘tib ketgunicha gaplashmay turishdi. Bekat birdan suv sepgandek jimjit bo‘lib qoldi. Furajka kiygan navbatchi jezl tayog‘ini o‘ynatib, qizil g‘ishtli bino tomonga yurdi.

– Ketdik, – dedi Server yukxaltani yelkasiga olib.

– O‘zim ko‘tarman, – Tolibjon o‘ng‘aysizlandi.

– Buguncha mehmonsan, izzatingni joyiga qo‘yaylik, keyin o‘zing ko‘taraverasan.

Ular kechagina tanishgan tengdoshlar emas, eski qadrdonlardek gaplasha boshlashgandi. Bundan Tolibjonning ko‘ngli ko‘tarildi. Uydan chiqqanidagi mahzun kayfiyat bir zumda tarqab ketdi. Bozor qarshisidan o‘tayotganlarida meva rastalariga qaradi. Olma sotuvchi qiz ko‘rinmadi…

Chorrahadan o‘ngga yurib, ko‘chani kesib o‘tishdi. Bir tavaqali tanish darvozaga yetganlarida Tolibjonning yuragi orziqdi: u mana shu uyda yashaydi!

Server kalit bilan darvozani ochdi.

– Endi bu uyda sen turasan, marhamat! – dedi.

Tolibjon darvozadan kirdi. Kimsasiz hovli sokin va qarovsiz edi. Tong shabadasi gilos yaproqlarini shitirlatdi. Shapaloqdek-shapaloqdek to‘q yashil tok barg­larini chang qoplabdi. Barglar orasida kechki “kattaqo‘rg‘on” gujumlari ko‘rindi. Hovli to‘ridagi uyning eshigi ochiq edi, Tolibjon ajablanib Serverga qaradi.

– Seni kutib olgani chiqayotganimda ochib qo‘ydim, – tushuntirdi Server. – Uyga toza havo kirib tursin, dedim-da.

– Rahmat.

– Hozir choy qo‘yaman.

Ular oldinma-keyin ichkariga kirishdi. Deraza pardalari ochilgan, xona tozalab, tartibga keltirib qo‘yilgandi. Stolga choynak-piyolalar terilgan. Server elektr plitani yoqdi, alyumin chovgunda suv qo‘ydi. Tolibjon yukxaltasidan ikkita patir oldi.

– Menga qara, do‘stim, bu patir-ku! – Server suyunib ketdi. – Patir nonni yaxshi ko‘raman. Zartopganga kelganimizda, bolaligimda, poyezddan tushgan qrimlar uch kun temir yo‘l yonboshidagi ko‘chada qolib ketishgan. Boshiga savat qo‘yib bozorga ketayotgan bir xola menga patir kulcha berdi. Shunday yutoqib yedimki, haligi patir kulchani! Axir, bir necha kun non yemagandik-da. Mazasi haliyam esimda! Bolalikdagi voqealar xotiraga qo‘rg‘oshindek quyilib qolarkan.

Server o‘rnidan turib, choy damlay boshladi.

– Tolibjon, xafa bo‘lmasang bir narsani so‘ramoqchiman, – dedi dasturxonga kelib o‘tirayotib.

– Bemalol, so‘rayver.

– Oyog‘ingga nima qilgan? Kecha Nikolay Semyonovichga “avtofalokatda bo‘lgan”, deganding?

– Ha, Server, avtofalokatda o‘ng oyog‘imdan ajraldim. O‘shanda shahardagi bilim yurtida o‘qirdim. Qishloqdan kech yo‘lga chiqdim. Qahraton qish, yo‘l muzlama edi. Chorrahada to‘satdan yuk mashinasi chiqib qoldi. Biz mingan “Moskvich” simyog‘ochga urilgan. Oyog‘imni asrab qolishning iloji bo‘lmabdi.

– Kechir, eslash og‘irdir?

– Ko‘nikib ketganman.

– Seni bir ko‘rishdayoq bilganman, aqlli yigitsan. Hali katta ishlar qilasan. Bizga ham oson bo‘lmagan. Og‘ir kunlarimizda yaxshi odamlar yordam berishdi. Xohlasang, o‘sha voqealarni aytib beraman?

– Mayli.

Server piyoladagi choydan bir ho‘plab, iztirobli hikoyasini boshladi:

– Asli, Qora dengiz bo‘yidagi Qrimdanmiz, – Server o‘yga cho‘mib biroz jim qoldi. – Zartopganga urush payti, qirq to‘rtinchi yilda, may oyining oxirlarida olib kelishgan. O‘shanda men olti-etti yoshlardagi bola edim. Esimda, eshigi surilib ochiladigan, ichiga somon to‘shalgan katta qizil vagonda kelganmiz. Vagondan achimsiq, badbo‘y hid kelardi. Bolalar yig‘lagan, xastalar oh-voh qilib yotishardi. To‘qqiz-o‘n kunlik yo‘l azobi, ochlik hammani holdan toydirgan. Bizni temir yo‘l yonboshidagi tor ko‘chaga tushirishdi. Odamlar bir tomondan yo‘l azobidan qutulganlariga suyunishsa, ikkinchi tomondan bundan keyingi taqdirlarini o‘ylab dahshatga tushishardi. Uch kun o‘sha yerda och-nahor yotdik. Aniq bilmaymanu, lekin juda ko‘pchilik edik… Hozirgi Zartopgan bozorining orqasida sovxoz uylari bo‘lardi. To‘rtinchi kuni bizni o‘sha uylarning har biriga o‘n-o‘n besh kishidan qilib bir amallab joylashtirishdi. Biz – onam, singlim va men edik. Otam urushda edi. Uzoq yo‘ldan keyin hech vaqomiz qolmagan, ochmiz… Shunday qilib, Zartopganda yashab qoldik.

– Maktabga shu yerda boribsan-da?

– Ha, Tolibjon, maktabga urushdan keyin, qirq oltinchi yilda bordim. Ungacha maktabimiz binosida harbiy gospital ishlagan. Ikkinchi jahon urushi yillarida og‘ir yaralangan harbiylarni shu gospitalga olib kelishardi. Hatto polshalik uchuvchilar ham davolanishgan. Jarohati og‘ir bo‘lib o‘lganlarni shu yerdagi qabristonga dafn qilishgan. Hozir ham Polshadan ziyoratchilar kelib turishadi. U paytlarda bola edik, to‘dalashib kun bo‘yi shaharchada yugurganimiz yugurgan edi. – Server shirin xotiralardan entikib jilmaydi. So‘ngra nimadir yodiga tushgandek birdan jiddiylashdi. – Gospital oldidan o‘tayotganimizda dorilarning o‘tkir hidi anqib turardi. Ayniqsa, o‘likxonasidan…

1946 yilda gospitalni ko‘chirib ketishdi. Maktab ochilib, bolalar qatnay boshlashdi. Kuzda men ham birinchi sinfga bordim. O‘ris tilida o‘qitishardi. Sinfdagi o‘quvchilarning ko‘pchiligi urush bo‘lgan joylardan olib kelingan bolalar. Sinfga o‘ttiz besh nafar o‘quvchi yig‘ildi. Turli yoshdagi, katta-kichik bolalar bitta sinf bo‘ldi-da. Ular asosan urush tufayli o‘qiyolmay qolganlar ekan. Eng kichigimiz yetti yoshda, kattamiz – aytsam ishonmaysan – o‘n to‘qqizga kirgan yigit! Nimagadir uni ham bizning sinfga olib kirishdi. Hali yuqori sinflar ochilmagani uchundir… Ana shu o‘n to‘qqiz yashar o‘ris yigiti men bilan bir partada o‘tirdi. U g‘alatiroq edi. Qog‘oz topsa, surat chizaverardi.

– Nimalarni chizardi?

– Shunisi qiziq-da! U indamas bola edi. Chizgan rasmlari hozirgacha esimda: jarrohlik xonasi, qo‘lida arra ushlagan doktor stolda yotgan odamning oyog‘ini kesyapti… Dahshat-a? Ba’zan odam tanasidan snaryad parchasini olib tashlayotgan jarrohni ham chizardi… Esimda, uning o‘ng yuzida katta chandig‘i bor edi. Avvalgi hayoti haqida sira gapirmasdi.

Hammamiz bir sinfda o‘qish-yozishni o‘rgandik. Siyoh yo‘q, qozonning qora qurumini suvda eritib, siyoh tayyorlab berishardi. Ruchka, qalam ham anqoning urug‘i. O‘qituvchimiz har birimizga pero tarqatdi. Peroni tol novdasiga bog‘lab, qora qurumli siyohga botirib yozganmiz.

Bilsang, o‘sha dahshatli urush yillarida onamning uddaburonligi tufayli sing­lim ikkalamiz omon qolganmiz. Bizni Qrimdan bir kechada ko‘chirib yuborishgan. Onam qopchiqda yong‘oq olishga ulgurgan ekanlar. Yong‘oqlarning ostiga “Zinger” tikuv moshinasining quloq-mexanizmini joylabdilar. Bu yerda bir usta quti yasab, moshinkani o‘rnatib berdi. Oyim ana shu “Zinger”da odamlarga kiyim-kechak tikib, bizni boqdilar.

U paytlarda qornimiz to‘yib maza qilganimizni sira eslolmayman. Zartopganda bittagina tegirmon bo‘lgan. Makkajo‘xorini shu tegirmonda tortib, unidan zog‘ora non yopilardi. Zog‘ora non shirin, lekin, bug‘doy non bo‘lolmaydi, ko‘ngilga urib qoladi. Onam olmaqoqini zog‘ora xamir o‘rtasiga terib, “pirog-non” ham pishirganlar.

Darsdan bo‘sh paytlarimizda shaharchani aylanib yurardik. Temir yo‘l bekatida ikkita suv tortish minorasi bor. Pishqirib to‘xtagan parovozlarga shu minoralardan suv quyishadi. Biz tomosha qilgani kelardik. Temir yo‘lda yana bitta vazifam bor edi: uyga vagonlardan to‘kilgan ko‘mirdan bir paqir terib borishim kerak. Ko‘mir topilmasa, vagon g‘ildiraklarida qotib qolgan qoramoyni qirtishlab olishga to‘g‘ri kelardi.

Shaharchada bizga hech kim jiddiy e’tibor bermasdi. Faqat bozor yonboshididagi choyxona “xavfli hudud” hisoblanardi. Choyxonachi Quvabek bolalarni yomon ko‘rardi. “Cho‘loq Quva” derdik uni. Quvabekni bir oyog‘i kaltaligi uchun urushga olishmagan. Chehrasida allaqanday ishtiboh qotib qolgan, badbin yigit edi. Choyxonada dastyorlik qilib, har xil odamlarni ko‘rib katta bo‘lgan-da…

Quvabeklarning uyi temir yo‘l ortidagi mahallada edi. Urush tugagan yilning yozida otasi temir yo‘ldan o‘tgan-u, yiqilib qolgan. Unga nima bo‘lganini hech kim bilmadi. Surishtiruvchisi ham yo‘qdir-da. Hushsiz choyxonachini uyiga ko‘tarib borishadi. Uch-to‘rt kun shu ahvolda yotib, o‘ziga kelmay joni uziladi…

– Ko‘p gapirib yubordim. Seni zeriktirib qo‘ymadimmi? – Server hikoyasini bo‘lib, Tolibjonning choydan bo‘shagan piyolasiga choy quydi. – Men bularni hech kimga aytmaganman. Bugun eshilib ketdim.

– Gaping eng qiziq joyiga keldi. Endi oxirigacha aytmasang bo‘lmaydi.

Tolibjon unga tikilib o‘tirib oldi. Server gapida davom etdi:

– Otasining sirli o‘limidan keyin choyxona Quvabekka qoldi. Bu ozg‘in, cho‘loq yigitning yoshi yigirma beshlarda edi. Qishin-yozin rangi uniqib, dog‘lanayotgan yog‘ning tutunidan yaltirab ketgan marg‘ilon nusxa do‘ppi kiyib yurardi. Boshi ikki tomondan siqib qo‘yilgandek cho‘zinchoq. Katta-katta, o‘qraygan ko‘zlari odamga yeb qo‘ygudek tikiladi. Kalta mo‘ylovini dam-badam qashib qo‘yadigan odati bor edi. Biz uni ko‘rganda bir-birimizga qarab burnimiz ostini qashlab kulaverardik.

Xullas, biz unga, u bizga yoqmasdi. Quvabekning bolalarni yoqtirmasligiga yana bir sabab bor. Cho‘loq choyxonachi uylangan bo‘lsayam xotinboz edi. Temir yo‘l bekatida qolib ketgan xotinlarni choyxonaga boshlab kelaverardi. Bolalar uni ermakka poylashar, u ham quvlik qilib, bildirmay tashqariga chiqardi-da, poyloqchilarni xivich yo kesak bilan tushirib qolardi.

O‘sha yillari Quvabek bir qo‘qonlik xotinga ergashib allaqayoqlarga ketib qoldi. Shu-shu uni boshqa ko‘rmadik.

Otam frontda edi, urush tugagan yili bizni topib, Zartopganga keldi. Otam qaytganidan keyin ahvolimiz ancha yaxshilandi. Singlim bilan men maktabda o‘qirdik. Urush bo‘lgan yerlardan Zartopganga kelib qolgan bolalar birin-ketin yurtlariga qayta boshlashdi. Haligi, men aytgan o‘n to‘qqiz yoshli g‘alati yigitni ham qarindoshlari olib ketishdi. Xayrlashayotganida chizgan suratlarini menga qoldirdi. Ularni oyimga berdim. Oyim suratlarni bir-bir ko‘rib, boshlarini chayqadilar, ko‘zlaridan yosh quyildi. Rasmlar uqubatli kunlarimizni eslatdi, chamasi. Ularni tashlab yubordilarmi, olib qo‘ydilarmi, bilmayman.

Urush haqida gap ketsa, oyim tug‘ilib-o‘sgan qishlog‘imizni eslayveradilar. Biz Qrimning Yalta yaqinidagi Mesxor qishlog‘idanmiz. Qishloqda Orziqiz bilan qaroqchi Alibobo afsonasiga haykal ham qo‘yishgan. Oyim favvorani, ko‘zadan suv ichayotgan suv parisini ko‘p gapiradilar. Orziqiz afsonasini qayta-qayta aytib ham charchamaydilar.

– Qiziq afsona bo‘lsa kerak? – dedi Serverning hikoyasini berilib tinglayotgan Tolibjon.

– Qiziq, juda qiziq, Tolibjon. Aytib beraymi?

– Mayli.

– Afsonada aytilishicha, dengiz bo‘yidagi jannatmakon qishlog‘imizning qizlari parilardek juda-juda go‘zal bo‘lishgan. Orziqiz ana shu go‘zallarning ham go‘zali edi! Chehrasi Qrim tog‘larida suzib yurgan bulutlardek oppoq. Lablarini bog‘larimizdagi qirmizi olchaga o‘xshatishadi. Ko‘zlari dengiz suvidek yashil-moviy. Yuzidagi kulgichlari yigitlarning jonini oladi! Qirg‘oqqa suzib kelgan dengizchilar Mesxor qizlarining ta’rifini uzoq-uzoqlarga olib ketishar ekan. O‘sha davrlarda dengizda qaroqchilar ham ko‘p bo‘lgan deyishadi. Kunlardan birida cho‘milayotgan qishloq qizlarini Alibobo degan qaroqchi o‘g‘irlab, kemasida noma’lum tomonga olib ketadi. Ular orasida go‘zal Orziqiz ham bor edi.

Qishloq yigitlari g‘azab o‘tida yonishadi! Bor kemalari, katta qayiqlarini ummonga chiqarishadi. Biroq qancha qidirishsa ham qizlar ketgan kemani topisholmaydi.

Qaroqchi Alibobo Mesxor go‘zallarini Turkiyaga olib boradi. Ular turk xonining xaramida tutqun bo‘lib qolishadi.

Oradan kunlar, oylar o‘tadi. Qizlar yig‘lab-yig‘lab, oxiri noilojlikdan taqdirga tan berishadi. Tug‘ilib-o‘sgan qishloqlari haqidagi xotiralarini bir-birlariga so‘zlab ovunadilar. Faqat bir qiz – go‘zal Orziqiz o‘zining shum taqdiri bilan kelisholmaydi. U har kuni dengizga uzoq-uzoq termilib, tug‘ilib-o‘sgan qishlog‘ini yosh bola o‘z onasini qo‘msagandek zor-zor bo‘lib sog‘inadi. Xudodan Vataniga qaytish yo‘lini yalinib-yolvorib so‘raydi. Go‘zal Orziqizning iltijolari Yaratganga yetib boradi.

Kunlardan birida xon xaramidagi kanizaklarni dengizga cho‘milgani olib borishadi. Ular orasida go‘zal Orziqiz ham bor edi.

Orziqiz “bu kunimdan o‘lganim yaxshi”, deydi-yu, o‘zini ajdahodek to‘lqinlari ko‘pirib turgan ummonga tashlaydi. Dengiz ostiga sho‘ng‘ib, suv parisiga aylanadi va tug‘ilgan yurtiga tomon suzib ketadi.

Afsonada aytilishicha, suv parisiga aylangan Orziqiz hamon dengizda, Mesxor qirg‘oqlarida suzib yurar emish. Hamqishloqlari Orziqizning Vataniga bo‘lgan cheksiz muhabbatiga tahsinlar aytib, unga haykal o‘rnatadilar…

Server Orziqiz haqidagi afsonani aytib bo‘ldi-yu, xayolga cho‘mib qoldi:

– Vatan sog‘inchi shunchalar kuchli bo‘larkan, Tolibjon! – dedi nihoyat.

– Tug‘ilgan yurtingni qo‘msaysanmi?

Server nima deyishini bilmasdan ikkilanib, Tolibjonga qaradi:

– Bu yerga kelganimizda men bola edim, o‘rganib ketdim. Qishlog‘imiz, dengiz bo‘ylarini oz bo‘lsayam eslayman. Lekin onam, otam yurtimizni juda-juda sog‘inishadi. Bu sog‘inchni so‘z bilan ifodalash mushkul, do‘stim! Yurakni tegirmon toshidek ezadi Vatan sog‘inchi!

Tolibjon nima ham derdi. Har kimning ko‘nglida bir muztarlik bor. Buni o‘zi ham biladi…

Server yana biroz o‘tirdi-da, xayrlashib chiqib ketdi.

Tolibjon kun bo‘yi uyni, hovlini tozalab, tartibga keltirdi. Kechga borib o‘zini bu uyda avvaldan yashayotgandek his qila boshladi.

Gulnoza Mamarasulova. Uy mojarosi (hikoya)
Sokin tun….
Ovozi pastlatib qo‘yilgan radiodan taralayotgan maxzun kuygina bu xonadonda hayot davom etayotganini anglatardi. Qo‘shni uydan quloqqa chalinib turadigan g‘ala-g‘ovurlar ham bugun tinch. Goh-gohida issiq o‘rnida miriqib uxlayotgan bolaning g‘ingshishi jimlik pardalarini yorib o‘tardi-yu yana tin oladi. Qani u ham bola bo‘lib qolsa…. Beg‘ubor, betashvish… va beg‘am damlarga qayta olsa…
Havoning issig‘idan bo‘g‘riqib uyg‘ongan Layloning uyqusi qochgandi. Qo‘li bilan yon-verini paypaslab, telefonini topdi. Zimistondan yorishgan nurdan ko‘zlari qamashdi. Ko‘zini yirib ochib, soatga qaradi. Yonida yotgan bolasining ustiga yengil yopinchiq tashlab, o‘rnidan turdi.
-Haliyam kelmabdi… – dedi o‘ziga-o‘zi narigi xonadagi erining joyini ko‘zdan kechirar ekan.
Ha, anchadan beri er-xotinning o‘zaro janjallari va arazlar alohida xonalarda yotishga majbur qildi.
Tun yarmidan oshgan. Saidbekdan esa hanuz darak yo‘q. Ustiga ustak bu hol birinchi marta ro‘y berayotgani yo‘q. Layloning ko‘ngli g‘ashlandi. “Kimlar bilan… Qayerlarda yurgan bo‘lsa… Yana… Yo‘g‘-e, bo‘lishi mumkin emas…” hayolidan har nelar o‘tdi ayolning. Ichidan to‘fondek ko‘tarilayotgan g‘ashlik “g‘urur”ini chetga surib, telefon tugmalarini terishga undadi. Ammo… Ketma-ket qo‘ng‘iroqlar javobsiz -qoldi. Unga sayin ayolning ich-etini shubha-gumon va… va aybdorlik qurtlari kemira boshlagandi.
Axir, nega bunday bo‘lyapti?… Nima uchun borgan sari “turmush” atalmish tushuncha “to‘rt musht”ga aylanib bormoqda… Kim bunga aybdor? Nahotki, barcha bo‘lib o‘tgan gina-qudratlarning ildiz-tomiri oxir-oqibat o‘ziga kelib taqalayotgan bo‘lsa…
Adoqsiz savollardan boshi aylangan ayolning ko‘zidan shashqator yoshlar oqdi. So‘ngi yillarda tushgan ajinlari – da o‘ziga husn — sutga chayilgandek oppoq yuzidan, go‘yoki dur kabi betizgin tomchilar dumalay boshladi. Ro‘parasida turgan ko‘zgudagi aksi ham unga hamdardlik bildirib ,ko‘z-yosh to‘kardi… O‘tgan vaqt mobaynidagi baxtiyor damlari-yu so‘ngi paytlarda beto‘xtov bolalayotgan dilxiraliklar Layloni yig‘latdi.
Tomog‘i qaqrab ketgan ayol oshxonaga chiqdi. Paxta gulli piyolaga suv quyib, yutoqib ho‘pladi. Nazarida, ruhi uni tark etgandek, go‘yo bo‘m-bo‘sh qopdek yengil va hissiz bo‘lib borayotgandek edi. Oyoqlari esa aksincha, kishanlangan kabi og‘ir, tanasiga bo‘ysunmasdi.
Hayolida ming xil o‘ylar gir-gir aylanmoqda.
-Yo‘q, yo‘o‘-o‘q! – qichqirib yubordi u. Hatto buni o‘zi ham anglamay qoldi. Bolasidan xavotirlanib, uning oldiga yugurdi. Har ne, uni cho‘chitib yubormabdi. O‘g‘li shirin uyquda yotibdi. Xuddi otasiga o‘xshaydi. Burni, ko‘zi, qoshi va hatto, peshonasi ham quyib qo‘ygandek dadasining o‘zi… Shularni Laylo hayolidan o‘tqizar ekan, yuziga nim tabassum yugurdi.

Eh, o‘sha damlar… Bir-birini intiqib kutishlar-u oyga termulgancha shirin-shirin orzular osmoni ostida o‘tgan baxtiyor damlari… Tasavvurlarida bir-birlarisiz vaqt to‘xtab qolardi go‘yo…
Hamon esida, to‘ydan oldingi uchrashuvlarga Laylo shamoldek uchib borar edi. Hamma-hamma narsani unutardi. Bu dunyoda faqat u va Saidbek bor edi, go‘yo.
Hatto bir marta, Saidbek bilan diydorlashish umidida shoshilgancha, gaz pechiga qo‘ygan pirogi ham yodidan ko‘tariladi. Gaz pechini tekshirmay, uyni tark etadi. Aksiga olib, uydagilar o‘z ishlari bilan allaqachon chiqib ketgan. Yaxshiyamki, o‘sha kuni opasi ishdan ertaroq qaytib, falokatning oldini olgan…
Bu voqeani eslagan Layloning yuzida hasrat va dard aralash kulgu balqdi-yu o‘zini-o‘zi yomon ko‘rib ketdi. Endilikdagi munosabatlarning keskinlashuvidagi ayblorlik hissi alomatlari edi bu.
Yillar oldin Saidbek bilan bir-birlariga ko‘ngil qo‘yib, turmush iplarini bog‘lashgan edilar. Hammasi risoladagidek ketardi. Tangri ularga o‘g‘il farzand hadya etib, baxt bog‘ichlarini qattiqroq bog‘ladi. Ammo inson ba’zida shukronalik hissini unutar ekan…
O‘g‘li tug‘ilgandan keyin Layloning injiqlari yanada ortdi. Hali qaynonasi bilan, hali ovsini, hali qaynakasining bolalari dastidan shikoyat qilib, Saidbekni bezor qildi. Har kuni ishdan kelgan erni bir olam gina-arazlar kutib turishi tayin edi. Saidbek ham tushuntirishlardan charchadi.
-Nima deysan… mendan nima hoxlaysan? Nima qilsam, mendan , mening yaqinlarimdan rozi bo‘lasan? – dedi xotinining injiqliklariga nuqta qo‘yish maqsadida er gapni bir joyga qo‘yib.
-Bizni o‘ylasangiz alohida uy olib chiqib ketasiz! – qat’iy va lo‘nda javob berdi Laylo.
Bu taklif uni tamoman esankiratib ko‘ygandi. Axir xotinining gapiga kirib, ota-onasi va yaqinlaridan ajrab, uydan chiqib ketish, to‘g‘rimikan? Yoki Layloning bugungi kayfiyatini o‘zgartiradigan boshqa yo‘llarni qidirish kerakmi?! Nima qilsin u?… Nima qilsa to‘g‘ri bo‘ladi? Saidbekning boshi qotdi.
Anchagacha bunga rozi bo‘lmagan Saidbekni kelindan zada bo‘lgan ota-onasi ham qistay boshladi. Kelinning arzimagan narsadan qovoq-tumshuq qilishi, ovsini bilan g‘idi-bidi aytishishlariga chek qo‘yishning yagona yo‘li edi bu, nazarlarida.
Saidbekning otasi umr bo‘yi halol mehnat teri evaziga farzandlarini voyaga yetkazdi, nomdor oliygohlarda o‘qitdi, to‘y-tomoshalar qildi. Endi qarib qoldi. O‘g‘liga yangi uy-joy qilib berishga qurbi yetmaydi. Buni yaxshi biladigan Saidbek tavakkal qilib, ko‘p qavatli binodan ijaraga uy topdi-yu ko‘pga cho‘zmay ko‘chib kelishdi.
Laylo ham ijara bo‘lsa-da, o‘z uyidek emin-erkin qush bo‘lib oldi. Avvalgidek xushchaqchaq va quvnoq insonga aylandi. Bularni sezgan Saidning ko‘nglidagi g‘ashliklar biroz arigandek bo‘ldi.
Biroq…. To‘satdan uy egasi kvartirani sotish qaroriga kelib qoldi. Saidda esa yetarlicha pul yo‘q. Shuning uchun boshqa turar joy topishga to‘g‘ri kelardi. Ustiga-ustak xotini yana hunarini qarichlay boshladi. Oxir – oqibat boshqasiga ko‘chib o‘tishdi hamki, uning qovog‘i yoyilmasdi. Hatto ko‘rpa-to‘shagini erinikidan alohida qilib oldi. Saidbek ham hammasidan to‘yib ketdi.
-Nima darding bor? Nega ranging ochilmaydi, — dedi u tishini-tishiga qo‘yib kunlarning birida.
-Uyma-uy ko‘chib yurish jonimga tegdi. Qachon o‘zimizni uyimiz…. – xo‘rligi kelib xo‘ngrab-xo‘ngrab yig‘lay boshladi ayol.
-Boshida o‘zing tushunishni istamading! Axir shunday bo‘lishini bilar eding-ku! – dedi er o‘ksib yig‘layotgan juvonga rahmi kelib.
Laylo yig‘idan to‘xtab, shartta o‘rnidan turib, asabiy holatda xona bo‘ylab yura ketdi.
-Hammaning o‘z uyi bo‘lishi kerak, axir. Opa-singillarim… dugonalarimni qarang…Uyi tugul, tagida mashinasi ham bor. Biz esa faqat qiynalib…
-Afsuslanayapsanmi-a!… O‘ynab yurganim yo‘q, harakat qilayapman-ku…. – dedi iztirob bilan u. Rostdan ham Saidbek kechasiga qo‘shimcha ish topgan, shahardagi dong‘i chiqqan kafelarning birida bosh hisobchi sifatida ish yuritardi. Unday tashqari kunduzlari asosiy ish joyida bank xodimi ham edi. Shu sababli, uyga doim xorg‘in holatda kirib kelardi. Xotinining hozirgi gap-so‘zlari esa Saidbekning bu holatiga umuman ortiqcha. Uni eshitadigan ahvolda emasdi.
-Sabr qila olasanmi, iltimos… – u iltijoli ko‘zlari bilan Layloga boqdi. Laylo ham jimib qoldi-yu ammo ichidan bir to‘fon ko‘tarilgandek zum o‘tmay jazavaga tushdi:
-Sabr! Sabr! Qancha? Yana qancha kutish kerak?…Javob bering?… Odamlar chet elda ishlab kelib, qo‘sha-qo‘sha …. — uning gapi chala qoldi.
Said sapchib o‘rnidan turdi- yu qaxr to‘la ko‘zlari bilan xotiniga bir zum darg‘azab tikildi va ko‘chaga chiqib ketdi.
Ularning munosabatlari vaqt o‘tgan sari keskinlashib bormoqda. Layloni ham u bilan yolg‘izgina o‘g‘li bog‘lab turardi. Nahotki shu rost bo‘lsa… Mana shunday hayotni orzu qilib , Saidbek bilan turmush qurgan edimi?…
Mana, u bugun ham yo‘q. Anchadan beri xo‘jayini kechalari, ba’zida ikki-uch kunlab ishini ro‘kach qilib uyga kelmaydigan odat chiqardi. Saidbekning bo‘y – basti kelishgan, yosh yigitlardek navqiron… Istagan qizni o‘z qarmog‘iga ilinshtirishga qodir… Daraxtni tepsang qiz yog‘iladi, degan naql bekorga aytilmagan. Laylo Saidbek bilan borgan to‘y-tomoshalarda shaxsan o‘zi guvoh bo‘lgan. Ne-ne qizlar unga ko‘z suzib, atrofida girdikapalak bo‘lib kolardi… Balki … kechalari ishini bahona qilib… Kim biladi yana birontasi bilan…
-Tuf-tuf, tavba qildim…- pichirladi juvon o‘z hayollaridan o‘zi cho‘chib.
Sabri chidamadi. Jajji apparat tugmalarini terib, tanish raqamga qo‘nqiroq qilmoqchi bo‘ldi-yu ko‘zi ekrandagi sanaga tushdi.
-Voy, Xudo! Unutib qo‘yibman! Ana-mana deguncha to‘yimizga bugun besh yil bo‘libdi, — hayratdan uning ko‘zlari katta-katta ochildi.
Saidbek bilan umr iplarini bog‘laganlariga ham roppa-rosa besh yil bo‘libdi-ya… Shuncha vaqtdan beri ayolining ko‘nglini xushlash uchun er sarson-u sargardon. Uzz-u kun tinim bilmaydi. Yana Laylo noshukrlik qiladi. Noligani noligan-a … Axir ko‘chada qolishgani yo‘q-ku. Qaynota – qaynonasi bitta hovlidan aka-ukalar uchun uy solib qo‘ygan. Tayyor uy-joyini, yaqinlarini tashlab chiqishga Saidbekni majbur qilgan o‘zi edi-ku… Eri nufuzli ishda ishlaydi. Layloga qanchalab dugonalari aytib-aytmay, havas va hatto hasad qilishlari ham rost. Yana erini ezgani-ezgan… Hayolidan o‘tgan umri kino lentalaridek birma-bir o‘ta boshladi. O‘z qilmishlari xuddi kinodek ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lgandi.
O‘yladi… o‘yladi…
-Menga ortiq hech narsa kerakmas… Baxtli damlarim ortga qaytsa bas! – deya shivirladi o‘ziga-o‘zi. Ko‘zidan tushunib bo‘lmas his-tuyg‘ular alomati — yoshlar dumalardi. Har tomchi oqayotgan yosh tanasiga yengillik bag‘ishlayotgan edi, go‘yo. Ayol g‘ingshib uyg‘ongan bolasining, yuz-ko‘zlaridan o‘pa ketdi. Onasi yonidaligini sezgan bolakay yana xotirjam uyqusida davom etdi.
Layloning ko‘nglida ajib hislar jo‘sh urdi. Butun vujudi bo‘ylab sof va pok muxabbat ildizlari yana tomir ota boshladi .
Darvoqe, bugun ular uchun bayram! Bayramga esa tayyorgarlik ko‘rish zarur. U apil-tapil yuvindi-yu oshxonaga o‘tib, ertalabki nonushtani bayramona tuzash taraddudiga tushdi. Saidbek yoqtiradigan taomlar-u shirinliklardan pishirdi. Uy ishlarini bor mexr-muxabbati bilan bajardi.
Quyosh chiqdi… O‘z nurlarini har kungidan o‘zgacha taratib…Dunyoning qanday go‘zal mo‘jizasi… Avvallari bunga u e’tibor bermagan ekan u… Qanchalar go‘zal hodisa ro‘y bermoqda…Turmush o‘rtog‘i nima qilayotgan bo‘lsa…

Necha vaqtlardan beri Saidbek oilaviy halovatini yo‘qotgandi. Yaqinlarining noroziliklarida o‘zini aybdor his qilar, o‘zini qo‘lidan hech narsa kelmaydigan noshudlarning-noshudi hisoblab, ich-etini yerdi. Topgan maoshi ro‘zg‘or va ijara xarajatlaridan ortmasdi. Bunga sayin xotini o‘z uylari bo‘lishini istab, uni qistar edi. Endi nima qilishi kerak?! Qo‘shimcha ish izlashga tushdi. Kechki smenaga yaxshi maoshli ish ham topila qolmadi. Kredit muammolari bilan bankka kelgan xususiy kafe egasi unga duch keldi-yu omadi yurishdi. Yiqqan – terganini uy uchun to‘play boshladi. Shu orada esa ular yashab turgan ijara uy egasi xorijga ketayotgani bois, uyni imkon qadar tezroq sotish maqsadida arzon narx taklif qildi. Hali yetarlicha pul to‘play olmagan Saidning boshi qotdi. Akasidan yordam so‘radi. Akasi yo‘q demadi. Saidbek tun-u kun tinim bilmay harakat qildi. Uy hujjatlarini rasmiylashtirib bo‘lishdi. Ertasiga , to‘ylarining yubileyiga xotiniga sovg‘a qilmoqchi edi… Layloning qanchalar bundan quvonishini, tinch-totuv bo‘lib yashashlarini tasavvur qilib, quvonchdan ichiga sig‘masdi u. Tezroq bu yangilikni xotini bilan baham ko‘rish maqsadida, kafedan ertaroq chiqqan edi. Hayolida ming xil o‘ylar charx urardi. Uyiga shunday oshiqardiki….

Layloning hayolini eshik qo‘ng‘irog‘ining asabiy jiringlashi buzdi. Turmush o‘rtog‘ini kutayotgan ayol, eshik tomon shamoldek oshiqdi. Ammo yo‘l-yo‘lakay ko‘zguga qarab, sochlarini to‘g‘irlashga ulgurdi. Qo‘ng‘iroq tugmasi yana bosildi. Shovqindan bola uyg‘onib, yig‘lay boshladi.
-Hozir, — deya eshikni ochgan Layloning taxmini to‘g‘ri chiqmadi. Eshik oldida begona kishilar turardi.
-Siz Olimov Saidbekka kim bo‘lasiz? – javobni kutmay yana davom etdi militsiya formasidagi kishi. — Turmush o‘rtog‘imisiz?
Laylo arang tasdiq ishorasini bildirib, boshini silkidi.
-Aniqlanishicha, xo‘jayiningiz kunduzi bankda, kechasi kafeda hisobchi bo‘lib ishlar ekan. Buni tasdiqlaysizmi ? – javob kelavermagach, yana davom etdi u. — Afsuski, o‘tgan tunda kafe yaqinida Olimov Saidbekni mashina turtib yuborib, halokatga uchrabdi. Yonidan kuni kecha shartnomalanib, imzolangan uy xujjatlari va mana bu kalit topildi… Shuningdek…
Militsiya xodimining qolgan gaplari Layloning qulog‘iga kirmadi. Boshida qattiq og‘riq turdi-yu ingrab yubordi. So‘ng xushidan ketib, polga yiqildi… Ichkarida esa qarovsiz qolgan o‘g‘li chirillab yig‘lardi… Ora–sirada otasini sog‘ingan bolaning “dada-a” degan tovushi ham quloqqa chalinardi.

Manba

Asad Dilmurod. Xilvat (hikoya)
Kuz quyoshi ostida mudrayotgan shahar ko‘chalarida yupun kiyingan, kalta sochlari qirovlagan ozg‘in kampir tushiga changali dov qarchig‘ay kirganini ayta-ayta so‘ylanib yurar edi…

Oradan ko‘p o‘tmay, avji qish chillasida, yeru ko‘k pag‘a-pag‘a qor ko‘rpasi bilan o‘ralganda, dabdurustdan shaharga Amir Temur Ko‘ragon tashrif buyurdi. Ichiga olov tushgan Sorbug‘o qipchoq hukmdor etagini o‘pish uchun oshiqdi.

Sohibqiron bunaqa safar paytida ko‘pincha dorug‘a hovlisi yoki chorbog‘ida qo‘nar, oliy martabali mehmonga xos saxovatu nazokat ko‘rsatishni ma’qul bilar edi. Ammo bu navbat negadir marhamatini darig‘ tutdi, ipakday eshilayotgan Sorbug‘o qipchoqni badtar kuydirib, bedovi jilovini Xoja Ahmad Yassaviy xonaqohi tomon burdi.

Egarda zo‘rg‘a ilinib turgan a’yonlaru boyonlar, shohona ziyofatu orasta bo‘lmalarni chetlab o‘tib, ship-shiydam manzilga umtilgan sohibi davron ortidan churq etmay ergashdilar.

Shahar chetrog‘ida qo‘nqaygan xonaqoh g‘ira-shira qorong‘ilik aro allatovur vahimaga cho‘mgandi. Faqat ba’zi tuynuklaridan xira miltirab yonayotgan sham shu’lasi ko‘rinar, ora-chorada bedor darveshlar va muridlar tilovati quloqqa chalinar edi.

Sohibqiron yo‘l-yo‘lakay sukut saqladi, qori kuralgan bo‘sag‘ada otdan tushgach, hamrohlari sari o‘girilib, ohista so‘z qotdi: “Janoblar, kamina kori-holidin birgina gumashta xabar olib tursa kifoya. Siz hokim ixtiyoridasiz!” So‘ng qoruvli, o‘ktam qaddu qomatini tik tutib, salobatli qadamlar bilan qiya ochiq eshik sari yurdi…

Xonaqoh ahli ba’zi kaltafahm mardum o‘ylamay-netmay tufroq bilan teng qo‘yadigan tabarruk dargohga ko‘ngil bog‘lagan martabali zotdan xabar topgan hamono, birdan g‘avg‘o ko‘tarib, muborak diydorini ko‘rish uchun yopirildi. Ammo har qachongidan qattiqroq buyruq olgan baquvvat va abjir gumashta shafqatsiz ravishda hech kimni hujraga yo‘latmadi.

Zax va rutubatning achqimtir hididan Sohibqiron dimog‘i yorilgudek bo‘ldi, ammo zig‘ircha parvo qilmay, egnidan siymu zar bezagan banoras choponi, boshidan nafis pat va yoqut qadalgan qirmizi shohi taqiyasini bafurja yechdi, devordagi mixdan uzun tim qora chakmonu uchli kigiz kuloh olib kiydi. Bu ishidan ancha yengil tortib, dardi holini pinhon tutgan uzun kechani, bir dam mijja qoqmay, botiniy tilovat bilan o‘tkazdi.

Bahonada qirchillama qishning zulmat pardasiga o‘ralgan sokin oqshomlari hamdami va sirdoshiga aylandi. Bo‘yra-palos to‘shalgan torgina hujrada kechadigan bedorlik – botiniy zikr onlari naqadar shukuhli ham maroqli: mehribon alloh yodi bilan qolganda joni huzur topar, ich-ichida chiroq yonar edi. Goho o‘zini onadan qayta tug‘ilgan odamga qiyoslardi, go‘yo yorug‘ dunyoni o‘sha baxtiyor zot ko‘zlari bilan ilk bor ko‘rayotgan edi.

Bu erta Soqibqiron, qor tinimsiz uchqunlab, izg‘irin va sovuq benihoya qahriga olib turgan esa-da, Sorbug‘o qipchoq, Joku barlos, bir necha xos mulozim, nihoyat, patak soqolli shayx – mulla Nishonni hamroh qilib, xonaqoh bo‘ylab aylandi. Ne-ne zamonlarni ko‘rgan obida devorlari sho‘r va nam ta’sirida nuray boshlagan, me’moriy qiyofasini yo‘qotishiga bir baxya qolgan edi.

– Piyrimiz bo‘lmish hazrat Ahmad Yassaviy bul joyni alloh uyi hisoblag‘onlar, – tushuntira boshladi mulla Nishon. – Oltmish uchdan keyin yerto‘lani xilvat bilib, to umrlari oxiriga qadar chilla saqlaganlar…

Sohibqiron faqirlikni kasbu kor bilgan Ahmad Yassaviy jasorati afsonaga aylanib ketganini yaxshi biladi. Elda mashhur “Hikmatlar”i botinida nihon teran ma’nolardan ozmuncha oziq olganmi? Qachondan beri o‘zini ulug‘ pirning g‘oyibona muridi sanaydi. Umuman, mana shu sajdagoh sari mushtoqlanib intilgani, bo‘sag‘asi gardini ko‘ziga tutiyo qilish tilagi bilan yongani bejiz emas.

Bugun ko‘nglida yana bir ezgu niyat kurtakladi: ilim-issiq kunlar kelishi bilan xonaqoh ta’mirini boshlash uchun yetarli miqdorda mablag‘ ajratadi, shundan keyin, inshoolloh, o‘ng‘ayroq joyda har kim ko‘rsa quvonadigan maqbara qurdirmog‘i lozim.

Reja ustiga reja pishitayotgan Sohibqiron e’tiborini bir tabaqasi qiyshaygan omonat darvoza biqinida kuymalanib turgan, ko‘zlari kirtaygan ozg‘in kampir tortdi…

Changali dov qudratli qarchig‘aydan ogoh etgan va ulusni ancha-muncha shoshirib qo‘ygan mo‘minai muslima shu tinmasak mushfiq jon edi. Sho‘rlik munkillab qolgan bo‘lsa-da, issiq-sovuqni pisand qilmay, shaharda tentirab yurgani, tez-tez bozor oralab turgani bois, kattayu kichikka birdek tanilib qolgandi. Faqat naslu nasabi, ismi-sharifi, tirikchilik manbai, ro‘zg‘orini har kim ham bilmasdi. Ba’zi hangomatalab qitmir kimsalar esa, ayol zotidan chiqqan yakkayu yagona qalandar, deb masxara qilishni yaxshi ko‘rishardi.

–Ey onaxon, zap sovqotibsiz, – yumshoq kuldi Sohibqiron, uch-to‘rt qadam narida beixtiyor to‘xtab, – issiqqina sandal ko‘zida qilsangiz bo‘lmasmi toatu ibodatni?

–Yaxshisi… tegirmondin xabar olgaysiz, insofli banda! – cho‘kkan ko‘zlarini jildiratib ming‘irladi kampir. – Manim toatu ibodatim og‘irligi tushmas hech kimga!..

Sohibqiron qiyofasini istehzo qopladi.

Vo ajab, mushtdekkina bo‘lib nimaga sha’ma qilayotir padar qusur bu yosuman?

–Hazratim, og‘ir olmang, bu shunaqa hardamxayol, – xushomad ohangida bidirladi mulla Nishon, – yo‘q yerdagi gaplarni aljiyveradi. Xudo bas kelsun!..

–Taajjubga molik… Kesakdin o‘t sachragandek!

Sohibqiron, goh ortiga qarab, goh bosh chayqab, shoshilmay hujra sari yo‘naldi. Jimjit hujra to‘rida, anchayin yupqa ko‘rpachada tizzalagach, ilgari qaydadir kampir bilan uchrashgandek bo‘laverdi. Andak og‘riyotgan boshini kaftlari orasiga olib uzoq o‘ylasa-da, bir to‘xtamga kelolmadi, saldan keyin gumashtani chorlab, hamyon tutqazdi va maqsadini aytdi.

Gumashta negadir qimirlamadi: gunoh ish qilib qo‘ygan kimsadek ro‘parasida kalovlanib turar, yakkam-dukkam ajin tushgan yumaloq betida tashvish va xavotir ifodalangan edi.

–Xoda yutdingmi, bandai gumroh?

–Bir qoshiq qonimdin keching, a’lo hazrat, – g‘udrandi nihoyat gumashta, niholdek egilib. – Tuhfangizni yetkarmak iloji yo‘qtur.

–Ie! – ajablandi Sohibqiron. – Nechun?

–Sho‘rlikni Sorbug‘o qipchoq navkarlari hibs qilmishlar.

–Sababi ayonmu?

Gumashta yo‘q ma’nosida ma’yuslanib bosh tebratarkan, Sohibqiron tutaqib ketdi. Axir, ne ko‘rgilikki, kimsan Sorbug‘o qipchoq kelib-kelib kuchini to‘ridan go‘ri yaqin bir ojizai notavonga ko‘rsatsa!? Chamasi, hargiz molu dunyoga to‘ymagan ko‘zlari qavat-qavat shira boylamish, bas, kapangga o‘t ketgurni tuzukroq tergab qo‘yishi kerak.

Sohibqiron mujda tekkan zahoti shamol kabi shitob yetib kelgan va barvasta qomatini oyoqlari ostiga tashlagan Sorbug‘o qipchoqqa nigohini tikan qilib sanchdi.

–Olampanoh, eshitdikki, shahrimiz yalmog‘izi muborak ta’bingizga ozor bermish, – dedi u do‘rillab, past tushishni istamay. – Shu bois tegishli tadbir chekdik, toki yo‘lingizni boshqa to‘smasun.

–Ko‘p afsuski, xom o‘ylabsiz, birodar, – dedi Sohibqiron tahdid aralash. – Tomdin narini ko‘rishdin mahrum sizdek kimsa uchun amalu martaba hayf!..

–Afu etgaysiz, – endi arang sazo berdi hokim. – Yana bir andishai sabab bor orada, ya’ni o‘sha ojiza betiga xudojo‘ylik niqobini tortgan firibgar erur.

–Insof bilan so‘ylang, qipchoq begi.

–Valine’matim, bizga ma’lumki, o‘g‘li Erxonni go‘dak yoshidin qin-g‘ir yo‘lga gij-gijlamish. Endilikda ul bachchag‘ar musulmonlar mol-holiga ko‘z ola qilish ila ro‘zg‘or tebratadur. O‘n kuncha muqaddam iflos tumshug‘ini xazinamiz qopqasiga tiqibdur.

Birdan Sohibqiron qosh-qovog‘i uyildi.

–Qipchoq begi, unaqa nobakor o‘g‘il muqarrar jazo olur, – dedi ke-yin afsus bilan. – Lekin onaizorni o‘z holiga qo‘ying.

Sorbug‘o qipchoq qayta-qayta qulluq qilib, oshig‘ich hujrani tark etgandan keyin Sohibqiron og‘ir uf tortdi. Axir, zardasi qaynab, nadomat chekkanicha bor-da: buqalamun siyoqli bu kas olis yo‘lda hamrohlikka yaramaydi chog‘i!..

Sohibqiron botiniy tilovat bilan mashg‘ul bo‘larkan, ruhi goho yorishar, goho nedir g‘uborga chulg‘anar edi. Ibodatdan keyin turk qavmi rahnamosi sanalmish Xoja Ahmad Yassaviy (alloh oxiratini toabad obod aylasin!) arvohini hamxona bilish ayricha saodat ekanligini yana mushohada qildi.

Sohibqiron ertalab, avvalroq chamalab qo‘yganidek, hali qaddini tuzukroq tutib olmagan shahar bilan tuzukroq tanishish, qisqasi, guzarlari va bozorlarini aylanish tilagida tashqariga chiqarkan, darvoza oldida yana haligi kampirni uchratdi va yana nogoh o‘y-fikri alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketdi.

–Onaxon, muruvvatli tangri taolo faqirni Turon mulkining toju taxtiga loyiq ko‘rmish, – dedi saldan keyin chertib-chertib, – biron arzingiz bo‘lsa tinglayin.

Jonsarak kampir ilkis o‘girilar ekan, qat-qat ajin qoplagan ensizgina beti, xira tortgan nigohida nedir hayrat bilan yo‘g‘rilgan andisha ifodalandi. Va muborak nomi yetti iqlimga tarqalgan dovruqli zotni boshidan oyog‘iga qadar qiziqsinib kuzatdi. Lekin churq etib og‘iz ochmay, qovog‘idan qor yog‘dirib, cho‘pdek ozg‘in jussasiga yarashmagan viqor bilan yo‘lini davom ettirdi.

Sohibqiron miyig‘ida kinoyaomuz kuldi, ammo neki tuygan bo‘lsa, barini jimgina ichiga yutmay iloji qancha? Hozir ortiqcha bir narsa deguday bo‘lsa, kampir dilini badtar og‘ritib qo‘yishi va yana o‘zi xijolat chekishi mumkin. Haytovur, o‘lgudek dimog‘dor ekan, nimasiga buncha ishonarkin qurmagur. Zindonda chiyralib yotgan o‘g‘li bilan ham zig‘ircha ishi yo‘qdek, tavba!..

Zimiston sovuq chirsillagan navbatdagi kechada Sohibqiron bosriqib qoldi, tushida kampir qat-qat ajinli beti yumdalangan, yonoqlaridan shashqator yosh dumalayotgan, qirovlagan sochi ko‘ksida parishon yoyilgan alfozda ko‘rinish berdi.

Tavba, ertalab, tushi ta’birini o‘ylagancha, ko‘rpachada lolu hayron xomushlanib o‘tirganda, gumashta hay-haylashiga qaramay, qiya ochiq eshikdan o‘sha mo‘mina pildirab kirdi. Boshiga eskiroq bo‘z ro‘mol o‘ragan, egnida nimdoshgina baxmal kamzul, qo‘ltig‘iga kichik tuguncha qistirib olgan va oqarinqiragan lablarida siniq bir kulgi…

Sohibqiron taxmin qildiki, qayg‘u-alam, ayriliq va xo‘rlik oxiri suyak-suyagidan o‘tib, arz-dod uchun kelgan, hozir uzundan-uzun obi-diydasini boshlab, nonko‘rlik ko‘chasida adashgan nuridiydasi gunohidan kechishni so‘rab o‘tinadi.

–Olampanoh, azal tegirmoni azaldin buzuq, – dedi kampir bir yonda cho‘nqayib. – Andog‘ erkan, shafqat tilashda maza-matra bormi?

–Onaginam, maza-matra albatta bo‘lur, qachonki so‘z adolatni tiklash ustida borsa! – keskin javob qaytardi Sohibqiron. – Afsus, ko‘p holda mardum yaxshi bilan yomonni farqlamas!

–Zamona zayli shu bo‘lsa, ne qilsin?

–Ko‘zingiz oqu qorasi Erxon ham o‘sha qatorda, – dedi Sohibqiron kesatiq ohangida. – Qilmishini qoni bilan yuvadir, bu musibat shirin joningizga achchiq botmasmi?

–Botar… Lekin ilojim qancha? Peshona sho‘rini sho‘r yosh yuvolmas!

–Namuncha noumidsiz, onaxon?

–Negaki, manimdek ojizalar va notavonlarga hamisha chorasizlik chora bo‘lg‘on. Sizdek iqboli kulib, dunyo so‘ragan bahodir zotlarni esa charx hatto qaro tunda ham oftob bilan siylagay!..

–Hay, hay, mazaxlaysiz chog‘imda?

–Hazratim, ko‘z ochib ko‘rganim Rumda, to‘ng‘ichim Eronda, o‘rtancham Iroqda… muborak tug‘ingiz ostida jon fido qilg‘onini qaysi til bilan aytsam!?

Nogoh Sohibqiron dili tub-tubida misli yo‘q qirg‘in-barot jangu jadal guldirosi, tahdidu tahlika aralash urho-ur, yaralanib qulayotgan sarbozlar ohu vohi, jon-jahdi bilan ko‘kka sapchiyotgan asov otlar kishnashi aks sado bergandek tuyuldi.

–Netayki, ota mehriniyam, qahriniyam ko‘rmay, ko‘ngli yarim, ko‘zi o‘larday och, qo‘li egri bo‘lib o‘sdi Erxonim!..

–Onaxon, taqdir-da!..

–Attang, o‘lat tegib, go‘dakligida o‘lib ketmagan ekan, hozir nasog‘iga qolib o‘tirmas edim!..

Gumashta mo‘ralab suhbat bo‘lindi.

Kampir xayr-xo‘shni nasiya qilib jo‘nagach, Sohibqiron ko‘ksi butunlay huvillab, ibodat bilan mashg‘ul bo‘lish va sal-pal ovunish uchun taraddud chekdi. Lekin, harchand urinmasin, qaniki o‘y-fikrini bir nuqtada jamlay olsa?!

Ertalab Soqibqiron aniqroq tuydi: ta’riflash mahol boshqacha evrilish qo‘zg‘algan edi ruhida. Shunaqa hol ilgari har qadamda va hatto har soniyada yuz berardi, bu yerga tashrif buyurgandan beri ko‘ngli tinch-xotirjam tortib, ancha yengil nafas olayotgan edi. Ajabo, yana nima bo‘ldi? Taxminiga ko‘ra, ishni kecha kampir buzib ketdi. Tavba, har gal u bilan uchrashganda nimadir ro‘y berayotir, nima balo, afsun qiladimi?

Sohibqiron asrdan keyin negadir, hujraga sig‘may, bir joyda o‘tirolmay qoldi, yuragi po‘rtanadek toshib, sezimlari o‘t tushgandek chatnab ketaverdi. Kimdir go‘yo olisdan elas-elas chaqirar, xiyol mahzun xayrixoh tovush inon-ixtiyorini o‘g‘irlagan edi. Siru sinoat bilan o‘ralgan xilvat olamidan sado kelarmidi, kim bilsin.

Bir payt hushini o‘nglab qarasa, tepada son-sanoqsiz qarg‘alar charx urib faryod chekayotir, qor zarralarini chirpirak uchira-uchira izg‘irin g‘uvillab esayotir, jismu jonida – ta’rifi yo‘q bir isyon!..

Qiyalik shimolida yastangan qabriston o‘rtasida, yuqori tarafida uchiga tug‘ bog‘langan yo‘g‘ongina egriroq xodacha qo‘ndirilgan oddiy go‘r yonida xomush tizzalagan, kuloh qo‘ndirilgan boshi xam… Lablarida umidu ilinj aralash mahzun shivirlash: buzrukvor, faqir qoshingizdamen!..

Sohibqiron nihoyat yaxlagan kesakka asta peshonasini tegizib xo‘rsinar ekan, dorilfano bilan dorilbaqo o‘rtasida guldirab yotadigan tegirmonni ko‘rgandek bo‘ldi. Oradan taxminan yarim soat o‘tsa ham hamon piri komilni abadiy panohiga olgan tuproq uyumi biqinida parishon cho‘kkalab turardi.

Tishlari takirlay boshlagan gumashta, vaqt bemahal bo‘lib, qahraton sovuq kuchayib borayotganini uchinchi marta yurak yutib eslatgach, qayta duoyi fotiha o‘qidi-da, shoshilmay yo‘l tortdi.

Sohibqiron qaysidir guzar choyxonasi oldida, qor ko‘mgan daraxtlar ostida, halqa solib g‘ivirlayotgan ayolu erkakka duch keldi. Nogoh kimdir ko‘rib qolib, o‘zini oshig‘ich panaga urdi, tez orada boshqalar ham shivir-shivir bilan to‘rt tarafga suruvday tirqirab ketishdi. Faqat bir kishi qoqilgan qoziqdek qimirlamadi, ajabo, u har qachongidan ko‘ra yupunroq kiyingan, rang-ro‘yi tag‘in ham zahillashgan kampir edi.

–Buzayturg‘on ko‘p-ey… Tuzayturg‘on qani? Esizgina!..

Buni qarang: zahar tomadi-ya tilidan!..

Qurmagur kampir xirilloq tovushini atay ko‘tarib kesatayotgani va hamiyatiga tegayotgani bejiz emas, axir, kimsan yetti iqlim ustidan hukm yurgizishga qodir jahongir bo‘la turib, haligacha bir mayda jumboq yechimini topmadi-da. Erxon mojarosidan Sorbug‘o qipchoq so‘z ochishni istamagani tabiiy holdir, xo‘sh, nechun o‘zi siru savdo tagiga yetish uchun sal bo‘lsin qiziqmadi? Hordiq istab, osudalik tilab, xilvat sari chekingani bahona, arqonni bu qadar uzun tashlab qo‘yishi ko‘pam risolaga to‘g‘ri kelmasa kerak.

Sohibqiron bexosdan yo‘lini o‘zgartirdi.

Betiga sanchilayotgan izg‘irinni pisand qilmay, jadal lo‘killab borar ekan, tezroq Sorbug‘o qipchoq bilan oraochdi qilish – betidan niqobni olib tashlashni mo‘ljallar edi. Atrofida beli baquvvat, dasti uzun kaslarni to‘plagan, o‘shalar panohida o‘ziga ortiqcha bino qo‘ygan hokim osonlikcha jon bermasa kerak. Lekin zig‘ircha aybini sezsa bormi, tomiri suvga yetgan esa-da, jallod ilkiga topshiradi nobakorni!..

Nozik ganch naqshlar bilan ziynatlangan ulkan xonai xosni chilim tutuni tumandek o‘rab olgan, zarhal kosalarda qirmiziy sharob ko‘pirayotir, uzun dasturxonda sarxil nozu ne’matlar muhayyo edi. Qo‘shqavat adrasu kimxob ko‘rpachalarda bemalol qo‘r to‘kib o‘tirgan, qovoqlari ko‘pchigan sarxush kishilar hazil-mutoibasi va qiyqirig‘i bemalol tashqariga eshitiladi. To‘rda beso‘naqay oyoqlarini uzatib yonboshlagan Sorbug‘o qipchoq xotirjam pinak qilar, har zamonda xirxirab xurrak tortar edi.

–Oh-ho, bazmi jamshid avjida-ku, – guldiragan tovushda kesatdi Sohibqiron, ostona hatlagan zaqoti. – Dunyoni suv bossa o‘rdakka ne g‘am, shundaymi?

Sachrab ketgan davra ahli baravar poyiga yopishdi.

–Qadamlariga hasanot, qiblagohim! – tutilib lutf qildi Sorbug‘o qipchoq, muz ostidan chiqqandek dag‘-dag‘ uchib. – Bir qoshiq qonimizdin kechgaysiz, g‘ofil qolibmiz.

–Qipchoq begi, eshitdimki, amringizga ko‘ra erta-indin Erxon dorga tortilur, – dangaliga ko‘chdi Sohibqiron. – Bilay-chi, bandai mo‘min qancha siymu zaringizni qiya qilmish?

–Hay, hay, nimasini aytayin, javohirot to‘la sandug‘cha yo‘qolgan, olampanoh, – dedi Sorbug‘o qipchoq, hamon qaltirog‘i bosilmay. – Bundan ko‘p afsusdamiz.

–Rizobek, sizdan eshitaylik, – hokim kabi gangib, adoyi tamom bo‘layozgan qozikalonga yuzlandi Sohibqiron. – Rosti qayda-yu, ko‘sti qayda, o‘zingiz tuzukroq anglatgaysiz.

–Muhtaram hokim rostini aytdi, – beixtiyor nigohini olib qochdi qozikalon. – Nafsi hakalak otgan muttaham Erxon xazinamiz barakasini uchirmish!

– Aqlga sig‘mas, qandog‘ epladi ekan? – cho‘zilib ketgan noxush jimlikni buzdi Sohibqiron. – Nima, gumroh soqchilarni g‘aflat bosgan erdimi?

–Olampanoh, – jon hovuchlab g‘udrandi qozikalon, – taftishni boshqarib turgan bosh vazir borini bizdin puxtaroq bilur.

Sovuqdan yaxshi asraydigan qalingina zarbof to‘n kiygan Qodir Bo‘tabek holi-ruhi ayniqsa zabun: halidan beri, hamma qatori, bo‘lma to‘rrog‘ida oyog‘i kuygan tovuqdek tipirchilab turar, ichidan qirindi o‘tayotgani bois, rang-ro‘yi ko‘karib ketgan edi.

–Bir qoshiq qonimdin keching, ey ulug‘lar ulug‘i,– dedi u tili arang buralib, bukilgancha qayta-qayta yer o‘parkan. – Faqir alardin ortiq dalil bilmasmen…

–Hokim va qozikalon hukmiga rozimisiz?

–Barcha rozidur. Faqir ajralib qolarmidim?

–Ha, tuzuk… Bu dunyoda kimki o‘g‘ri, zavoli har doim tayin!..

Qariyb butun mamlakatda taniqli, xususan, shu atrofda so‘zi qilichdek kesadigan uch mansabdor bergan guvohlik asli yetarli edi. Hatto ular Erxon aybini bo‘yniga olganini bir necha marta kuyinib ta’kidlashdi. Faqat u hozircha sandug‘chani qayga yashirgani va ichidagi boylikni kimlar bilan bo‘lishganini sir tutayotgan ekan, agar og‘zidan gullaydigan bo‘lsa, yovvoyife’l sheriklari bir kechada tinchitib ketisharmish!..

Soqibqiron ko‘zlari olma-kesak terayotgan Sorbug‘o qipchoq qarorgohida andak taskin topdi, hokim va boshqalar bilan xayrlashib, xonaqoq sari qaytgandan keyin ichini har xil gumonlar yumdaladi. Aftidan taftish shunchaki nomiga, pala-partish va xom-xatala o‘tkazilgan va ko‘p narsa noaniq qolgan ko‘rinadi. Qaytadan barini birma-bir chig‘iriqdan o‘tkazish maqsadga muvofiqdir. Aniqrog‘i, Erxonni ayamay qattiqroq burash kerakki, toki bilgan-kechirganini ipidan-ignasigacha so‘ylasin.

Shahar allaqachon orom og‘ushida…

Sohibqiron esa bedor: sovub ketgan jimjit hujra o‘rtasida, Qur’oni karim qo‘yilgan lavh yonida muk tushib, xayolan turli ko‘chalar bo‘ylab kezib yuribdi. O‘y-fikri bir dam tutqich bermas, tobora chuvalanib, boshi g‘ovlar edi. Nogoh kampirni eslab, g‘ussa va afsusga chulg‘anar ekan, eshikdan gumashta mo‘raladi. Bildiki, huzuriga kimdir kelgan, ajabo, naqd katta saharda-ya!?

Cohibqiron ijozati bilan eshikdan oshiqib kirgan, peshida allatovur orziqib tizzalab, etagini qosh-ko‘ziga surta boshlagan mosh-guruch soqolli kishini ilgari qaydadir, adashmasa, Sorbug‘o qipchoq saroyida kechgan bir mashvaratda uchratgan edi. Ehtirom rasmu rusumini kelishtirib o‘rniga qo‘ygandan keyin mehmon nihoyat o‘zini tanishtirdi. Rostdan ham u xazinabon Mustafo Shoshiy bo‘lib chiqdi.

– Xo‘sh, birodari aziz, nechun kunduz yorug‘ida kelmay, kecha qorong‘usida bezovta qilursiz faqirni?

–Qiblagohim, afu etgaysiz men odobsizni, lekin mabodo mal’unlar bilib qolsalar, kallamdin judo bo‘lurmen, – mahzun qiyofa oldi Mustafo Shoshiy. – Shu sabab bemahal qadam ranjida qilmakni ma’qul topdim.

– Shunaqami? Qulog‘im sizda.

– Erxon javr ostida qolmish!..

– Bilib qo‘ying, yolg‘ondin to‘yg‘onmen.

– Olampanoh, zig‘ircha yolg‘on so‘ylasam, tangri qarg‘ishiga uchrayin va til tortmay o‘layin, – dedi uzib mehmon. – Muborak xotiringizga ma’lum bo‘lsinki, dastlab taftishda ishtirok etibmen. Ammo keyin qozikalon qistovi bilan hokim faqirni chetlatmish!..

–Sabab?

–Sababi… Valine’matim, Erxon gunohdin xoli, bechorani tezroq hibsdin bo‘shatish lozim degan taklif aytganim!

–Kazzobga tarafkashlik qildingizmi?

–Imonimni tikib aytamen, g‘aznadin sandug‘cha yo‘qolgani rost, lekin ani Erxon o‘g‘irlagani xususidagi xulosa uydirmadur.

–Yo‘g‘-e! Isboti bormi?

–Ishonmasangiz, o‘zidin so‘rang, qiblagohim… To‘g‘ri, bandai ojiz xazinaga kirgan, ma’qul tuyulgan sandug‘chani o‘marishni mo‘ljallagan, ammo keyin…. Tasodifan devorda bir bitik ko‘rib qolganu aynigan.

–Bitik? Xo‘sh, xo‘sh?!

–Shundog‘, olampanoh… Devorda hunargir xatttot: “Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardor bo‘lguvchidir” degan oyati muborakni insho qilgan ekan. Har neki qilmishi xufiya qolishiga ishonib yurgan Erxon, haligi bitikni o‘qigach, peshonasiga bir shapati urgan va shashqator yosh oqizgancha sandug‘chani joyiga qo‘yib jo‘nagan. Eshikdan chiqqan joyida… uyg‘onib qolgan qorovullar tutishgan!..

Mustafo Shoshiy kuyingancha yuragi tubidan chiqarib so‘ylar, hujra sovuq bo‘lishiga qaramay, ajin tilimlagan enli peshonasini reza-reza qaynoq ter qoplagan edi.

Imoni butun odam ekanligi rang-ro‘yidan bilinib turgan xazinabon izohlariga astoydil quloq tutgan Sohibqiron kalava uchini topgandek yengil tortdi, muhimi, mavridi kelgan zahoti Erxon bilan uchrashishni mo‘ljalladi. Tun bo‘yi tuzukli uxlamay, kallai saharlab huzuriga Sorbug‘o qipchoqni chorladi-da, ko‘nglida borini baralla aytdi:

– Qipchoq begi, darhol farmoni oliy bitilsun. Biz Erxon xunidin kechduk. Yigit yashamog‘i kerak. Yana bir taftishdan keyin umuman biron jazoga loyiq yoki noloyiq ekanini jiddiyroq o‘ylab ko‘rgaymiz.

Bunaqa bo‘lishini kutmagan Sorbug‘o qipchoq oqara-bo‘zara e’tiroz bildirishga urindi. Lekin Sahibqiron bir ola qaragan ediki, pisillab o‘chdi-da, kaltak yegan it kabi dumini qisib jo‘nadi…

Hush-xayolini xilvat ixtiyoriga bergan Sohibqiron oradan ikki kun o‘tib ketganini sezmay qoldi. Bugun ertalab gumashta kirib-chiqib dasturxon tuzayotgan chog‘da, bu dunyoyi dunda qahru g‘azab yupanch bo‘la olmasligini o‘ylab o‘tirardi. Saldan keyin shunchaki ul-bul totindi-da, tokchadan qalin muqovali kitob olib, asta-sekin varaqlay boshladi. Qaysidir qiziqarli fasldan yarim-bir bet o‘qigan ediki, nogoh ostona gusirlab, ko‘zlari kosasidan irg‘ib chiqqan Sorbug‘o qipchoq shoshilib kirdi va barvasta gavdasini poygakka otdi.

–Qiblagohim, ko‘rgilik, Erxon o‘zini o‘zi chavaqlab tashlaptur!..

–Qipchoq begi, ne deb sannaysiz?

–Afsuski, so‘zim rost! Musibat sodir bo‘lmish!..

Sohibqiron, kitobni tezda joyiga qo‘yarkan, qoplondek shiddat bilan otilib turdi-da, titrab-qaqshab yukunayotgan Sorbug‘o qipchoqni yoqasidan bo‘g‘ib ko‘tardi va shaxt bilan siltab yubordi. Harchand o‘zini bosishga tirishmasin, ko‘ksi sim-sim achishar, ruhi ostin-ustin bo‘lib, yeru ko‘kka sig‘may qolgan edi.

Ko‘p afsus, loqaydlik o‘tib, tadbirni puxta qilmadi, butkul qo‘yib yubordi savil qolgur jilovni, endi shundoq ham alamdiyda, bag‘ri biyron mushtipar onaxon betiga qaysi ko‘z bilan qaraydi? Erta tag‘in hujrasiga xaltasini qo‘ltiqlab kelsa-da, insofli banda, baraka toping, tegirmon holidan xabar olish shunchalik bo‘lar-da, deb kesatsa, ey xudojon, ne kechadi holi, tutdek to‘kilib tugamasmi!?

Yana afsuski, Erxon nechun qasd qildi ekan joniga?

Bas, achchiq ichakday cho‘zib o‘tirmay, tezroq siru savdo tagiga yetishi, oqni oqqa-yu, qorani qoraga ajratishi lozim, aks holda, ruhida qo‘nim topa boshlagan osudalikdan judo bo‘lur. Hoziroq taftishni sarkarda Joku barlos ixtiyoriga topshiradi. Odam tanish, vaziyatni to‘g‘ri baholash va hatto iz topish bobida u besuyak…

Chindan ham sarkardalar ichra eng salohiyatlisi hisoblangan Joku barlos Erxon atrofida yurgan avvali-oxiri yo‘q mish-mishlarni allaqachon eshitgandi. Sohibqiron gardaniga maxsus vazifa yuklagach, bir necha xos mulozim yordamida jadal ishga kirishdi va ertasi shomga yaqin mufassal ma’lumot berdi.

Qoq yarim kechada, atrof jimjit bo‘lib qolganda, zindon soqchilari chopqin qilingan, xunrezlik Erxonni oradan ko‘tarish uchun amalga oshirilgan, chatog‘i shundaki, fitna boshida Sorbug‘o qipchoqning o‘zi turgan emish!..

Sohibqiron arang bosdi g‘azabini, bas, dedi ichida, itdan bo‘lgan qurbonlikka yaramas, har qadamini nazoratda tutish va xashagini ochib tashlash lozim. Yolg‘iz tangri najotkor! Bilmagan ekan, bu shahar iqlimi va amaldorlari ko‘nglini rutubat bosmish, bundan xos ham, avom ham jabru jafo tortur. Miskinlik hech qachon ayb sanalmas, aksincha, jaholat sari og‘ish gunohi azimdir. Kimligi noma’lum bir ojiza mansabni ot qilib mingan kaslarga qanday bas kelsin. Sho‘rlik hozir o‘z yog‘iga o‘zi qovrilib yotgandir. Bir borib ko‘nglini so‘raydi, shunga hafsala qilmasa, bekor katta gapirib yurgan ekan yorug‘ dunyoda!..

Ertalab, qor uchqunlab turganda, chakmonu choponga o‘ralgan amirlar va beklar xonaqoh oldida to‘planishdi. Hamma Sohibqiron etagini tavof qilish uchun oshiqardi. Lekin u har kimga ruyxushlik bermas, qovog‘i solingan va parishon edi. Boshiga qunduz telpak qo‘ndirgan Sorbug‘o qipchoqqa ko‘zi tushganda, ichini ayniqsa nimadir yondirib, dog‘uli salomiga alik olishni ham istamadi.

Sohibqron gumashta o‘nglagan gijinglayotgan to‘riq beliga abjirlik bilan qo‘ndi-da, shitob jilovni siltadi, vaziyatni anglaganday jonivor dumini xoda qilgancha, izg‘irin supurayotgan o‘nqir-cho‘nqir ko‘cha bo‘ylab yo‘rta ketdi.

Hayratu havasga ko‘milgan mulla Nishon zo‘r ishtiyoq bilan yo‘l ko‘rsatib bordi. Saldan keyin u mingan qovurg‘alari sanalib qolgan cho‘gir shahar chetidagi ko‘rimsiz hovli ro‘parasida pishqirib to‘xtadi.

Darvoza ikki qanotida besh-o‘n kishi bel bog‘lagan va qo‘l qovushtirgan holda sukut saqlab turardi. Bezotig‘li otlarda yelib kelgan, shohona liboslar kiygan aslzoda zotlarni ko‘rib, ular shoshib-gangib qolishdi. Ancha tetik ketmon soqolli chol, guzar oqsoqoli shekilli, kampir betob yotganidan xabar berib, tavoze ila ichkariga shoshildi.

Oqsoqol izidan faqat Sohibqiron, Joku barlos, Sorbug‘o qipchoq, Qodir Bo‘tabek va Rizo olchin ergashdi, boshqalar hassakash birodarlar qatoridan joy egallashdi.

Sohibqiron gupillab isiriq hidi anqiyotgan torgina dahlizga kirarkan, go‘yo birdan bag‘ri o‘pirildi, axir, g‘ira-shira qorong‘ilik qa’ridan mo‘ltirab boqayotgan horg‘in va ma’yus ko‘zlar ta’nasiga tob berish oson ekanmi, qodir egam?

To‘rda uyilgan lo‘la-bolishga yelka tirab o‘tirgan, jussasi yana ham kichraygan kampir ohista pichirlab duo o‘qiyotir, rang-ro‘yida bir olam mung va hasrat naqshlanib qolgan…

Uzun qora ko‘ylak kiyib, qora ro‘mol o‘ragan g‘undalakkina xo‘shro‘y ayol, kelini bo‘lsa kerak, atrofida paymona patak, hatto har bir so‘zi va har bir imo-ishorasiga mahtal…

–Onaxon, bandalik, – dedi Sohibqiron, qisqagina duoyi fotihadan keyin, bo‘g‘zi achishib. – Allohim jannatini ayamasun!..

–Iloyim, shunday bo‘lsin, – og‘ir sulish oldi kampir, kalta kipriklari namlanib.– Kecha aytishdi, muruvvat qilgan ekansiz.

–Ha, imkoni boricha… Ammo faqir dog‘da qoldim.

–Na chora? Osmon uzoq, yer qattiq! – qat-qat ajin bosgan yonoqlaridan dumalagan shashqator yoshni zahil tortgan kaftlari bilan sekin artdi kampir. – Shahanshohim, ming bora uzr, izzat-hurmatingizni joyiga qo‘yolmadik. Sizdek ulug‘ zot hamisha qo‘nog‘imiz bo‘lmas.

– Xijolat chekmak mavridi ermas, onaxon.

– Xudo haqi, tashrifingizdin boshimiz ko‘kka yetdi!..

Axiyri, xiyol tetiklashgan, oz bo‘lsa ham ko‘ngli yorishgan kampir beixtiyor nimjon gavdasini ko‘tardi va oliy martabali mehmon chehrasiga qaytadan razm soldi.

–Olampanoh, shu desangiz, bugun… yo ertami… beva qolgan kelinimga bir yumush buyurmoq niyatida edim, xudoyimdin o‘rgilay, mushkulimni o‘zi oson qilmish!..

– Ne yumush ekan, onaxon?

– Yodingizda bormi-yo‘qmi, bilmadim, zamonida sizdin bir omonat qolg‘on ixtiyorimda!..

Qo‘shqavat baxmal ko‘rpachada horg‘in tizzalagan Sohibqiron, nogoh hushyor tortib, ixcham kuzalgan soqolini siladi. Tavba, ko‘p alomat va naqadar hayratli, axir, to‘ridan go‘ri yaqin kampir qanday omonat ustida so‘z yuritayotir? Qurmagur ko‘pni ko‘rgan va bir baloni biladi-yov. Yoki shirin joni bo‘g‘ziga tiqilib, aljiray boshladimi sho‘rlik?

Har holda Sohibqiron, shubhalarini haydab, oxirigacha sabr bilan xotirjam kutishga qaror berdi. Bu orada kampir bir qadar jonsarak bo‘lib qolgani va orziqayotgani sezildi, hatto nogoq mo‘jiza ro‘y berib, yoshlik fasliga qaytgan kabi, nigohi boshqacha chaqnay boshladi. So‘ng nimadandir cho‘chinqiraganday astagina bosh irg‘adi. O‘sha zahoti kelin taxmondagi mayda naqshlar chekilgan sandug‘dan ola-bula tuguncha oldi.

Sohibqiron lolu hayron bo‘lib kulimsiradi, axir, tunov kuni qora sovuqdan cho‘chimay yupun kiyingan kampir, to‘satdan hujrasiga bostira kirib, yuragini to‘kkanda shu narsa qultig‘ida emasmidi?

– Marhamat, shahanshohim!..

Vo ajab, g‘ira-shirada yalt-yult qilayotgan matoh nima?

Hushimi yoki tushi – binoyidek ko‘z qamashtirar kamar-ku!

Rostdan ham aql bovar qilmas: naqshlari qavariq tilla to‘g‘a, nozik zarblangan zarrin hoshiya, lov-lov yonib tovlanayotgan la’lu yoqutlar naqadar yaqin diliga!..

Sohibqiron o‘tli nigohini ro‘parasida ham mung‘ayib, ham siniq kulimsirab turgan kampirga ko‘chirdi va nogoh o‘zini shirabo‘ron aralash urayotgan laylak qor qo‘ynida, tiriklik nishonasi yo‘q zimziyo va kimsasiz dasht o‘rtasida ko‘rgandek bo‘ldi…

Barini avvalidan-oxirigacha esladi: omad butunlay yuz o‘girgan o‘sha mudhish kunda, barcha sherigidan adashib qolib, mo‘g‘ullar pistirmasiga duch kelgan va yelkasiga kamon o‘qi sanchilgan edi. Uzoq muddat tuz totmay, ko‘p qon yo‘qotgani sababli, tinkai madori qurib, oxiri bir qishloq yaqinida yuztuban quladi. Es-hushini yig‘saki, mol tezagi va pichan hidiga to‘la nim qorong‘i og‘ilda, pichan g‘arami ichra aftodahol yotibdi. Kimdir malham surib, yarasini bog‘labdi. Keyin bilsa, xaloskori xokisor va nozikkina xushro‘y ayol ekan…

Tez orada kuch-quvvatga engach, ayolni siylamoq niyatida, cho‘ntagini kovladi-yu, sariq chaqa ham topolmadi. Oxiri, xijolatini yashirolmay, quruq rahmat aytish bilan kifoyalandi.

Qor ko‘rpasi ostida mudrayotgan Kesh sari yuzlanarkan, bo‘z yigit bo‘lib bo‘y ko‘rsatganda, padari Tarag‘ay bahodir ezgu niyat bilan beliga bog‘lab qo‘ygan kamarni o‘sha yerda unutib qoldirganini bildi. Oh, shunaqa afsus chekdiki, nedir og‘riqdan qatto yuragi tars yorilayozdi. Axir, u shunchaki oddiy buyum emas, bahosi ham, takrori ham yo‘q yodgorlik: yetti pushtini ko‘rgan va yetti bobokaloni jismu joniga mador bo‘lgan. Uzoqni ko‘ra oladigan buzrukvori esa, vaqti-soati yetganda, o‘zi uni eng jo‘mard va oqil farzandiga topshirishi lozimligini necha marta qulog‘iga quygandi.

Sohibqiron g‘amu anduhga botdi, vaqtni boy bermay, besh-o‘n ishonchli navkar bilan haligi qishloqqa oshiqib keldi. Ammo kuniga yaragan ayol daragini topolmadi, hovli-joyini mo‘g‘ullar yoqib yuborgan ekan…

Sohibqiron, kamarni yodidan chiqarmagan esa-da, allaqachon undan umidini uzgandi. Axir, bunaqa narxi baland kamyob molni kim ham o‘ziniki qilib olishni istamaydi.

–Onaxon, faqir shu damgacha hech kimga, hatto qudrati zo‘r podshohlarga ham bo‘y egmay yashadim. Ammo sizga ta’zim qilsam yarashur. Bugundan sizga o‘g‘il bo‘ldim!..

Sohibqiron asta kaftini ko‘ksiga bosdi.

Chamasi, kampir ham o‘sha damlar achchiq-chuchugi, og‘ir-engili va jabru jafolarini xotiridan kechirayotgan edi. Ehtimol, shu bois ozg‘in yuzi ajinlari tobora yechilib, nigohi nurlanib borardi. Faqat koshki hali alohida lutf bilan aytilgan taklif, ado etilgan ehtirom dilida o‘rnashgan qavat-qavat dog‘larni yuvib yuborish uchun ozgina yarasa!..

–Onaxon, ayting, faqir ne qilsam dilingiz shodlanur? Hozir har neki tilagingizni mustajob qilishga hoziru nozirmen! Buyuring, bemalol ikkilanmay buyuring, ey onaxon!

Kampir javob qilmay xo‘rsindi, hech kimga e’tibor bermay, boshqatdan lo‘la-bolishga ohista suyandi-da, xiralashgan va halqa-halqa yosh aylanayotgan ko‘zlarini beholgina yumdi…

Shu bilan suhbat boqiy bo‘ldi.

Sohibqiron mo‘ltirab qult-qult yutinayotgan kampirning yillar tamg‘asi bosilgan chehrasiga oxirgi marta o‘girilib qaradi, ko‘ksi uvalgancha nimadir degisi keldi, ammo darhol tilini tiydi. Og‘ir-og‘ir qadamlar bilan dahlizni tark etgan maqalda, bezovta yuragi lag‘cha cho‘g‘ tekkan kabi kuyishayotgan edi.

Sohibqiron hamon izg‘irin uvillab supurayotgan o‘nqir-cho‘nqir ko‘chadan bedovni qichab haydadi: bir intiqlik bilan tangri uyi bo‘lmish xonaqohda qoyim xilvat sari oshiqardi. Izidan esa qorama-qora bir sharpa shovursiz yo‘rg‘alab kelardi…

Manba

Goderdzi Choxeli. Qarg‘a mojarosi (hikoya)
– Familiyangiz!?
– Choxeli.
– Ismingiz?
– Butula…
– Kasbingiz?
– Qishloq ruhoniysi.
– Kimdan shikoyat qilayapsiz?
– Maxare Shugliarui…dan.
– Xo‘sh, shikoyatingiz nimadan iborat?
– Shundan iboratki, senga aytsam, ular mening xususiy qarg‘amni o‘zlariniki qilib olishdi. O‘zlariga og‘dirib olishdi-yu, qaytarib berishmayapti, senga aytsam… U endi bizniki bo‘ldi, deyishayapti, senga aytsam…
– Qanaqasiga sizning xususiy qarg‘angiz bo‘ladi? Nima siz meni kalaka qilayapsizmi?!
– U mening qarg‘am ekanini hamma biladi: pichan o‘rgani borsam, orqamdan uchib boradi. Yer haydagani jo‘nasam, izimdan ergashadi… Ular bo‘lsa o‘zlariga og‘dirishdi…
– Shoshmang, shoshmang… demak, sizning xususiy qarg‘angiz bor edi, shundaymi? O‘sha qarg‘ani qanaqa deb atashardi?
– Qarg‘animi?
– Ha, ha, qarg‘ani.
– Hech qanaqa. Odamlar Butulaning qarg‘asi deyishardi.
– Demak, siz qarg‘aga hech qanaqa nom qo‘ymagansiz… Hm, tushunarli.
– Nima tushunarli, axir?
– Shunisi tushunarliki, siz o‘zingizga tegishli bo‘lmagan qarg‘ani o‘zlashtirib olgansiz, endi tushundingizmi?
– Xudo guvoh… Men…
– Xudoni o‘z xoliga qo‘ying, bu yerda!
– Kechirasiz, og‘zimdan chiqib ketdi… Men..
– Fuqaro Butula, qarg‘a necha yildan beri sizning xususiy mulkingiz edi?
– To‘qqiz yildan beri, muhtaram hakam.
– Nega ular qarg‘angizni qaytarib berishmayapti?
– U endi bizniki bo‘ldi, deyishayapti.
– Qarg‘aning o‘zi-chi? O‘zi kimni ma’qul ko‘rayapti?
– Uni aldab o‘zlariniki qilib olishdi, muhtaram hakam. Kunduzi ham, kechasi ham unga don sepishadi. Shunday qilib, qarg‘a ularga o‘rganib qolgan.
– Ular qarg‘ani qanaqa atashibdi?
– Hech qanaqa.
Hakam kechgacha qarg‘ani aniqlash masalasida Butula bilan ovora bo‘ldi. Butula mahkamadan chiqqanida shu qadar holdan toygan ediki, uyiga zo‘rg‘a yetib keldi.
– Hakam nima dedi. Qarg‘aning narxini to‘laydigan bo‘lishdimi yoki o‘zini qaytarishadimi? Bir nima desang-chi?! Ozg‘ingga tolqon solganmisan?– so‘radi xotini Butuladan.
– Ikkingiz ham aybdorsiz, dedi.– Bo‘lgan gap shu. Avvalo, qarg‘ani sen o‘zingniki qilib olgansan, keyin, u o‘ziniki qilib olgan deydi. Qanaqadir shum niyatinglar borga o‘xshaydi, dedi.
– Pul-chi, pul? Nima, ularni to‘lashga majbur qilmaydimi?
– Hamma balo mana shu pulda-da: hali yuztalikni o‘zing sanab berishingga to‘g‘ri kelmasaydi, dedi.
– Nega endi?
– Ertaga, ertalabdan qishlog‘ingizga boraman, tekshirish, o‘tkazaman. Baland bir tekis tom ustiga, deydi, bir tomoniga sen don sepasan, ikkinchi tomoniga Maxare. Har biringiz o‘z sepgan yemishingiz yonida turasiz. Men, deydi, ikkalangizning o‘rtangizda bo‘laman. Qarg‘ani kutamiz. Agar qarg‘a sen sepgan donga kelib qo‘nsa, Maxare jarima to‘laydi. Agar unikiga qo‘nsa, sen to‘laysan…
– Nima, esingni yedingmi? Shunga rozi bo‘ldingmi, a? O‘tgan avliyolar bayramida bor-yo‘g‘i zo‘rg‘a yuz so‘lkavoy ehson yig‘ilgandi, shuni ham jarimaga to‘lamoqchimisan? Shundoq ham aniqki, Maxare sepgan donga qo‘nadi-da.
– U shunday degan bo‘lsa, men nima qilay?
Keyingi kuni ertalabdan butun qishloq ahli Maxarening uyini xalqa qilib o‘rab oldi. Tomning bir tomonida Butula, ikkinchi tomonida Maxare turardi. Ularning orasida savlat to‘kib hakam turardi. Qishloqdoshlarning bir qismi Butulani, boshqalari Maxareni himoya qilardi. Hal qiluvchi gapni qarg‘a aytishi kerak edi. Uzoq kutishga to‘g‘ri keldi. Qarg‘a negadir kechikayotgandi. Hakam, meni kalaka qilishayapti, deb gumon qilib, Butula bilan Maxarening g‘azabnok yuziga qaradi-yu, xotirjam bo‘ldi. Lekin o‘ziga alam qilardi, axir shu yerning o‘zida ikki yuzni ishlab qolishi mumkin edi-da.
Birdan bezovtalanib qoldi. Havoda qarg‘a ko‘rinib qoldi. Bulutlar ostida bir doira yasadi-da, ohista pastlay boshladi; tomgacha uchib keldi-da, qanot qoqib, to‘ppa-to‘g‘ri hakamning qalpog‘iga qo‘ndi-yu, bir qag‘illab, chirs etkizib oq najas tashladi-da, uchib ketdi.
Maxare bilan Butulaning yuragi qo‘yib yubordi: ularni jarimadan xudoning o‘zi qutqardi.
Lekin hakam ushlagan yerini uzmay qo‘ymasdi. U darhol o‘ziga kelib, Butula bilan Maxarega ayblovchi xulosa chiqardi.
– Sizlar yashirib kelayotgan shum niyatlaring tufayli o‘zingizga tegishli bo‘lmagan qarg‘ani haqqingiz bo‘lmagan holda o‘zlashtirib olgansizlar-u, unga hech qanaqa nom qo‘ymagansizlar va bu ham yetmagandek, uni adabsizlikka o‘rgatgansizlar. Shu boisdan bir haftalik muddatdan so‘ng har biringiz ikki yuz rubl miqdorida jarima to‘lashga majbursizlar. Agar jarima to‘lashdan bosh tortsanglar, ishlaring sudga oshiriladi.
Hakam qalpog‘idan qarg‘aning axlatini artdi-da, uni yana boshiga kiyib, jo‘nab qoldi.
Maxarening boshi qotdi – kunu tun o‘ylar, ikkiyuz rublni qayerdan topishni bilmasdi.
Butulaning harholda umidi bor edi – yana ikki kundan keyin qishloqdagilar diniy bayramni nishonlashadi, balki tag‘in yuz so‘lkavoy tushib qolar. Shunda avvalgiga qo‘shib to‘lasa bo‘ladi.
Lekin Butula aytganday bo‘lmadi, bayramda odam kam bo‘ldi, xayr-ehson juda oz tushdi.
Maxarening ham pul oladigan joyi yo‘q edi. Na qo‘shnilari, na qarindoshlari qarg‘a jarimasini to‘lashi uchun unga qarz bermadilar. Burnining tagida eshikni qarsillatib yopib: “Bor, qarg‘aning dumi tagini poylab tur, pul tushsa yig‘ib olasan”, deb to‘ng‘illadilar.
Bir haftadan so‘ng, hakam ularni huzuriga chaqirib, uylariga yubormay qo‘ydi.
Xudoning bergan kuni so‘roq qilish uchun qishloqdan yangi guvoh chaqirilardi. Qarg‘aning shaxsiyati surishtirilardi. Ko‘plar qayta so‘roq qilinardi. Hakamning ko‘ziga ikkinchi bor ko‘rinishni o‘ziga ep ko‘rmaganlar bo‘lsa, birinchi chaqiriqdayoq unga pul qistirar, keyin esa qishloqqa qaytib, o‘zining epchilligidan g‘ururlanib, so‘roq berish uchun qatnayverib charchagan sodda odamlarga mensimay qarashardi.
Qishloq ahli tashvishga tushdi, junbushga keldi. Hammasi bir bo‘lib, bir amallab to‘rt yuz rubl yig‘ib, vakillar bilan hakamga jo‘natishdi.
Hakam barmoqlari bilan stolni chertdi-da, jirkanibgina pulni stol qutisiga tashladi. Buni ko‘rib turgan vakillarning bor umidlari puchga chiqdi.
– Agar o‘sha qarg‘ani ushlab, shaxsan menga tirik va zarar yetkazilmagan holda keltirib berish majburiyatini olsanglar,– dedi hakam,– iltimoslaringiz qondiriladi!
Qishloqdagi kattadan-kichik – hamma qarg‘ani tutishga kirishdilar. Qo‘rqib ketgan va qishloqda kamdan-kam ko‘rinadigan qarg‘a endi hech kimning tomiga qo‘nmasdi. Uchib kelar, alohida o‘sgan daraxtga qo‘nar, bir qag‘illab qo‘yar va yana uchib ketardi.
Uni ushlab olisha olmadi ham, o‘ldira olishmadi ham. Hakam tirik va sog‘-omon keltirishni buyurgandi. Endi unga tegishga ham qo‘rqardilar: butun qishloqqa jarima solmasin tag‘in.
Birinchi bo‘lib Gamixarda gap ochdi.
– Nima, hakam Butulaning qarg‘asi qanaqaligini eslab o‘tiribdimi?
– Qayoqdan eslaydi.
– Unday bo‘lsa, kelinglar boshqasini ushlaymiz.
– Eslab qolsa-chi?
– Qayerda deysan, o‘shanda ko‘rishgayam ulgurmagandi – uchib kelib boshiga qo‘ndi-yu, yana uchib ketdi.
– Anavi ikkovi bu qarg‘a bizniki emas deb, og‘zidan gullab qo‘ysalar-chi? Unda hakamdan baloga qolamiz-ku!
– Ularga odam yuborish kerak. Biz qarg‘ani almashtirmoqchimiz, deb ogohlantirsin, hakamga aytib qo‘yishmasin tag‘in.
Butula bilan Maxareni ogohlanatirish uchun odam yuborishdi.

Qishloq yaqinidagi mevazor bog‘dagi o‘z inida keksa bir qarg‘a yashardi. Bir necha yillardan beri o‘sha yerda bola ochardi. Odamlar unga o‘rganib qolishgan va yashashiga xalaqit berishmasdi. Bu yaxshilik uchun qarg‘a ham yaxshilik bilan javob qaytardi. Odamlar qarg‘aning ular hovlisidan biror jo‘jani olib qochganini sira eslamasdilar.
Nima ham qilishardi. Hakamga shu qarg‘ani olib borishga qaror qilishdi. Bolalarga qarigan nok daraxtiga chiqib, qarg‘ani ushlashni buyurishdi.
Bechora qarg‘a, odamlarning begunohligiga shunchalik ko‘nikkan ediki, uchib ketishga urinmadi ham. Uni olib ketishgach, ayollar o‘z odatlari bo‘yicha uvvos solishdi:
– Oh, bechora qarg‘ajon, o, sho‘rlik palaponlar.
– E, nimasini aytasiz, qo‘shnijon. Yetim bo‘lib qolishdi.
– Odamga qiyin bo‘ldi. Qarg‘a uch yuz yil umr ko‘radi, deyishadi. Ungacha hakam ham o‘lib ketsa kerak, shunda qarg‘ani qo‘yib yuborishar.
– Uch yuz emas, o‘ttiz yil.
– Yo‘g‘-e, menga qara, sen noto‘g‘ri eshitgandirsan.
– Balki u yerdagilar qarg‘aning qancha yashashini bilishmas, tirik va sog‘lom olib kel, deb buyurishadi. Qancha yashashini kutishmoqchi shekilli.
– Bolalari-chi, onasiz o‘lib ketishadi-ku.
– Eh, yayrab qolishadi-da, qarg‘alar.
– Eh, nimasini aytasiz!
Qarg‘a bo‘lsa, uni olib ketishayotganda xavf-xatarni sezdi shekilli, qag‘illab qo‘ydi.

Hakam va’dasining ustidan chiqdi, Butula bilan Maxareni ozod qildi.
Chiqib ketayotganlarida Butula orqasiga qaytdi va hakamning qulog‘iga shivirladi:
– Faqat meni sotmagin… Ular senga soxta qarg‘ani tiqishtirdi.
– Qanaqasiga soxta?– baqirdi hakam va hovliga yugurib chiqdi.
– Yo menga o‘sha qarg‘ani ushlab tiriklay olib kelasiz yoki sudni aldaganlaring uchun jarima to‘laysizlar!
Nima ham qilishardi. Odamlar xafa bo‘lib qishloqqa qaytishdi. Izlab o‘sha qarg‘ani sira topolmadilar. Faqat afsuslanishadi:
– Qarg‘a uch yuz yil yashamaganida, o‘sha qush alaqachon o‘lib ketdi derdik. Endi nima qilamiz?
Haliyam izlab yurishibdi.
Butulaga esa ne qayg‘u, qartayib bu dunyoni tark etdi.

Manba

Abdunabi Boyqo‘ziyev. Teshikmozor hangomalari (hajviy qissa)
Teshikmozor qishlog‘i Andijondan yursangiz Poytuqqa kiraverishda…
Qishloqning nomi nega Teshikmozor deb hayron bo‘lmang. Buning o‘tmish bilan bog‘liq asosli sabablari bor. Izohi, endi, alohida mavzu.
Teshikmozorning, men sizga aytsam, har bir fuqarosi hangoma. Ayniqsa, Otash xobboni va Bo‘tash gupir bilan bog‘liq gaplarni yig‘ib kitob-pitob qilinsa bormi, maqtanyapti demangu, bir ajabsanda asar bo‘lardi-da.
Ha, teshikmozorliklarning dunyoni lol qilgulik juda ko‘p hangomalari bor. Faqat bir kamchiligi, bu manzil-makon bilan bog‘liq beg‘araz, betakror shumligu qitmirliklarni elga manzur tilda ifodalab beradigan zo‘r hajvchi yozuvchisining yo‘qligi. To‘g‘ri, Teshikmozordan besh-o‘n chaqirim atrof doirada, dovrug‘i dovonlar oshgan Qamchibek Kenja, Abdulla Komil, Nabi Jaloliddin degan mashhur adiblar chiqqan. Biroq ularning “hazil-mazak”, “oldi-qochdi gaplar”ga unchalik toblari yo‘qroq, desam xato bo‘lmaydi. Noumid bo‘lmaymiz. Jiddiy janrlarda qalam tebratadigan mashhur adiblardan shunchasini bergan Xudo hangomasuyarlarini ham ato etib qolsa ajab emas. Hozircha, bu vazifani, baholi qudrat bajarib turish bizning chekimizga tushganga o‘xshaydi. Osh bo‘lmasa, obi yovg‘on ham ovqat, deydilar-ku, mashoyixlar.

Shunday qilib, Teshikmozor xalqi yoppasiga hazilkash. Ikki odamning boshi qovushsa, gap nishobi laqabingizga borib taqalaveradi. Bu muloqotlar tagidagi ma’noosti qatlamlarini teshikmozorlik bo‘lmagan odam fahmlamasligi mumkin. Ha, endi, ikki teshikmozorlik bir-biri bilan shunchaki, moderncha usulda hol-ahvol so‘rashyapti-da, deb ketaveradi.
Aslida, bunday hol-ahvol so‘rashish asnosida, ikki teshikmozorlik o‘zlarining iborasi bilan aytganda, bir-birining “enasini Uchqo‘rg‘ondan ko‘rsatayotgan” bo‘ladi.
Mana qarang, yo‘lda ikki teshikmozorlik uchrashib, so‘rashyapti:
“Yaxshimisiz, Ablaziz aka? Qalay, bola-chaqa, qozon-tovoq, mol-hol… omonmi?” “Rahmat Erkaboy! Permer bolagayam rahmat, meni bedapoyag‘a baylab qo‘yg‘an. O‘shetta yurippiz, rizqimizni chimdib, ye-eb”.
Bu gaplarning qayeri qing‘ir? Sal hazilnamo, demasa, binoyiday gaplar. Shundaymi? Ha, yashang! Ammo, ana shu, sal hazilnamo gaplar ostida faqat teshikmozorliklargina payqashi mumkin bo‘lgan ancha-muncha ma’no-mazmun, nozik qochirim, imo-ishora va eng muhimi, hozirjavob topqirlik yotipti.
Ana endi sirni ochay: Ablaziz akaning laqabi, demak, sigir yoki buzoq, Erkaboyniki esa eshak yoxud xo‘tik bo‘lib chiqadi.
Bu ajabtovur suhbat zavqini o‘sha ikki teshikmozorligu, yana anglasa… shu teshikmozorliklarning o‘zlari anglaydi, xolos.
Teshikmozorga kelib, hazil yoki askiya qilib qoyil qoldirib ketaman, degan odam ikki chuchvaraning o‘rtasini yepti. Teshikmozorlikni ag‘dan-bag‘dan kelib hali biron kimsa “enasini Uchqo‘rg‘ondan ko‘rsatib” ketolmagan. Teshikmozorlikning enasini faqat shu teshikmozorlikning o‘zi uch emas, naq o‘nta qo‘rg‘on naridan ko‘rsata oladi. Teshikmozorlik bo‘lmagan bironta odam, men teshikmozorlikning enasini Uchqo‘rg‘ondan ko‘rsatdim, desa bu gap lofdan boshqa narsa emas. Ha, aytgancha, lof masalasida. Lof aytishda ham hali hech kim, teshikmozorliklarchalik loppillay olmagan. Gapimiz quruq bo‘lmasin uchun bir voqeani eslab o‘tay. To‘raqo‘rg‘onlik Hafizxon lofchi teshikmozorlik Matashboy lofchining daragini eshitib, bir juftgina loppillashay, deb Teshikmozorga kelibdi. Qishloqqa kiraverishda Matash lofchining sakkiz yoshlar chamasidagi Abdurahmon degan o‘g‘liga yo‘liqibdi.
“Yo‘l bo‘lsin, amaki?” – deb so‘rabdi bola.
“Shu qishloqdan Matash lofchining ta’rifini eshitaman. O‘sha kishi bilan bir-ikki juft loppillashay, deb keldim. Qaysi uyda yashaydi, aytolmaysanmi?”
“Adashmabsiz. Men o‘sha kishining to‘ng‘ichi bo‘laman. Otam uyda yo‘g‘idilar”.
“Unday bo‘lsa, kelgunicha darvozaxonanglardagi so‘rida popiris-mopiris chekib o‘tirib turcam…”
“Kutib qolmasmikinsiz, amaki? Otam erta bilan obdan chilim tortuvdi. Tutunini puflash uchun odam siyrakroq joy izlab To‘qqizadirga chiqib ketdi. Ehtimol, men bilan loppillashib qo‘yaqolarsiz?”
Hafizxon lofchi bolaning gapiga javoban, po‘ng‘illabdi:
“Tutunni chekkan joyida puflasa bo‘lmasakanmi?”
“Iya, nima diyapsiz, amaki! – debdi bola. – Kashandalarimizning hammasi tutunini shu yerga puflasa Teshikmozorni bulut bosib qoladi-ku!”
“Menga qara, hey tirrancha! Shuncha yo‘lni sen bilan adi-badi aytishaman deb kelganim yo‘q. Menga otangni ro‘para qil”, – deya zardalanibdi Hafizxon lofchi.
Bola boshqa hech narsa demabdi. Mehmonning oldiga patnisda ikkita non, choynakda doqqina ko‘k choy, paxta gullik piyola va besh-olti chaqmoq oq qant keltirib qo‘yibdi-da, uzrini aytib, ayvon sahnidagi ekinlar tagini yumshatishga kirishibdi. Ikki soatdan oshibdi hamki, Matash lofchidan darak bo‘lmasmish. Toqati toq bo‘lgan Hafizxon lofchi Abdurahmonga debdi:
“Otang uyga bugun-erta qaytadiganmidi o‘zi?”
Abdurahmon endi pinagini ham buzmay, shunday javob qilibdi:
“Yana andak sabr qilasiz. Otam ichidagi tutunlarni puflab bo‘ldi. Endi faqat yo‘talishi qoldi. O‘zingiz bilasiz, chilim tortgandan keyin bir soat, yarim soat big‘illab yo‘talishi kerak-ku, odam!”
Hafizxon lofchi, tirmizagi shu bo‘ladigan bo‘lsa, otasiga yo‘liqmaganim ma’qul, deb, iziga qaytib ketgan ekan.
Oshirib-toshirib gapirib qo‘yib, soddahayronlani-ib turishda ham teshikmozorliklarning oldiga tushadigani yo‘q. Otash xobboni bilan Bo‘tash gupir bu borada nafaqat Teshikmozorda, balki, butun Farg‘ona vodiysida pesh desak bo‘laveradi. Ularning bir-biriga qilgan hazillari, men sizga aytsam, menman degan qiziqchilarning ham yetti uxlab tushiga kirmaydi. Bittasini misol keltiraymi? Hay, eshiting:
Bir kuni, turmush tashvishlaridan charchagan Otash xobboni uyining orqasidan sharqirab oqib o‘tadigan ariqning bo‘yida, durrachasi bilan yelpini-ib o‘tirsa, eski, shalag‘i chiqib ketgan “Jiguli”sini varanglatib, Bo‘tash gupir o‘tib qolibdi.
“Ha-yov! Yo‘l bo‘lsin, Bo‘tashvoy?!”, – deya bo‘ynini cho‘zibdi Otash xobboni.
Bo‘tash gupir ham, og‘aynimga bir guppillab qo‘yay, deb kelayotgan ekan. Oynadan kal-lasini chiqarib, mashinasiga ishora qilib, dermish:
“Jonobodga! Manovi, qari qirchang‘i qisir qoluvdi. Islomiddinning “Volga”sidan qochirib kelay!..”
Otash xobboniga bu gap ayil botibdi:
“Voy qistalog‘-ey, – debdi ichida, – shalag‘i chiqqan aravasini pesh qilib, menga gap yedirib ketdi-da, o‘zicha!”
Ko‘p o‘tmay, Otash xobboni ham, kishnab turgan “GAZ-21” sotib olibdi. Qutlug‘ bo‘lsinga, ulfatlar qatorida, tabiiyki, Bo‘tash gupir ham kiribdi. Shu fursatni poylab turgan gupir xobboniga tekkizib nima dermish: “Ayrim odamlarning, ayrim masalalarda, jonobodlik­larga qatnab, joni halak bo‘lyatganidan oriyat qildik. Bo‘tashvoy! Mabodo, jigulingiz yana kuyikib-netib qolsa, tortinmasdan oldimizga kelovrasiz!”
Teshikmozorliklar, hazil-mutoyibaga jiddiy yondoshishadi. Ancha-muncha, hazilchalish gaplarni og‘izlariga olib, gapni xashakilashtirib o‘tirishmaydi. Hazil-mutoyibaning haqiqiy “Firmenniy teshikmozorskiy”larini topib-topib gapirishadi. Ular chaynab tashlagan hangomalarni, poytaxtning nomdor qiziqchilari, katta kontsert zallarida, qayta-qayta chaynashib, bola-chaqa boqadi. Obro‘ va unvonlar olishadi. Biroq ular bu gaplarga parvo ham qilishmaydi. Chunki, teshikmozorliklar uchun hazil-mutoyiba, askiya dehqonchi- lik-da. O‘zlari bir paytlar aytgan hangomalarni birovlar tilidan eshitib qolishsa, “Mayli-da, hosildan kapsan-papsan ham beriladi-ku”, deb qo‘yaqolishadi.
Shu o‘rinda nihoyatda mehnatkash, o‘zlarining tili bilan aytganda, o‘larday ketmonchopqir, hangomatopqir hamqishloqlarimiz haqida Sho‘rolar siyosati obdan gurillab turgan yillarda yozilgan bir she’rni eslab o‘tish imkoniyati tug‘ilib qoldi. Eshitib ko‘rasizmi? Marhamat!

Teshikmozor – o‘zbeki qishloq,
Bu yerda ham paxtadir borliq.
Fuqarosi bearmon ishlab,
Armon bilan chiqarar hordiq.

Tong, bunda ham otadi erta,
Tun, huzur ne bilmay o‘tadi.
Paykalning u boshi uyg‘onsa,
Etagini uyqu eltadi.

Kunduzlari, shunday uzunki,
Yarim yo‘lda horiydi quyosh.
Alamzada oftob zabtiga
Faqat, qizlar beradi bardosh.

Kasalmand qul tomirlariday,
Qoradaryo boradir qurib.
Nima qilay, To‘rtko‘larig‘ay-y!..
Tushlarimga kirsa ayqirib.

Tug‘yon urar dilda ishtiboh:
Baxt bunchalar bo‘lmasa oniy.
Bu yerdan ham haqiqat yiroq,
Bu yerda ham mustarlik g‘aniy.

Biroq, elim, shunday qovulki,
Kulfatin ham aytar kuldirib.
Demak, demak boqiydir kulgi,
Askiyani bo‘lmas o‘ldirib.

Birov kelsa uyingiz so‘rab,
Taomil shu – beradi ovoz.
Faqat, yetti mahalla uzra
Laqabingiz qiladi og‘oz.

Bizga chin, sizga mubolag‘a,
Kimdir o‘lsa, ochilsa aza.
Marhum ismi qolib bir yoqda,
Laqabiga o‘qir janoza.

Ana shunday, bizlarning qishloq,
Yashamoqni obdan biladi.
Kulgi bilan yig‘laydi, ko‘proq,
Yig‘lab turib kulgi qiladi.

Ana shunaqa gaplar…
Teshikmozorliklar, men sizga aytsam, har bir sohada o‘ziga xoslikka intilishadi. Ishda, yashashda, oshashda, hatto, mehmonga ko‘rpacha to‘shashda ham, deb qo‘yishadi, qo‘shni qishloqliklar.
Biz yog‘och ot minib, ko‘cha changitib yurgan paytlarimiz ekan. Butun respublika paxta ustalari g‘o‘zani “kvadrat” usulida yetishtirib turgan bir paytda bu yerliklar o‘ziga xosliklarini namoyish etish uchun chigitni ko‘ndalangiga ekishgan, deyishadi.
To‘g‘ri, teshikmozorliklar yana, men sizga aytsam, kulgi chiqadigan joyga suvi bo‘lmasa ham kallachasiga tashlashadi. Biroq ular hazil-mutoyibaga qancha o‘ch bo‘lishmasin, odamning afti burishib ketadigan darajada oriyatli ham.
Ha, aytgancha, teshikmozorliklar o‘larday bolajon xalq. Qolaversa, bu yerliklarning mushtdayidan tortib toshdayigacha turgan-bitgani hangoma.
Shunday kelishsak. Otasi haqida gapirib charchaganimizda, teshikmozorliklarning bolalari tilidan eshitganlarimizni ham tappa-tappa qog‘ozga tushirib ketaversak, ajab ish bo‘lardi-da. Demak, rozisiz? Kelishdik! Demak…

Latifa:
Qachon gapirib berasiz?

Uch yoshli nabira bobosining meshday bo‘lib ketgan qornini ezib so‘rayotganimish:
– Oppodada, bu yima?
– Bumi? Gap, bolam, gap.
– Hammasi-ya?
– Hammasi.
– Ulayni qachon dapiyib beyasiz?
Endi yuqorida aytganlarimni isbotlamasam, bo‘lmas. Mana, bo‘lib o‘tgan, qornimizda saqlanayotgan o‘sha voqealardan ayrimlari.

Xotin, damingni chiqarma!..

Sakkizinchimi, yo… Yo‘q, aniq to‘qqizinchi sinfda o‘qirdik. U paytlarda yangi yilni ulfatlar bilan bir yerga yig‘ilishib nishonlash toza rasm bo‘lgan. Har yili goh u, goh bu o‘rtog‘imiznikida kutib olamiz. Albatta, yig‘ilishib yangi yil kutishning ham o‘ziga yarasha dahmazalari bor. Go‘sht, yog‘, yana ancha-muncha birov bilmas, shisha-pisha, deganday. Ayalmand oilaning bolasi sifatida men bunday hotamtoylik qilolmasdim.
Otamiz o‘sha yili O‘ntom degan tomonlardan sholi ekib, hosilini biz o‘rta uy, deb ataydigan omborxonamizga, qanorqoplarga sanjob qilib joylab qo‘ygandi. Nimanidir qidirib o‘sha uyga kirsam, dunyoning chumchug‘i g‘ujg‘on o‘ynayapti. Shartta eshikni yopdim. Qo‘limni havoga yolg‘ondakam sermasam, to‘rt-beshtasi changalimga ilinadi. Bir-bir kallasini uzib, kir yuviladigan tog‘ora shu yerda ekan, o‘shanga tashlayverdim. Tog‘oraning kattaligi, nima desam ekan, o‘n uchta chuldirvaqasi bor oilaning kir tog‘orasi bilasizmi, qancha bo‘ladi? Xullas, o‘sha tog‘ora chumchuqqa to‘lib-toshdiyam, uchib yurganlari tugay demaydi. Qo‘yingki, bir duysanba qush go‘shti. Uni oilamiz bilan bir hafta yesak, tugatolmaymiz. Xayolimga zo‘r bir fikr keldi. Bugun kun nima? O‘ttiz birinchi dekabr. Shu yangi yilni o‘rtoqlarim bilan bizning uyimizda kutsakchi! O‘zimning aqlimga o‘zim qoyil qoldim.
O‘rta uyda amalga oshirganim qirg‘inbarotni borib davraboshimiz Mutallibjonga aytdim. U Ahmadjon, Hakimjon, Xolmatjon va yana kimlarnidir yetaklab keldi. Bir g‘aram, boshi yo‘q chumchuq. Ko‘rib turibman, hammasi hayratda – og‘zining tanobi qochib ketdi.
“Zo‘r bo‘pti!” – dedi davraboshimiz. – Gap bunday, bu sapar yangi yilni Habishlarnikida – shetta kutamiz. Habish, sen kechqurungacha, chumchuqlarni tozala. Qolgan narsalarni o‘zimiz opkelamiz”.
Xullas, kechqurun, teng-to‘shlar biznikida yig‘ilib, chumchuqxo‘rlikni boshladik. Qovurib yedik, qaynatib yedik, qo‘rga ko‘mib, qozonga dimlab yedik. Qo‘yingki, bor chumchuqni yangi yil kirmasidanoq sob qildik.
U paytlarda qishloqlarda, asosan, vino ichilardi. 26, 53 degan toza xo‘roz vinolar bo‘lardi. Ellik uchidan yigirma oltinchisining yuqumiyam, yutumiyam yaxshiroq bo‘lardi. O‘shanisidan ikki-uchtasini ag‘anatganimizdan keyin, yigirma oltinchisi tugab, faqat ellik uchinchilari qoldi.
Kimdir:
– Endi 26-si otilmasin! – deya xitob qildi.
O‘sha paytlarda, shu nomdagi badiiy film mashhur bo‘lgan. Kinoteatrlarga kelib qolsa, hamma yopirilib borardi. Biz ham endi 26-sini otmay, 53-siga o‘tdik. Otishma rosa qiziganda, chumchuq go‘shti tugadi.
– Uyda mol go‘shti bor ekan, – dedim men.
– Yo‘q, bugun qush go‘shtidan boshqasi bekor! – dedi kimdir. – Faqat, qush go‘shti yeymiz.
Chumchuq eti va vinoga bo‘kib olgan ulfatlarimizdan ikki-uchtasi qayoqqadir g‘oyib bo‘lib qolishdi. Bu mahalda, soat millari tungi xuftonni ko‘rsatib turardi. Xudo berganday, tashqarida gupillatib, qor ham yog‘a boshlabdi.
Ko‘p o‘tmay, har biri bittadan-uchta tovuqni qo‘ltiqlab, sheriklarimiz paydo bo‘lishdi. Qayerdan, kimnikidan, degan savollarimizga hech biri churq etishmasdi. Nima bo‘lsa, bo‘lgan, astoydil yopishib, tovuqlarni so‘yib, tezroq saranjomlash kerak edi. Qassoblik Xolmatjonning chekiga tushdi. Oyog‘idan bog‘langan makiyonlar qalin qor ustida “g‘ulq, g‘ulq”lab yotibdi. Hamma har xil fikrda.
Kimdir:
“Pichoqni, bismillo, deb, xiqqildog‘idan tort, – desa, boshqasi:
“To‘g‘ri kelgan joyidan so‘yaver. Baribir, vino ichib, jonliqni bejon qilganing uchun do‘zaxning naq o‘txonasiga tushasan, yaramas! – deydi. – Faqat, qaqag‘latmasdan so‘ysang, u yoqlarga opketishyotganida, o‘zingning joningni ham dod degizmasdan olishadi”.
Tovuqlarni imi-jimida, ovoz chiqarmay so‘yishga kelishdik.
Xolmatjon bir amallab ularni halolladi. Ichak-chavog‘ini ag‘dararkan, kelishuv yodidan chiqdimi yo hayratini bosolmadimi, hayajonli ovozda dedi:
“Vo!! Ichidan tuxumiyam chiqdi!”
Qassobimiz ikki dona oq-sariq narsani Ahmadjonning kaftiga tashladi.
“Tuxum ekan, – dedi Ahmadjon ham, va ezib ko‘rib. – Po‘sti hali qotmabdi”, deb qo‘ydi.
Bu payt, tungi gap-gashtagini tugatib kelgan otam, shundoq tepamizda turardi.
“Ha, hormaynar, yigillar?!”
Hammamiz turgan yerimizda qotdik. Otam bir menga, bir chavaqlanib yotgan tovuqlarga qaraydi. Damimiz ichimizda. Nima deyishni bilmaymiz. Jimlikni otamning o‘zi buzdi:
“Kimnikidan opkelishding?!”
Qani endi, birontamizdan jo‘yali javob chiqsa. Kim o‘tirgan, kim enkaygan, kim tik… Bunday ajabtovur inson manzaralarini, hayotim hayot bo‘lib, boshqa kuzatmadim.
“Bo‘lar ish bo‘pti! – dedi, otam oxiri, po‘pisa bilan va buyruq ohangida qo‘shib qo‘ydi. – Endi, tezroq pishirib yeb, uy-uyinga jo‘nash! Tuzukmi?”
Shunday deb, otam ichkariladi. Undan u yog‘i… tovuqlarni qanday pishirib, qanday yedik. Nima deb, nima qo‘ydik. Yangi yilni kutib oldikmi, yo‘qmi. To‘g‘risi, eslayolmayman.
Ertasi kuni tong saharda otamning mehmonxonasida yuzaga kelgan holat haqida esa eshitganlarim kechagiday yodimda. Xullas, otam, mehmonxona ulfatlari nonushtaga yig‘ilgach:
“Birodarlar, kecha kechqurun kimning uyidan tovuq yo‘qoldi?” – deb so‘rabdi.
Qarangki, shu savol bo‘lganda yangi yoqqan qor ustida o‘zining hovlisidagi katakdan boshlangan o‘g‘ri izlar bizning darvozamizga kelib kirib ketganini ko‘rib indamay iziga qaytib ketgan va:
“Xotin, damingni chiqarma, tovuqlar nozik joyga ketdi!” – deb, ayoli O‘ktamxon ayaning og‘zini ham hech qachon ochilmaydigan qilib yopib qo‘ygan Xudoybergan buva ham shu yerda o‘tirgan edi. Turgan gapki, bu ajoyib insonlar, avvalo, uchtagina tovuqni deb, otam bilan o‘rtalaridagi uzoq yillik do‘stlik rishtalariga sovuqchilik o‘rmalashini, qolaversa, yaxshi-yomon og‘izlarda uyiga o‘g‘ri tushibdi, degan gap saqichday chaynalishini ham istamagan ekan, endi o‘ylasak.

Latifa:
Aqlli bo‘lganmisiz?

Teshikmozorlik Qo‘ylivoy otaning besh yoshli nabirasi Javohir bobosidan so‘rayotganimish:
– Oppodada, oshni qachongacha o‘ng qo‘lda yeyman?
– Aqlli bola bo‘lguningcha.
– Siz ham aqlli bola bo‘lganmisiz?
– Bo‘lganman, bolam, bo‘lganman.
– Unda nega oshni haliyam o‘ng qo‘lda yeysiz?

Nortuyaday baquvvat

To‘lqinboy brigadir Teshikmozorga Jonoboddan qatnardi.
Anchagina daroz, yelkalari bilinar-bilinmas bo‘rtibroq ko‘rinadigan bu yigit istaraligina, kirishimligina edi. Birovni aka, birovni uka dedi. Ayollarni katta bo‘lsa opa, kichik bo‘lsa singlimladi. Tez orada, qishloqqa singishib ketdi. Kelgindi rahbarlarga bo‘y beravermaydigan teshikmozorliklar To‘lqinjon Qodirovni shu yerning odamiday ardoqlashib, nima ish buyursa bo‘yin tovlamay, sidqidildan bajarib ketishayotganining boisini bilolmay, tumanning kattalari ham anchagacha hayron bo‘lib yurishdi. Bu apoq-chapoqlikning sababi bor edi. Gapni cho‘zib nima qildim, aytib qo‘yaqolay. To‘lqinjon ham teshikmozorliklarning o‘zlariga o‘xshab, odamning havasini keltiradigan, yanayam dirkillatibroq aytsak, ikki o‘rkachli… lo‘mbillabgina yuradigan jonivor nomi bilan bog‘liq laqabi bor edi.
Bu sirni endi qalamga olsam, birov meni ayblamaydi. Chunki har qanday, hatto, harbiy ma’lumotlarni ham yigirma besh yildan ortiq sir saqlab bo‘lmaydi. Ikkinchidan, biz bilgan Teshikmozorning odamlari laqabi yo‘q odamni odam o‘rnida ko‘rishmaydi. Bordi-yu, biron begona odam bilan tanishib miriqib suhbatlashmoqchi bo‘lishsa, laqabi bormi yo‘qligini paypaslab ko‘rishadi. Laqabsizligini payqab qolishsa yengil-elpigina salomlashgan bo‘lishadi-yu, juftakni rostlashadi-voradi. Tuzukkina laqabingiz bo‘lib, ancha-muncha hazil-mutoyibaga qing‘ayib, chirting-pirting qilmasligingizga ishonch hosil qilishsa,
“E, aziz birodar! Qayerdagi, odam topmas qishloqlarda yurasizmi xor bo‘lib. Keling, sizning joyingiz bizning Teshikmozorda! – deb, sizni ko‘chirib opketishlari ham mumkin. Laqabingiz kiroyi jaranglaydigan laqablardan bo‘lsa xudo berdi, deyavering. O‘zlari, hashar yo‘li bilan hovli-joy solib, shu yerlik biron laqabi yo‘g‘onroq marhumning bevasiga uylantirib qo‘yishca ham ajab emas.
Mavzudan mang‘ib ketdig-a? Uzr.
Xullas, To‘lqinboyni olib kelib brigadirlikka tayinlayotganda, raisimiz Abdusamat buvaning:
“To‘lqinjon, bolam, shu og‘ir uchastkani bugun senga yuklayappiz. Ertaga “Bo‘-o‘”, deb yubormaysan-da! Astoydil bo‘lasan. Mana shu og‘ir karvon qishloqning oldiga tushib yorug‘ manzillar sari yetaklaysan, endi” – deganida, majlis ahli orasida hakkam-dukkam kulgi ham ko‘tarilgan edi.
Teshikmozorliklar o‘shandayoq bilishgan edilarki, yangi brigadirning laqabi… Hay, mayli, bu haqda keyinroq. Xullas, o‘shanda rais bir o‘q bilan ikki quyonni urgan. Bu gapi bilan teshikmozorga qayerdagi, “belaqab odam”ni olib kelmaganini, eng muhimi, og‘irkarvon deb nom qozongan bunaqa brigadani tortib ketishi uchun mana shunaqa, To‘lqinjonga o‘xshagan nortuyaday baquvvat kadrlar shart, degan siyosatini o‘tkaza olgan ekan.
To‘lqinjonning laqabini aytmadingiz deysizmi? Necha marta aytdim, axir! Hah, o‘quvchim-a! Teshikmozorlik emassizda, emassiz!..

Latifa:
Harflar qochib ketmasin

Teshikmozorlik Qo‘ylivoy buvaning nabirasi Javohir bobosidan yana so‘rayotganimish:
– Oppog‘dada, kitob o‘qiyotganingizda nega ko‘zoynak taqib olasiz?
– Harflar qochib ketmasin, deyman-da, bolam…
– Unda nega buvimga qaraganda ko‘zoynagingizni yechib qaraysiz?

Oshqovoq eksam!..

To‘lqinjon brigadir ham, o‘zvak ko‘ringani bilan, biroz mahalliychiligi bor ekan. Traktorchisi boshqa brigadaga o‘tib ketgach, o‘rniga o‘zi tomonlik Sobirjonni yetaklab keldi. Sobirjoni ham o‘zidan o‘tgan o‘zvagakan. Bir kuni To‘lqinjonga:
“To‘rtko‘lkanda bo‘ylaridagi loyqa ko‘tarmaga, oshqovoq ekib olsammikin?” – deb, maslahat solibdi.
Sobirjoni tushmagur-ey, boshqa ekin qurib ketganday, oshqovoq ekaman, deydimi? Qovun-povun, hech bo‘lmasa, tarvuz ekaman, demaydimi. Ikki o‘rkachlik, degan ajoyib laqabi bilan allaqachon teshikmozorlik bo‘lib ketgan To‘lqinjonning ham shu yerda teshikmozorcha shumligi tutibdi.
“Juda yaxshi-da. Otangga rahmat! – debdi u, Sobirjonni yanada rag‘batlantirib. – Urug‘ini Kamol akangdan so‘raysan. So‘rtavo‘y, yotvoli-ib bo‘ladig‘anlari, o‘sha kishidan topiladi, deyishadi”.
Sobirjon, ko‘tarmaga ekiladigan urug‘ni o‘zicha chamalab, to‘rt-besh kilolar ketsa kerak, deb o‘yladi va Kamol akanikiga yo‘l oldi. Kamol aka ham urug‘laridan so‘rab kelishganidan o‘zida yo‘q xursand edi. U negadir xoxolab kular, kulgan sari oshkadiday sap-sariq qoshu ko‘zlari, kipriklari, oftobda qizargan, serajin yuzlari battar oltinlanib, tovlanib ketardi. Kamol aka bu shumlikning ortida kimlar turganini allaqachon sezgan edi.
“Qancha kerak?” – deb so‘raydi, kulgidan o‘zini arang to‘xtatib.
“To‘r-besh kilosi yetar”, – deydi Sobirjon.
Kamol aka, “Hozir-da!”, deya ichkariga kirib ketadi. Bir zumdan keyin, to‘rt qarich, besh qarich keladigan beshta qizchasini oldiga solib, yetaklab chiqadi.
“Mana, besh kiloligiyam, olti kiloligiyam bor. Tanlab, yoqqanini olib ketaverasiz!”.
Sobirjon hech narsani tushunmay, serrayib turib qoldi.
“Men… men, siz bilan hazillashgani kelganim yo‘q, aka!” – dedi u.
“Men ham hazillashmayapman. Urug‘larimizga ishqiboz bo‘lib kelasizu, biz bermaymizmi?!”
Kamol akaning uyidan quruq qo‘l bilan qaytgan Sobir traktorchi To‘lqin brigadirga yozg‘irdi:
“Bu, Kamol aka degani jinni-pinnimasmi? Urug‘ so‘rab borsam sariq-suruq qizlarini sunyapti!..”
Hangomani uyushtirib jilmayib turgan To‘lqinjon ham, uning atrofidagi boshqa a’zolar ham teshikmozorchasiga miriqib kuldilar. O‘sha kuni nima deyarini bilmay, angrayib qolgan Sobirjonning esa teshikmozorlik bo‘lishiga hali besh-olti qovun pishig‘i borligi bilinib qoldi.
Kamol akaning ham laqabini aytmadim.
“Aytmasangiz, qayerdan bilamiz?” – deysizmi? Eh, sodda o‘quvchim! Sizning ham, teshikmozorlik bo‘lishingizga hali a-ancha qovoq pishig‘i bor…

Bo‘yimizni bo‘lishvolamiz

Teshikmozorlik Qo‘ylivoy bobo nabirasiga hazillashyapti:
– Begijon, nega sen akangdan pakanaroqsan?
– Kecha uni qulog‘idan cho‘zib ko‘tardingizu, o‘shanda mendan o‘zib ketdi-da.
– Unday bo‘lsa, kel, sening bo‘yingni ham o‘stirib qo‘yay.
– Yo‘q, akamnikini o‘stiravering, kechqurun bo‘lishvolamiz.

O‘g‘irlikka o‘z uyiga…

Sho‘ro davrida o‘g‘irlik ayb sanalmay qolgan edi desam, hozirgilar ishonarmikin? Aksariyat zamondoshlarimiz qayerdandir nimanidir o‘marib ketsa, shu kunni yaxshi o‘tkazdim, deb hisoblaydigan bo‘lib qolgandi, desamu, ular meni butun bir sovet xalqi yuziga qora chaplayapti, deb o‘ylashlari tayin. Har holda, Sho‘ro hokimiyati kelgandan boshlab tashmachilikka qarshi kurashganini va bu illat negadir, Sho‘ro qulab tushgunga qadar yo‘qolmay qolaverganini aytsam, bironta tarixchi bekor aytibsiz, deyolmaydi. Albatta, bu “fazilat”dan Sho‘ro hududining biqiq bir parchasi sifatida Teshikmozor qishlog‘i ham xoli emas edi.
Shundan kelib chiqib dadil ayta olamizki, “O‘g‘irlik qovunning mazasi boshqa”, degan iborani ham aynan teshikmozorliklar o‘ylab topishgan bo‘lsa kerak. Har holda, bunaqa “qitmiri ibora”lar faqat ularning og‘zidangina chiqishi mumkin. Bunga asos bo‘ladigan voqealar ham teshikmozorda tiqilib yotibdi. Xo‘sh, qaysi birini aytsam ekan? Xudoybergan buvaning tovuqlarini “tinchitganimiz”ni aytdim. Olamaydonlik­lar kolxoz rahbarlaridan yashiriqcha paykalning etakrog‘iga ekkan qovunlaridan bir aravasini To‘rtko‘lkandaga oqizib, Teshikmozordan tutib olganimizni yozaymi? Yo‘q, yaxshisi, Do‘manqora shiypon bolalarini o‘z uyiga qovun o‘g‘irlikka yuborganini so‘zlab bera qolay. Ha, shunisi qiziqroq.
Do‘manqora deganimiz, dalada ishlaydigan yosh-yalanglarning ichida yoshi kattarog‘i. O‘sha paytlarda, negadir, qishloqning o‘smir yigitlari kolxozning dala shiyponida tunashi jamoa xo‘jaliklari ichki tartibiga kiritilgan ekan chog‘i. Xo‘sh, o‘nta, o‘n beshta navqiron bo‘y bola kechasi bilan shiyponda tinch yotadi, deysizmi? Ha, barakalla, yotmaydi! Ayniqsa, o‘g‘irlangan qovunning mazasini yaxshi biladigan teshikmozorlik bolalar yotgan joy bo‘lsa!..
Shiypon bolalari hayotining birov bilmas kunduzgi va tungi kun tartibi bo‘lardi. Kunduzgi kun tartibi hammaga ma’lum: tabelchi bilan brigadir nima ish buyursa, bajarish. Bajargandayam, qoyil qilib bajarish. Oqshom cho‘kib shiypon o‘zlariga qolgach esa, faqat Do‘manqora va Vodil akaning hukmi – hukm. Bordiyu, ulardan biri qo‘shni Urganji jamoa xo‘jaligining butun boshli tarvuzpoyasi yoki olmabog‘ini Teshikmozorga ko‘chirib kelamiz desa, barcha bir yoqadan bosh chiqarib o‘sha ishni amalga oshirishga astoydil kirishgan. Turgan gapki, shiypon bolalari tungi hayotining “mazmunli o‘tishi”, “amaliy harakatlar”ining muvaffaqiyati, asosan, shu ikki “oqsoqol”ning kunduzi olib boradigan “razvedka” ishlari hamda ishlab chiqqan harakat dasturlarining pishiq-puxtaligiga bog‘liq bo‘lardi. Ko‘zlangan reja muvaffaqiyatsizlikka uchrasa yoki badxatroq amalga oshsa, vaziyatdan qanday chiqish va javobgarlik mas’uliyati ham o‘sha ikki “oqsoqol” zimmasiga tushardi.
Shiypon bolalari bunday tungi tadbirlarni “yurish”, deb atashardi. Yurishlarning kattarog‘i, o‘rtacharog‘i va kichikroqlari bo‘lardi. Bu atamalarning nimani anglatishini zukko o‘quvchimiz nazarimizda allaqachon ilg‘adi. Shunday bo‘lsa ham aytay: “Katta yurish” deyilsa, qo‘shni kolxoz, “o‘rtacharoq” deyilsa, qo‘shni qishloq yoki brigada hududi, “kichikroq” deyilsa, shu mahallaning o‘zida yetishtirilgan qishloq xo‘jalik yoxud poliz mahsulotlaridan o‘g‘irlab kelib, mazza qilish haqida gap ketayotgan bo‘ladi. Ana shu “parol” so‘zga qarab shiypon bolalari kutilayotgan yurishga ruhan, ham jismonan tayyor turishlari zarur bo‘lgan. Amalga oshiriladigan ish mazmuni va tarxi bolalarga tunda “yurish” oldidangina ma’lum qilingan. Ungacha, reja yo‘nalishi va tarxi haqida uni ishlab chiqqan ikki oqsoqoldan boshqa hech kim bilmagan. Sababi endi, o‘zingizga ma’lum: sir saqlay olmagan odam qaysi bir zamonda baraka topgan?
Shu o‘rinda yana bir ma’lumot: kimning tomorqasiga nima ekilgan, qancha va qanday ekilgan, kimning uyida anjiru kimning uyida piyoladay-piyoladay otyog‘i shaftoli yoki karsillagan, tishlasang suvi sachrab ketadigan nordon olma… Bularning barini ikki oqsoqol uyning egalaridan ham yaxshiroq bilishgan desak, xato bo‘lmaydi.
Bu safargi reja mazmuni yuqorida aytganlarimizning birontasiga ham to‘g‘ri kelmaydi. “Yurish” shiypon bolalari oqsoqollaridan biri Do‘manqoraning o‘z hovlisidagi qovun-polizga. O‘zingizga ma’lum, har kuni tosh ko‘tarib yurgan polvonlar mashqini bir gal kanda qilsa, ertasiga ish pachava, deyavering. Shiypon bolalarini bir tun yurishdan qoldirish ertasiga sardorlarga qimmatga tushishi mumkin. Jangovarlik ruhini saqlab turish uchun esa Do‘manqora o‘z otasi yetishtirgan qovunlardan bir nechtasining bahridan o‘tishni ma’qul topgan ko‘rinadi.
Shunday qilib, shiypon bolalarining o‘sha tungi rizqi Do‘manqora uyidagilarga bildirmaygina, o‘z hovlisidagi qovun palaklari ustiga tashlab qo‘yilgan oq belgi – daftar varaqlari ostida ekan. Teshikmozorlik bolalar uchun sutday oydin kechada, band berib uzilay-uzilay deb turgan, hidi bir mahalla naridan ham burunga guppillab urilayotgan bo‘rikalla va bosvoldilarni topish unchalik qiyin ish bo‘lmagan edi, deb eslashadi o‘sha paytning o‘g‘rigina bolalari, gohi-gohida yig‘ilishib qolishsa.
Shu o‘rinda yana bir omonat gapni aytib o‘tay. Teng-to‘shlarining ko‘ngli uchun qiziq-qiziq voqealarni o‘ylab topadigan, kerak bo‘lsa, o‘z xonadoni manfaatidan kechib bo‘lsa-da, ulfatlarining ko‘nglini shod etishga shay, yosh-yalanglarni o‘g‘irlikka yetak­lagan, ammo o‘g‘ri bo‘lib ketishiga yo‘l qo‘ymay, bo‘y ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan beg‘ubor zararkunandaliklarni yoshlik davri qusurlari sifatida, yoshlikda qoldirib keta olgan Do‘manqora teshikmozorliklar yodida bir yaxshi xotiralar qoldirib, oltmish yoshlar atrofida qazo qildi. Bir paytlar “o‘g‘ridoshi” bo‘lgani uchun aytyapti demangu, haqiqatan ham u kishi ajoyib ulfat, yaxshi ota va o‘nlab qobil nabira va abiralarning bobosi sifatida yashab o‘tdi. Ollo rahmat qilsin!
Vodiljon “oqsoqol” ayni kunda hayot – yetmish yoshlarda. Uzoq yillar kolxozda tabelchi, brigadir, hosilotlik lavozimlarida ishlab nafaqaga chiqdi: qarilik gashtini surmoqda.
Hech bo‘lmasa, shu Vodil oqsoqolning laqabini aytib keting, deysizmi? Aytsak, aytaveramiz. Bizdan birov qo‘rqarmidi? Biroq bir andishamiz bor. Teshikmozorlik­lar, shu, Habishvoy deganiyam, Toshkentda o‘qib jo‘rnalis bo‘pqoldim deb, og‘ziga kelgan gaplarni yozyapti, deyishmasmikin, ishqilib. Et-betdagi yig‘inlarda odamlar Vodil oqsoqolga, “Habibullo degan jo‘rnalist hamqishlog‘ingiz sizga ham “nishi”ni bir sanchib o‘tibdi. Achishtirmayaptimi?”, deb qolishsa, Vodil akamiz, noqulay ahvolga tushib qolib, achchiq ustida, “laqabimizni yozgan qo‘llaringni chayonlar chaqsin”, deb qarg‘avormasmikin deb qo‘rqamiz, xolos!..
Aziz kitobxon! Yuqoridagi jumlada Vodil oqsoqolning laqabiga nozikkina ishora qildik. Sal paypaslab ko‘rsangiz, siz ham topasiz o‘sha so‘zni. Faqat, ehtiyot bo‘libroq paypaslang. Falokat oyoq ostida, deydilar. Qo‘lingizni chayon-payonga chaqtirib o‘tirmang tag‘in.

Latifa:
Eng katta laylak tuqqan

Besh yoshli Javohir bobosidan yana so‘rayotganmish:
– Oppog‘dada, sizni kim tuqqan?
– Katta buving tuqqan.
– Katta buvimni kim tuqqan?
– Katta buvingni katta buvim tuqqan.
– Katta buvimizni…
Bobo qarasa, savolning keti ko‘rinmaydigan. Qarshi savol bilan nabirasini chalg‘itmoqchi bo‘ldi.
– O‘zingni-chi, o‘zingni kim tuqqan?
– Menimi? Eng katta laylak tuqqan.

Mash’ala dumli eshak

Sobirjon traktorchi qanaqadir hayvonning dahshatli pishqirig‘i va o‘zlari yotgan yig‘ma kalavot atrofida har tomonga uchqun sachratib gir aylanayotgan alanga haroratidan cho‘chib, uyg‘onib ketdi. Yo, tavba! Olamaydonning alvastilari bor, deb aytishardi-ya! O‘sha jinlar bazm boshlashibdi-da, deb o‘yladi u. Va shosha-pisha istig‘for keltirishga tushdi:
“La ilaha valaquvvata Illo, billo!… Muhammadan Rasululloh!..”
Yonidagi kalavotda qotib uxlayotgan Suhrobni uyg‘otsamikin! Yosh bola-ku! Qo‘rqib ketar. Biror kor-hol bo‘lib qolsa, otasiga nima deydi? Yarim tunda alvastilar chalib ketdi bolangizni, deydimi? O‘laqolsa, ishonmas! Uyg‘otmasa ham bo‘lmaydi. O‘zining ham o‘takasi yorilib ketay deyapti. Suhrob yosh bola bo‘lsa ham dadil. Biron jo‘yali gap chiqib qolsa ham, ajabmas. Ha, uyg‘otgani ma’qul! Biroq Sobirjonning ovozi chiqmasdi. Hozirgina kalima keltirayotgan tillari negadir so‘zga aylanmasdi. Yo‘q, bolani uyg‘otmagani ma’qul. Bu manzarani ko‘rsa, u qo‘rquvdan tamom soqov bo‘lib qolishi ta­yin. Yaxshisi, Xudoga yolvoray. Shundan foyda, dedi-da, duo o‘qiy boshladi:
«Panoho li zulmoti subhono inni kun tum min az zolimi-in!..»
Sobirjonning duodan ham ko‘ra ko‘proq yig‘lamsirashga o‘xshab ketadigan bu tilovatlarini paykalning o‘rtarog‘ida g‘o‘zalarga suv tarab yurgan Vodiljon bilan Do‘manqora ham eshitib turardi.
Alvasti Olloning kalimasidan ham cho‘chimay, ikki begunoh bandasi atrofida battar jazavaga tushar, chir-chir aylanardi:
«Xudo-o! Rahming kelsin! Bu baloyingdan o‘zing asra! O‘zing qutqa-ar!»
Sobirjon bu iltijolarni ichida aytdimi yoki ovozini baralla qo‘yib qichqirdimi, bugun buni aniq ayta olmaydi. Qiziq ekansiz! Bir bandai mo‘min qo‘rquvdan joni xalqumiga kelib tursa-yu, biz oyati karimani tilida aytdimi yo dilida, deb muhokama qilib o‘tiribmiz! Ichida aytdi nima-yu, tashida aytdi nima? Har qalay, aytdi-ku! Siz bilan biz shu holga tushsak, ehtimol, kalima ham keltirolmay, tuyoq qoqvorgan bo‘larmidik… Astahpirillo, al aziym!..
Xayriyat, Sobirjon traktorchining ohi Olloga yetdi. Alanga – alvasti ularning atrofida yana ikki topqir aylanib, katta yo‘lga chiqib oldi va qishloq tomon yo‘l soldi. Ajina bu yerdagi bazmni yakunlab, Teshikmozor ko‘chalarida chappar urayotganda, Olamaydondagi Sobirjonlar yotgan kalavot atrofida qo‘lansa hid taratib, goh tutab, goh lippillayotgan kuyundilar sochilib yotardi. Ajina ancha uzoqlashgach bildiki, sherigi Suhrob ham allaqachon uyg‘ongan. Faqat, boshini yostiq bilan bosib, g‘ujanak bo‘lib, qalt-qalt titrab yotardi…
Ushbu hangoma To‘lqin brigadir davrida sodir bo‘lganmidi yoki Vodil brigadir davrida, aniq ayta olmaymiz. Lekin shunisi aniqki, bu yuz poyiz bo‘lgan voqea deb, yuz poyiz teshikmozorliklar guvohlik berishiga yuz poyiz ishonamiz. Ana shunaqa! Shoir G‘afur G‘ulom aytganiday: bizning og‘zimizga bir tushgan so‘z qaytib ishga yaramaydigan bo‘lib qoladi. Yo‘q, biz so‘zning yelkasiga “G‘apurovskiy”cha ma’nolar yuklab tashlaganimizdan emas, aksincha, bir so‘zni yuqoridagi kabi, “yuz poyiz”ga o‘xshatib, bir jumlada mayib bo‘lib qolgunicha qayta-qayta ishlatganimizdan shu ahvolga tushadi.
Olis-yaqinlarga ovoza bo‘lgan, “Ufalogiya va noanomal hodisalar” instituti xodimlarining ham uzoq yillardan buyon rizqini butun qilib kelayotgan o‘sha “Mash’ala dumli eshak” voqeasi stsenariysi ham, aslida, teshikmozorlik shiypon bolalari tomonidan yozilib, amalga oshirilgan edi.
Ha, bu qog‘ozga tushmagan pesa. Pesa bo‘lgandayam, ancha-muncha poytaxtlik dramaturg yoki rejissyor teatr yo kino qilib qo‘yolmaydigan pesa. Sababi uning qahramonlari paxta dalasidan nari chiqmagan, judayam sodda odamlar. Bunday sodda va beg‘ubor insonlar rolini faqat teshikmozorlik, biron yerda o‘qimagan, shiypon bolalarigina qoyil qilib ijro eta oladi. Poytaxtlik artistlar o‘qitilgan. O‘qigan artistlar rolni faqat o‘qiganiday, to‘g‘rirog‘i, o‘qitilganday qilib o‘ynaydilar. Qolaversa, qahramonlar ro‘yxatida eshak ham bor. Bo‘lganda ham tirik eshak. Tirik eshakni teatr sahnasiga olib chiqib bo‘larkanmi? Sahnaning o‘rtasiga tezaklab-netib qo‘ysa yoki sharillatib… Bordi-yu, shunday qilgan taqdirda ham, eshakdan birov ranjimaydi. Eshak rolini odam o‘ynasa… Eshak odam esa, eshak xarakteri va harakatlarini o‘la qolsa, o‘xshatolmaydi. O‘xshatolmaydi-da, kulgiga qoladi. Demak, “odam hayvon”ning roli sun’iy chiqadi. Eshak rolini, tabiiyki, eshakdan boshqa jonivor tabiiy chiqara olmaydi. Tabiiy chiqara oladigan artist esa hali tug‘ilmagan. Tug‘ilgan bo‘lsa ham… o‘qitib qo‘yilgan.
Hay, mayli, Teshikmozorga qaytaylik.
Teshikmozorning g‘o‘zasi yoz oylari To‘rtko‘lkandaning Olamaydon degan xilvat joyidan nasos bilan tortib olinadigan suvga muhtojlik sezadi. Nasosni sozlash, yurgizib nazorat qilib turish, kechalari qo‘riqlash ham brigada traktorchisining zimmasida. Tunda, albatta, unga shiypon bolalari navbati bilan hamrohlik qilishadi.
Xullas, o‘sha kuni, shiypon bolalari Do‘manqora ishlab chiqqan rejaga asosan, Emon buvaning tunda bo‘shalib ketib, ko‘sakka bo‘kvoladigan xachirini tutib, jazolashga qaror qilishdi. Bu ishda sobiq traktorchidan qolgan, yag‘iri chiqib ketgan eski pinjagi ish berdi. Uni yaxshilab dumaloqlab bog‘lab, salyarkaga bo‘ktirishgach, bir quloch alyumin sim bilan xachirning dumiga bog‘lashdi. Jonivorning boshi Emon buvaning uyiga tomon qaratilib, guppiga gugurt chaqib yuborildi.
Ish shiypon bolalari o‘ylaganday bo‘lib chiqmadi. Ketini olov jizillatgan eshak shataloq ota boshladi. Shataloq otgan sari orqa tuyoqlari mash’alaga urilar, har urilganda atrofga uchqunlar sochilib ketardi. Olovdan hurkib, jon achchig‘ida, najot izlagan xachir egasining uyiga emas, shu yaqin orada potillab suv tortayotgan nasos qorovullari tomon chopgan edi…
Bor gap shu, azizlar!..

Latifa:
O‘z tizzangga o‘tib o‘tir

Teshikmozorlik Qo‘ylivoy otaning besh yoshli nabirasi Mujgon bobosining o‘ng tizzasida o‘tirgan singlisi Rayhonni itarib, deyapti:
– Qoch, o‘zingning tizzangga o‘tib o‘tir.
Bu gapdan hayron bo‘lgan bobo katta nabirasidan so‘radi:
– O‘ng tizzam qachon seniki bo‘p qoldi?
– Uni men Rayhon tug‘ilmasdan oldin o‘zimniki qilvolganmanu…

Vovani sunnat qilish…

O‘tgan asrning oltmishinchi yillarimidi. Mahallamizga Pavlik ismli o‘ris amaki ko‘chib keldi. Uning Zina ismli marjasi va Vova ismli olti yoshli “sinog”i (o‘g‘li) ham bor edi. Ularni bizning chekka, zerikarli qishlog‘imizga taqdirning qaysi shamollari uchirib kelgan, bilmaymiz. Har holda, Pavlik amaki shofyor edi. Yon qo‘shnimiz Matashvoy buva bilan birgalikda kolxozning qirdagi chorvasiga “vodovoz” mashinada suv tashishlarini bilardik, xolos.
O‘sha paytlarda o‘rislar yashamaydigan qishloqlarga hayotdan orqada qolgan, zerikarli joylar sifatida qaralganini hozirgilar aqliga sig‘dirisholmaydi. Mahalliy aholi ham o‘risi yo‘q mahallamizga rus oilasining ko‘chib kelishini, qanaqadir ijobiy hodisa sifatida qabul qilishgani aniq. Chunki kim ikkita non, kim bog‘idan uzilgan meva, kim kosada obi yovg‘on yo laganda osh bilan, kunda-kunora yo‘qlashlaridan shunday xulosa chiqarsa bo‘lardi.
Biz bolalarni-ku, qo‘yaverasiz: tamom taltayib ketdik. Tevarak-atrofdagi o‘risi yo‘q qishloqlarga borib qolsak, Teshikmozorning ham endi madaniy qishloqlardan ekanligini bildirib qo‘yish uchun, har ikki gapning birida, Pavlik amaki yoki marjasi Zina xolaning fazilatlaridan, ular bilan ahil-ittipoq ekanligimizdan bir-birimizga gal bermay maqtanamiz. Mahallamizning shoir bolasi Davron Quli o‘z otasining Pavlik amaki bilan o‘rischa gaplashish uchun ona tilimni unutishga tayyorman, degan gapini gazetada yozib chiqib, bir oy “Artek” lagerida bepul dam olib keldi. O‘rtog‘imiz Vovani-ku, ota-onasidan ham ko‘ra, ota-onalarimizning arzandasi. Ayniqsa, ayrim yosh kelinchaklar Vovkani ko‘rib qolishsa, iyib ketishib: “Shu bolani, ichlarimga tiqiblar olgilarim kepketyapti!”, deb yuborishlari… Bir kuni deng, Javlon akamizga yaqindagina kelin bo‘lib tushgan, kinolarda o‘ynaydigan artist qizlarday qishlog‘imizning barcha bolalarini oshiqu beqaror qilib qo‘ygan kelinchak – Diloro opa ham shunday deganini o‘z qulog‘im bilan eshitganimda ko‘zimga dunyo qorong‘i bo‘lib ketdi. Shu kuni, sizga aytsam, Teshikmozorning o‘zbek bolalari o‘ris bo‘lgimiz, o‘rislar bo‘pqolgimiz kepketgan edi!
Qishlog‘imizdagi barcha bolalarning havasi keladigan Vovkaning ro‘za kunlari biz bilan ramazonlar aytishib, hayit namozlaridan keyin tuxumlar urishtirishiga monelik qiladigan bir kamchiligi bor edi. Bu – uning sunnat qilinib, qo‘li halollanmaganligi edi. Ikki hayit tantanalarida yayray olmay, bir chekkada mung‘ayib, ko‘ngli o‘ksib qolgan Vovka teshikmozorlik o‘rtoqlariga maslahat soldi:
– “Soppan-soppan, so-op!..” duolarini sizlar bilan birga tomosha qilishim, tuxumlar urishtirib, kattalardan hayitliklar olishim uchun nima qilishim kerak?
– Buning chorasi bor! – dedi, Erkin dusha.
– Qo‘lingni halollash kerak, – deya aniqlik kiritdi Hamdush.
– Nima, sening qo‘ling halolu, mening qo‘lim harommi? – dedi Vofka xafa bo‘lib.
Vofkaning devor-darmiyon qo‘shnisi Muhammadjon vaziyatni yumshatdi.
– Bilasanmi, Vova, – dedi u, – sening qo‘ling ham toza. Faqat, bulbulingdan ozgina ortiqcha joyi olib tashlanmagan. Tushundingmi? Agar shuni kesib tashlasak, sen ham haqiqiy teshikmozorlik bo‘lasan. Qo‘rqma, chumchuq cho‘qiganchalik og‘riydi, xolos. Yarim kundayoq, yurib ketasan. Mana o‘zim, ikki soatda chopqillab ketganman.
– Papam bilan mamamga aytmaysanmi, ishqilib? – dedi Vova ham rozilik ohangida.
Xullas, teshikmozorlik uch musulmon, bir “kopir” maslahatni bir joyga qo‘yishdi. Daminboy chekilik usta Ergash o‘zlarini qanday sunnat qilgan bo‘lsa, shunday qilishadi, vassalom, olam guliston – Vova musulmon!
Erkin dusha qamish, Muhammadjon pichoq topdi. Hamdush uyidan qon chiqqan joyiga kuydirib bozillatib bosish uchun mozpaxta olib keldi. Sunnat amali shiyponda amalga oshirildi. To‘g‘risi, chalaroq amalga oshirildi. Nega, deysizmi? Axir, Vovaning sunnatida har tomondan pul sochib, aldab-suldab baqirsa, og‘ziga tuxum tiqib, “Ku-la-lo‘”, deb turadigan tog‘alari, amakilari yo‘q edi-da! Shuning uchun, ishning yarmidayoq, Vovaning chinqirig‘i butun Teshikmozorni tutib ketdi…
Qo‘yingki, teshikmozorlik bolalar boshlagan “sunnat amali”ning davomi Poytug‘dagi katta banisada, katta do‘xtirlar ishtirokida nihoyasiga yetkazildi. Butun rayonimizning kommunistlari esa o‘shanda, Teshikmozorda “o‘zbeklar bir o‘ris bolaning bulbulini “chikanka” qilib qo‘yibdi”, degan gap Moskovga yetib bormasin-da ishqilib, deb bir necha yillar yuraklarini hovuchlab yashaganlari ham bor gap.
Teshikmozorliklar orasida bugun o‘sha, sunnat voqeasi qachon eslansa, “Vovka musulmon bo‘lganmikin, yoki?..” degan savol qayta-qayta ko‘ndalang bo‘laveradi. Bu savolga hali-hanuz, bironta teshikmozorlik aniq javob berolmaydi. Ularning topib olgan yakdil gaplari shuki, Vovka shifoxonadan sog‘ayib chiqqan kuniyoq, Pavlik amaki shoshilinch, ko‘ch-ko‘ronini yig‘ishtirib, marjasiga:
– Xotin, yur, teshikmozorliklar mening qo‘limni ham halollab qo‘ymaslaridan oldin, bu yerlardan ketaylik, – degan va yarim tunda qaysidir tomonlarga ko‘chib ketgan…
Vovalar ketib, teshikmozorliklar yuksak madaniyati bilan maqtanisha olmay qolgandir, deysizmi? Qayoqda, ular, hozir ham, “Bizning qishlog‘imiz o‘ris ko‘rgan qishloqlardan”, deb, o‘risi yo‘q qishloqlar odamlarining og‘zini ochirishmaydi.

Latifa:
Pakash bo‘pqolasiz

Teshikmozorlik Qo‘ylivoy otaning to‘rt yoshli nabirasi Begijon yonboshlab, choy ichib yotgan bobosiga deyapti:
– Oppog‘dada, qarang, bo‘yim sizniki bilan baravar bo‘pqoldi.
– Otam o‘g‘lim, bobom o‘g‘lim! Yashang!..
Maqtovdan taltaygan nabira endi bobosiga nasihat qila boshladi:
– Siz ham palovni menga o‘xshab katta-katta oshang. Bo‘lmasa, Zuhur gadikka o‘xshab pakash bo‘pqolasiz…

Kalning boshiga o‘t ketdi

Bu voqea ham o‘tgan asrning oltmishinchi yillariga tegishli.
Gapning po‘st kallasidan boshlayqolay: ertalab uyg‘onsam, boshimning chap tomonidan bir tutam sochim yostiqqa to‘kilib qolibdi. Ichim shuv etdi. Kal bo‘lib qolibsan chog‘i, dedim o‘zimga o‘zim. Seni ham endi Orif do‘xtirga duchor qilishadi. Qolgan qutgan sochlaringni ham bozillab turgan suyuq siranch chaplab, qotgach, sharra-sharra shilib olishadi va qizib turgan silliq boshingga jazillatib yod surkab, qo‘yib yuborishadi. Sen esa:
“Kalning boshiga o‘t ketdo‘-o‘, yo‘ldan qoch!”, – deb, kalbanisaning ichida zir yugurasan. Qancha tez yugursang, boshingga shuncha ko‘p shamol tegib, shuncha orom olasan.
Ha, o‘sha yillari qishloqlarda negadir kal bolalar ko‘payib ketgan edi. Qiziq, bu kasallik bir kechadayoq o‘zini ko‘rsatar, ertalab tursang, boshingning teng yarmida soching yo‘q. Shirin uyquda yotganingda, kolxoz qo‘ylarining junini qirquvchilar kelib, xuddi atay qilganday, kallangning bir tomonini ship-shiydam qilib ketardi. Biror haftadan keyin qarasang, boshing hozirgina tovuqning ketidan tushgan tuxumday, sip-silliq bo‘lib qolardi.
O‘sha kuni nonushtada, boshimdagi bu manzarani ota-onamdan yashirdim. Do‘ppimni chap tomonga qiyshaytiribroq kiyib o‘tirdim. Ertasiga esa bu qilig‘im o‘smirlikda bo‘ladigan bolalarcha paranglikka yo‘yildi. Otamning xayolidan tergab qo‘yish kerakka o‘xshaydi, degan mulohaza o‘tdi, shekilli:
– Do‘ppingiz biroz qiyshayibroq qoptimi, o‘g‘lim? – deb qoldi.
Otamga hech narsa demadim. O‘rnimdan turib, tashqariga chiqib ketdim. Bu harakatimni ham o‘smirlik o‘zgarishlariga yo‘ygan otam, o‘tib ketar, deb o‘yladimi, har qalay, boshqa indamadi.
Afsuski, do‘ppim ertasiga ham, indiniga ham to‘g‘rilanmadi. Bir haftada boshim ola chiqqan sholipoyaga o‘xshab qoldi.
Ajablanarlisi, kasallik yuqqan bolalar haqidagi ma’lumot yashin tezligida Jonoboddagi “kalbanisa” qulog‘iga yetib borishi edi. Ikki hafta ilgari, ikkita o‘rtog‘imni tutib ketib, uyidagi bor ko‘rpa-to‘shaklarini bug‘xonasida qaynatib bergan o‘sha, xunukdan-xunuk “zimpessa (dezinfektsiya) moshina” endi mening izimga tushgan. Birinchi bor izlab kelishganida, jonimga onaizorim oro kirdi: sekin imlab chaqirib, qochirib yubordi. Do‘xtirlar ikkinchi safar ham quruq qo‘l bilan qaytib ketishdi. Eng qizig‘i, kalmoshinachilar uchinchi marta kelganida sodir bo‘ldi. Paxtazordan o‘rgan o‘timni orqalab, ashulani vang qo‘yib uyga keldim. Hovlimiz etakdagi molxona ostonasidan hatlaguncha ham uyimizda kaldo‘xtirlar poylab turishganini sezmabman.
Xullas, yelkamdagi yukni sigirning oxuriga tashlab, qaytib chiqayotganda, oq xalatliklar sharpasini payqab qoldim. Shartta izimga qaytib, oxur ichidagi o‘tning ostiga uzala tushdim. Molxona ostonasidan birinchi bo‘lib Orif do‘xtir hatladi. Oxur taxtasining tirqishidan ko‘rib yotibman: orqasida ikkita hamshirasi ham bor. Ular nim qorong‘i molxonani aylanib chiqishdi. Orif do‘xtir, hayrat bilan dedi:
– Voy, qistalog‘-ey, hozirgina, shu eshikdan kirib ketuvdi-yu! Qayoqdan qochib ketaqoldiykin?
Birozdan so‘ng hafsalasi pir bo‘lgan Orif do‘xtirning ovozi tashqaridan, darvozaxonaga yaqinroq joydan eshitildi:
– Bu safar ham qo‘ldan chiqardik. Tojibu, bolangning tovonida kuldirgichi bormi, deyman? Ketdik!
Kalmashina ham o‘jar o‘rgimchakdan battar tajovuzkor edi. Bir poylagan o‘ljasini tutib yamlab yutmaguncha, izg‘iyverardi-izg‘iyverardi.
O‘sha kal bolaning ismi nima edi, deb qiziqyapsiz-a? Aytsak, binoyidek, “tandur” laqabi yoniga “kal” so‘zi ham qo‘shilib, qo‘shlaqabli bo‘lib ketmasligimiz uchun indamaganimiz ma’qulmikin?

Latifa:
Nasib etsa…

Teshikmozorlik Qo‘ylivoyning besh yoshli nabirasi Begijon bobosidan so‘rayapti:
– Oppog‘dada, sochim qachon siznikiday oqaradi?
– Menday bo‘lganingda, bolam.
– Qachon sizday bo‘laman?
– Yana qirq besh yildan keyin.
– Qirq besh yildan keyin siz kimday bo‘lasiz?
– Ha, bolam-a, nasib etsa… senday bo‘laman.

Shaldiroq arava

Yuqorida eslaganimiz To‘lqinjon brigadirga ergashib Teshikmozorga kelgan Sobir traktorchi ko‘tarmaga so‘rtavoy oshqovoqlar ekib boyib ketdi va yillar o‘tib, katta opamizga uylandi. U kishi biz uchun endi – Sobirjon pochcha.
Sobirjon pochchaning to‘rt g‘ildirakli “Belorus” traktori bo‘lar, u kishi uchun yil-o‘n ikki oy “sezon” hisoblanardi. Ishsiz qolgan kuni deyarli bo‘lmasdi. Chunki tirkama aravali transportga xudoning bitmish kuni ehtiyojmandlar chiqib turar, ish topilmagan paytlarda esa Sobir pochcha biznikiga kelib, otamiz bilan gurunglashe-eb o‘tirishni xush ko‘rardi.
Kech kuz. Kolxozda paxta terimi tugab odamlar g‘o‘zapoya yig‘ishtirishga tushgan. Paxta “zadaniya”sidan qutilgan dehqonlar yerga qor tushmay turib ekin-tikinlarini saranjomlab olishga kirishgan kunlar. O‘zingiz bilasiz, g‘o‘zapoya g‘amlash ham qishloq ahli uchun eng muhim tashvishlardan. Busiz uning o‘chog‘i gurillab, qozoni qaynamaydi. Tandiri qizib, sandali bozillamaydi.
Qo‘yingki, tirkama aravasi bor traktorchilarning kuni tuqqan. Sobir pochchaning ham martabasi chandon oshib, odamlar uning iziga tuzoq qo‘ygan kunlar.
Tahsildan ta’tilga kelgan student bolam bir maza qilsin, dedilarmi, onamiz tushlikka oshni katta damladilar. Dasturxon atrofida butun oilamiz jam. Sobir pochcha ham shu yerdalar.
Onam pishirgan palovni obdan sog‘ingan ekanman. Qorinlar chirmanda bo‘lib ketguncha tushirdim. Oshdan keyin otam bilan pochchamizning uzilib qolgan uzundan-uzoq suhbatlari qayta tiklandi. Noiloj, hazmi taom uchun ko‘chaga chiqdim. Qarasam, pochchamning traktori shudgor chetida “piliq-piliq”, “piliq-piliq” qilib ishlab turibdi. O‘sha kezlarda yonilg‘i zovurdagi suvdan ham qadrsiz. Traktorchilar bir-ikki soat dam olish paytida motorni o‘chirib o‘tirmasdi. Sezdim, pochcham tirkama aravasini kimningdir paykalida g‘o‘zapoya yuklash uchun qoldirib kelgan.
Shu traktorni bir haydamaysanmi, degan shum fikr kechdi xayolimdan. Shartta rulga o‘tirdim. Sobir pochcha bajaradigan amallarni taxminan takrorladim. Traktor asta o‘rnidan jildi. Quvonchim ichimga sig‘maydi: yashshavor, Habishvoy! Mana, o‘qishni tugatmay turib, traktor haydashni ham o‘rganib olding…
Shudgorning g‘o‘zapoyasi yig‘ishtirib olingan joylarida anchagacha sayr qildim. Kolxozning tinkani quritib tashlaydigan mehnatidan o‘lguday horib, o‘zining ekin-tikini, o‘tin-cho‘piga qolganda, sillasi qurigan hamqishloqlarim onda-sonda keladigan bir talaba bolaning traktor haydashini sezmayotganday, horg‘intobgina, o‘z ishlari bilan andarmon. Ularning bu paytdagi holatini tushunsa bo‘lardi. Boshqa payt bo‘lsa-ku, yo‘q yerdan qiytiq chiqarishib:
“Teshikmozorning toshkentlik “tandiri” (ha, darvoqe, aytish esimdan chiqibdi. Tandir bu bizning teshikmozorliklar orasidagi oilaviy “unvon” – laqabimiz) o‘zini traktorga ortib qayoqqa ketyapti?”ga o‘xshash gaplarni biri qo‘yib, biri aytib, askiyaga chorlab turishardi.
Xullas, traktorchilik ham yarim soatga yetmay, me’daga tegdi. Endi uni to‘xtatish kerak. Biroq bu “temir dev”ni yurgizishning havosini olibman-u, to‘xtatishini kuzatmagan ekanman. U qildim, bu qildim, qani endi “dev” quloq solsa. Yuragimga vahima tushdi. Xayolimga lop etib, paykalning teparog‘ida karchopka qilingan g‘o‘zapoyasini o‘roq bilan tuproqdan sug‘urib taxlayotgan O‘skanboy aka keldi. Traktorchining ukasi-ku, harqalay. Iltimos qilaman. Ehtimol, o‘zi yonimga sakrab chiqib o‘chirib berar…
Rulni o‘sha tomon burdim. Asta O‘skanboy akaga yaqinlashaman va hali chalaroq qolgan salom-alikni to‘ldirgan bo‘laman:
– Charchamayapsizmi, O‘skanboy aka?
O‘skanboy aka nima deysan, deganday boshini sal ko‘taradi-yu, ishini qizg‘anibmi yo hazilga madori kelmaganidanmi, unchalik parvo qilmay, mashg‘ulotida davom etadi. Qarasam, uzoqlashib ketyapman. Jon halpida yana qichqirdim:
– Manavi shaldiroq aravani to‘xtatolmayapman!
Bu safar u menga bir ma’noli qarash qiladi-yu, o‘zini hech narsa eshitmaganga solib, ishida davom etadi. Shahardan kelgan, bekorchi bola tantiqlik qilyapti, degan xayolga bordi, deb o‘yladim. Traktor esa tabiiyki, o‘sha-o‘sha, qaysar… Rulni burib yana O‘skanboy akaga yaqinlashaman:
– Hazili yo‘q… Yordam bervoring?
U endi aynan bizning qishlog‘imiz odamlaridangina eshitish mumkin bo‘lgan javobni berdi. Nima deydi, deng? Aytsam, kulasiz:
– Parvo qimay haydovur. Yog‘i tugasa o‘zi to‘xtaydi.
O‘skanboyning bepisandligi biroz izzat-nafsimga tegadi.
Ko‘rsatib qo‘y unga, hazil qanday bo‘lishini, deydi qaylardandir kelgan shaytonim. Traktorni O‘skan akaga ajratilgan, hali g‘o‘zapoyasi yig‘ishtirib olinmagan shudgor tomon buraman. “Belorus”ning g‘ildiraklari endi uning g‘o‘zapoyalarini payhon qila boshlaydi.
– Ha-hov! Nima qilganing bu? – o‘roq do‘layib, po‘pisa qiladi u.
Men ham O‘skanboyning javobini o‘z ohangida o‘ziga qaytaraman:
– Parvo qilmang! Yog‘i tugay deb qoldi.
Har holda, O‘skanboy aka bilan oshimiz pishmadi. Bir bechoraning o‘tinini payhon qilish ham insofdan emas edi. Traktorni yana uyimiz tomon burdim. “Temir dev” hech narsa bo‘lmaganday, bir me’yorda, big‘illagancha olg‘a intiladi.
Nima qilsam ekan? O‘zim bilan o‘zim o‘ylashib traktorning oldi g‘ildiraklari katta o‘qariqqa munkib qolganini sezmabman: bir-ikki bor siltandi-yu, uni o‘chdi.
Elkamdan tog‘ ag‘darildi. Oyog‘imni qo‘limga olib uyga chopdim. Kirsam, otam bilan Sobir pochcha yonboshlashe-eb, hamon o‘sha men chiqib ketgan palladagi mavzuning moyini chiqarishib yotibdi.
– Sobir aka, – deyman o‘zimni xotirjamgina ko‘rsatishga harakat qilib. – Traktoringizni ko‘chaga to‘xtatuvdingizmi?
– Ha, nima edi?
– Kimdir uni, hov, shudgorning o‘rtasiga obborib qo‘yipti!
– E qo‘yovuring, bu deparada uni haydab ketadigan odamning o‘zi yo‘q. Topilsayam, uzoqqa opketolmaydi. Joniga tegib biron yerga tashlab ketadi, – dedi-yu, suhbatni kelgan joyidan yana davom ettirdi…
O‘skan akaning nima uchun o‘shanda menga yordam bermagani boisini keyinroq esladim. Qaysidir ukamizning sunnat to‘yi edi, adashmasam. Hovlimiz sahniga joy qilingan. Osh tortilgach, askiya boshlanib ketdi. Mavzuga negadir “arava” payrovi tanlangan edi. Har tomondan cho‘qilanayotgan Mo‘ysinboy akaga (O‘skanboyning akasi. Laqabi… hay mayli, aytaqolay: “arava”) kimdir:
– Sizga rahmimiz kepketyapti, Mo‘ysinboy! Bugungi to‘ydan bir “arava” gappinan qaytadag‘an bo‘ldingiz. Yarim-yolchisini, anovi, ukangiz O‘skanboyga yuklavormasak, yo‘lda gupchagingiz ayrilib ketib, uyatli bo‘pqolmasangiz go‘rgaydi! – deb askiyaga yakun yasagani yodimga tushdi…

Latifa:
“Prava”si yo‘q-da!

Teshikmozorlik Qo‘ylivoy otaning olti yoshli nabirasi Javohir bobosiga deyapti:
– Oppog‘dada, katta bo‘lsam, sizga “Mersedes” obberaman.
– Yashang, o‘g‘lim! Buvingizga nima olib berasiz?
– Buvimlargami? Chak mashina olib beraman.
– Ulargayam “Mersedes” obberaqoling.
– Obberardi-im, “prava”lari yo‘g‘u?..
– Birato‘la “prava”siniyam oberaqolasiz…
– Hozirdan bunaqa qing‘ir ishlarga boshlamang-da, odamni, oppog‘dada!

“Bo‘yning uzulgur!..”

Teshikmozor ayollari ham favqulodda ochiqko‘ngil, dilso‘z, shu bilan birga, chiyratma gaplarga anchagina chechan bo‘lishadi. Rashkchilikda-ku, dunyo ayollari bir tomonu teshikmozorlik ayollar bir tomon. Xojalarini o‘zga ayol tugul, o‘zining soyasidan ham qizg‘anishadi. Bu borada erlarining biron xato-patosini sezib qolishsa bormi, ilmoq-ishora, qoqitma gaplari bilan etlarini uzib-uzib olishlarini bir ko‘rsangiz. Hol-ahvol so‘rashishlarini aytmaysizmi? Qarg‘ishlariyam o‘zlariga biram yarashimli. Mana, teshikmozorlik ikki qo‘shni ayol guvalasi to‘kilibgina turgan devorning ikki tomonida turishvolishib, suhbatlashishyapti:
– Hoy, qo‘shni! Saboxon! Biyaqqa bir qarang!
– Essonmisiz, Qumri opa?
– Bunda-ay, devoldan ovoz berayam demaysiz?
– Kecha, ovoz beray deb mo‘ralasam, mo‘ylovini shopday qilib, eringiz Rahim akam turipti. O‘laqolmasam deb indamaygina pisaqoldim. Nimagadir Rahim akamni ko‘rsam, qochqim keladi.
– Shu, sharti ketib, parti qolgan go‘rso‘xtaning nimasidan qochasiz?
– Unday demang… Nimagadir, xo‘jayiningizning siri bor, odamni bosadag‘an…
– He, siri bo‘mayam o‘lsin, bo‘yning uzulgurning. Do‘konidagi bittasiminan iskalashib yuradi, deb eshitaman. Nima qilay, o‘zimdan sakkiz yosh kichkina bo‘lsa, bu go‘rso‘xta!..
– Voy, o‘lmasam! Qanaqa qilib?..
– Ha, akangizga, boshputimni o‘zgartirib tekkanman. O‘zi bilmaydi, buni. Aytib-netib yurmang, tag‘in. Bilib qolsa, meni otamnikiga obborib qo‘yib, do‘konidagi anovi megajinini opkevoladi.
– O‘lippami, aytib.
– Manavi, kastrilkani oling. Qo‘y yog‘i. Eringizga osh qilib bering. Xursand bo‘ladi. Rahim akangizning puli ko‘p. Yeb tugatmasak, men o‘lganimdan keyin boshqalar kelib yeydi.
– Unday demang, opa! Uzo-oq yashanglar. Qo‘y yog‘iga osh qilib bermasam ham buningiz quturib yotibdi. Kaltak yemagan kunim yo‘q. Kecha kechqurun, desangiz, Qumri opa, buningizi xo‘yi bir tutdi, bir tutdi! Bir gapiga qarshi, gap qig‘andim, shunaqayam… urib tashladiki!..
– A-a, ashnaqami?..
– Ha-a! Qochib borib, tovuqning katagiga kirib, arang jon saqlappan. Iloyo ilovando, tepgan oyoqlaring akashak, urgan qo‘llaring qo‘shmashak bo‘lib, qo‘llarimga qaro‘-o‘b, mo‘ltirab o‘tirmasang, rozimasman, deb qarg‘adim, qarg‘adim, katakka kirvolib! Qarg‘adim-u, orqasidan, astopillo keltirdim. Nima qilsayam oltita oytovog‘minan, yettita yemaxo‘rni shuningizdan topdim-da, opo‘sh!..
– Hay, qo‘shni, katakni yaxshi eslatdingiz. Tovuqlaringiz tug‘yaptimi?
– O‘lat tekkan. Hammasi sudrali-i-b yuribdi. Oma, tug‘yapti.
– Tuxumini nima qilyapsiz?
– Yegani qo‘rqyappiz.
– Biznikidayam, shu ovhol. Katta tog‘ora to‘la tuxum… Shu bugunchayam, yemay turinglar. Kechqurun anovi bo‘yning uzilgur Rahim akangiz uyga kelar-u. Besh-oltitasini pishirib, yedirib ko‘ray. Erta-indin o‘lmasa, sizlar ham yeyaverasizlar, tuzukmi?!

“Sharq yulduzi” jurnali, 2014 yil, 2-3-sonlar

MATONAT (qissa)/4-qism
Avvalgi qism

Tolibjon o‘sha kuni shahardan qaytganida ruhida yoqimli bir yengillik his etdi. Orzu-umidlari mustajob bo‘lganini yagona hamrozi – oyisiga tezroq aytgisi kelardi. Muslima opa oshxonada kechki ovqatga unnayotgan ekan, o‘g‘lini odatdagidek beozor jilmayib qarshi oldi:

– Keldingmi, bolam?

– Oyi! – Tolibjon yelkasiga osib olgan yukxaltasiga ishora qildi. – Hammasini olib keldim!

Tolibjonning ko‘zlari quvonchdan porlab, yo‘lda charchaganiga qaramasdan jilmayib turardi. Muslima opa o‘g‘lini ko‘pdan buyon bunday holatda ko‘rmagandi.

– Ishing bitdimi, axiyri? – dedi qo‘lidagi kapgirni qozonga qo‘yib.

– Bitdi, oyi, ertaga sizni suratga tushiraman. Endi fotoplastinkalarim bor.

– Rahmat, bolam.

Tolibjon orzular qanotida parvoz qilardi go‘yo, botiniy hayajoni bosilay demasdi. Hozir, shu damda ish boshlamoqchidek, shoshilib xonasiga kirdi. Fotoplastinka, fotoqog‘oz, kimyoviy dorilarni o‘zi yasagan tokchalarga taxladi. Xayolan ertangi kun rejasini tuza boshladi. Muslima opa “ovqatingni yeb ol, bolam”, deb chaqirmagunicha xonasidan chiqmadi.

Qorong‘i tushganda oyisining hay-haylashiga qaramasdan yana ichkariga kirib ketdi. Bir nechta fotoplastinkani kassetalarga joylab, kamerani ishga tayyorladi. So‘ngra charchoq yengib, erta o‘ringa yotdi.

Tongda derazadan tushgan oftob nurlari uning bug‘doyrang yuzi, tim qora qalin qoshlarini siypalab uyg‘otdi. O‘rnidan turib, tunda yechgan yog‘och oyog‘ining qayishlarini mahkam tortib bog‘ladi. Derazaga yaqin kelib, hovliga qaradi; qo‘lida supurgi bilan onasi kuymanib yurardi. Yoz tongi serishva bo‘ladi. Quyoshning oltinrang nurlari hovli o‘rtasidagi bir tup o‘rik yaproqlarini erkalamoqda. Molxonadan sigirning cho‘ziq nolasi, unga javoban buzoqchaning surnay ovozidek zorlanishi eshitildi. Tolibjon kiyinib, tashqariga chiqdi. O‘rik ostidagi qumg‘ondan suv quyib, tik turganicha tez-tez yuvindi.

– Oyi, surat olishga boramiz, – dedi artinayotib.

– Qayoqqa? – Muslima opa ajablandi.

– Daryo bo‘yiga. Sizni o‘sha yerda suratga tushiraman.

Muslima opa to‘xtab, qo‘lidagi supurgini yerga qo‘ydi. U yakka-yolg‘iz o‘g‘lining ko‘ngliga qarardi. Ayniqsa, Tolibjon bir oyog‘idan ajralganidan keyin “yo‘q” degan so‘zni butunlay unutdi.

– Xo‘p, bolam, choyingni ichib olmaysanmi?

– Keyin ichaman. Saharda yoki kun og‘ayotganda yorug‘lik yonboshda bo‘ladi, shunday paytlarda suratga tushirsam yaxshi chiqadi.

O‘g‘lining aqlli gaplari onasiga yoqdi:

– Shoshma, men kiyinib chiqay, – dedi.

Tolibjon xonasiga kirib, fotoapparat bilan shtativini oldi. Hovliga chiqqanida onasi tayyor bo‘lib uni kutib turardi. Egnida moviy gulli, to‘y-ma’rakalarga kiyadigan ko‘ylagi, boshida yangi durra.

– Oyi, shu ko‘ylagingiz juda yarashadi.

Muslima opa o‘g‘lining gapiga jilmayib, darvoza tomonga odimladi:

– Yur, o‘g‘lim, borsak boraqolaylik.

Ular ko‘chaga chiqib, zarhal barkashdek falakka ko‘tarilayotgan quyoshga peshvoz yurishdi. Daryo uylariga yaqin edi. Birozdan keyin kumushrang tasma misoli tovlanayotgan suv ko‘rindi. Uzoqda daryoni kesib o‘tgan temir yo‘l ko‘prigining metall konstruktsiyalari ko‘zga tashlanadi. Sohilga yetib kelganlarida daryodan esayotgan shabada Tolibjonning sochlarini to‘zg‘itib o‘ynay boshladi. Unga qarab Muslima opaning mehri tovlanib ketdi.

– Bolaligingda seni shu yerga olib kelardik, – dedi daryoga o‘ychan qarab.

– Bilaman, oyi, meni dadam ko‘tarib olardilar.

– Esingdami?

– Esimda, – dedi shtativga fotoapparatini mahkamlayotgan Tolibjon.

U nafaqa kutib o‘tkazgan bir oy vaqt davomida bu mashg‘ulotni qayta-qayta tak­rorlayverib, usta suratchilardek ishlashni o‘rganib olgandi. Bir zumda “Fotokor” surat olishga tayyor bo‘ldi.

– Quyosh sizni yoritishi kerak. Oyi, bu yerda turing! – dedi Tolibjon suvga yaqinroq joyni ko‘rsatib. – Shunday… Mana endi daryo ham ko‘rinadi. O‘ziyam zo‘r surat chiqadi-da!

– Noqulay bo‘lyapti, o‘g‘lim…

– Oyi, suratga tushishdan qo‘rqyapsizmi? – Tolibjon kuldi. – Yo‘q, ozgina yonboshlab turing… Bo‘lmadi! Oyi, yaxshisi, qo‘lingizni peshonangizga soyabon qilib, daryoga qarang. Ha, mana shunday! Endi boshingizni ozgina ko‘taring!

Tolibjon mashg‘ulotiga shunchalar berilib ketgandiki, onasi keyingi paytda injiq, xayolchan bo‘lib qolgan o‘g‘lini hozir taniyolmay qoldi. U qora movut ostiga boshini suqib, ob’ektivni ravshanlikka sozladi. Kameraga fotoplastinkali kasseta o‘rnatib, qopqog‘ini ko‘tardi. Tepki tasmasini bosayotganida hayajondan yuzlari qizarib ketgandi.

– Bo‘ldi, oyi, – dedi Tolibjon ehtiyotkorlik bilan kasseta qopqog‘ini yoparkan.

– Oson ekan-ku! – Muslima opa ajablandi. – Ko‘rsat-chi, qanday tushibman?

Shtativni yig‘ishtirayotgan Tolibjon ishidan to‘xtab, oyisiga qaradi. Onasining nimani so‘rayotganini tushunib, kuldi. Muslima opa hamon unga jiddiy tikilib turardi.

– Oyi, hozir faqat suratga tushirdim. Endi negativni ochirish, quritish kerak. Shundan keyin surat ishlayman. Yuring, uyga qaytamiz.

Hovlilariga kirib kelishganda kun yoyilib qolgandi. Oyisi uyga kirib ko‘ylagini almashtirib chiqdi. Hamon hovlida kalovlanib turgan o‘g‘liga bir qarab qo‘ydi-da, oshxonaga borib tandirga o‘t qalay boshladi. Tolibjon fotoapparati bilan shtativni xonasiga olib kirdi. U fotoapparatida birinchi marta surat olgani uchun bezovta edi. O‘zini bosib olmoqchi bo‘lib, hovliga qaytib chiqdi. Atrofni maqsadsiz bir-ikki aylandi. Bostirma ostidagi eski etikka ko‘zi tushib, otasini esladi. Otasi o‘zi ishlaydigan geologiya-qidiruv idorasidan qayerga yuborishsa, o‘n besh-yigirma kun, ba’zan oylab o‘sha yerda qoladi. “Dadam uyda bo‘lganlarida suratga tushirardim, – deya o‘yladi. – Mayli, fotoplastinkalar yetarli, hali dadamniyam suratga olaman!”

– O‘g‘lim, choyingni ichib ol, sen yaxshi ko‘radigan patir non yopdim.

Muslima opaning ovozi uni o‘ziga keltirdi. Qo‘lini yuvib, ayvondagi xontaxta yoniga kelib o‘tirdi. Oyisi oldiga qo‘ygan issiq patirni sindirib “uf-uf”lab tez-tez yeya boshladi.

– Shoshilmay ye, o‘g‘lim, – dedi Muslima opa.

– Shoshmasam bo‘lmaydi, oyi. Hozir suratingizni ishlayman!

– Mayli, ishlarsan hali.

– Oyi, men to‘ydim.

Tolibjon o‘ziga fotiha qilib, o‘rnidan turdi. Muslima opa “choyingni ich”, deganicha qoldi.

U derazasiga qavat-qavat qora mato tutib qorong‘ilashtirilgan xonasiga kirdi. Eshikni ochiq qoldirib, qo‘ng‘ir rangli idishchalarga kerakli eritmalarni quydi. Shundan keyin eshikni yopdi. Xona qop-qorong‘i edi. Paypaslab o‘zi stol ustiga qo‘ygan kassetani topdi. Derazaga orqasini o‘girib, kasseta qopqog‘ini ochdi. Undan shisha plastinkani avaylab olib, ochirgich eritmaga botirdi. Qorong‘ida ko‘rinadigan fosforli soati yo‘q edi. Vaqtni belgilash uchun pichirlab sanay boshladi. Juda uzoq sanagandek tuyuldi. Aslida bor-yo‘g‘i ikki daqiqa vaqt o‘tgandi. Fotoplastinkani toza suvda chayqab, qotirgich eritmaga botirdi.

Tolibjon eshikni ming xil o‘yda ochdi: “Negativ chiqdimikan? Xatoga yo‘l qo‘ymadimmi? Oyimning oldilarida uyalib qolmasam bo‘ldi-da. Maqtanaveribman, maqtanaveribman… Lekin hammasini to‘g‘ri qildim”.

U ishtiboh bilan negativ fotoplastinkani eshikdan tushgan yoruqqa tutdi: “Voajab! Mana onasi, orqada daryo! Hammasi tiniq! Axir bu o‘zining fotoapparatida olgan birinchi surati! Bunday sifatli negativni fotoqog‘ozga tushirsa bo‘ladi”.

Tolibjon shisha fotoplastinkani toza suvda qayta-qayta chaydi. Quritish uchun tik qilib qo‘ydi-da, hovliga chiqdi.

– Oyi! – u quvonganidan baqirib yubordi.

Oldiga hovliqqanicha Muslima opa keldi:

– Nima bo‘ldi, bolam?!

– Oyi! Suratingiz chiqadi! Zo‘r chiqadi! Hozir, negativ qurisin…

– Voy bolam-a, yuragimni yorib yubording-ku? Oyog‘ing…

Onasi “oyog‘ingga bir narsa bo‘ldimi”, demoqchi edi. Labini tishlab, qolganini aytmadi. O‘g‘liga xavotir bilan qaradi.

– Oyi, birinchi marta suratingizni ishlayapman, – dedi Tolibjon xijolat bo‘lib. – O‘zimni fotoapparatimda olganman axir! Ichimga sig‘may ketyapman-da!

– Menga sen xursand bo‘lsang kifoya.

– Suratchilik juda qiziq, oyi.

U oqsoqlanib yana xonasiga kirib ketdi. O‘zi jihozlagan oddiygina fotolaboratoriyasidagi kerosinli chiroqni yoqdi. Xona yorishdi. Negativni yoruqqa tutib, yana bir marta ko‘zdan kechirdi. Ochirgich eritmani fotoqog‘ozniki bilan almashtirdi. Ikkinchi chiroqni yoqib, qizil shishali qutichaga joyladi. Bu surat ishlayotganda yoqib qo‘yiladigan “xavfsiz” yoritqich vazifasini o‘tardi. Avvalgi chiroqni o‘zi yasagan qo‘lbola surat ishlash dastgohiga joyladi. Shisha negativni yuqori tirqishga o‘rnatdi. Avval bir parcha fotoqog‘ozga namuna olish kerak edi. Bunga Tolibjonning sabri chidamadi. Bir yo‘la negativ kattaligidagi fotoqog‘ozni qo‘yib, beshgacha sanadi. Fotoqog‘ozni darhol ochirgich eritmaga tashlab, biroz chayqatib turdi.

Qizil chiroqning xira yorug‘ida tasvir paydo bo‘la boshladi. Tolibjonning yuragi qinidan chiqib ketayozdi! Tasvir me’yoriga yetganda toza suvda chayqab, qotirgich eritmaga botirdi.

U onasining oldiga qo‘lidagi hali nam surat bilan chiqdi.

– Qarang, oyi, bu siz! Judayam chiroylisiz!

Muslima opa o‘g‘lining oldiga kelib, o‘zining suratiga tikildi:

– Seni ko‘zingga shunday ko‘rinaman-da… Shaharda suratchilikni yaxshi o‘rganibsan.

– Bilim yurtimizda hamma sharoit bor edi.

Onasining beixtiyor aytgan gapi bilim yurtini eslatdi. Tolibjon o‘rtoqlarini sog‘ingandi. Lekin buni tan olgisi kelmadi: “yangi hayotimga ko‘nikishim kerak”, – deya takrorladi o‘zicha.

– Oyi, men yana surat ishlayman, – dedi-da, xonasiga kirib ketdi.

Muslima opaning suratidan yana uch nusxa tayyorladi. Surat jonli chiqqandi. Shu damda uni kattalashtira olmaganiga achinib ketdi. O‘zi yasagan dastgohda faqat negativ yuzasiga moslab “9x12” surat ishlay olardi. Kattalashtirish uchun fotoyiriklashtirgichi yo‘q. Bo‘lganda ham foydalanolmaydi. Chunki fotoyiriklashtirgich elektr chirog‘ida ishlaydi.

Shu kuni kechgacha qo‘lbola fotolaboratoriyasida mayda-chuyda ishlar bilan shug‘ullandi. Ertasiga butun qishloq Tolibjonning surat ishlaganini eshitdi. “Bir ko‘ray”, deb keluvchilar ko‘paydi. Nogiron yigitchaga achinayotganlar endi havas bilan qarashardi. “Shaharda bekor yurmagan ekan”, deyishdi qo‘shni ayollar. Ular ham suratga tushishni xohlab qolishdi.

– Tolibjon, meniyam xuddi oyingga o‘xshatib daryo bo‘yida suratga tushir, – dedi Hidoyat opoqi degan qo‘shnilari.

– Oyimning suratlari yoqdimi? – Tolibjon o‘smoqchilab so‘radi.

– Yoqmay o‘libdimi, bolam, – kuldi Hidoyat opoqi. – Kattaroq qilolasanmi?

– Keyinchalik buning ham ilojini topaman.

– Baraka top! Qo‘ling dard ko‘rmasin.

– Faqat bizda elektr yo‘q-da.

– Voy, amaking aytdilar, kelasi yili butun qishloqqa simyog‘och tortisharmish.

– Unda ishimiz yurishadi, opoqi.

Tolibjonning nomi “suratchi” bo‘lib qoldi. Qishloqda “Suratga tushir”, deguvchilar ko‘paydi. Ba’zan kun bo‘yi qo‘li ishdan bo‘shamasdi. Tuman markazidagi o‘ris suratchiga qatnab, hujjatga surat tushirishniyam o‘rganib oldi. Kimdir pasport uchun, yana birov oilaviy suratga tushishni xohlaydi. U hech kimga yo‘q demasdi. Ko‘pincha yarim tungacha qorong‘i xonasida surat ishlaydi. Mijozlari qo‘yarda-qo‘ymay “qo‘l haqi”ni berib keta boshlashdi. “Shaharda o‘qiyman, deb bir oyog‘idan ajraldi, haqini bermaslik uyat, – deyishardi bir-birlariga. – Axir u ham qog‘ozini pulga sotib oladi”.

Negativ plastinkalar tugay deb qolgandi. Tolibjon surat uchun berilgan pullarni faner qutichaga yig‘ib qo‘yardi. Hisoblab ko‘rsa, xarajatlariga bemalol yetarkan. Bu safar nafaqasini kutmasdan, qutichada yig‘ilgan pul bilan shaharga jo‘nadi.

OSHKORA QOTILLIK
Avvalgi qismi

Kristo Bedoyya Jamil Shayyumning so‘zlarini eshitiboq, Santyago Nasarni quvib yetish niyatida peshtaxtadan sakrab, eshikka otilgan. U do‘stining muyilishdan shundoqqina burilayotganini ko‘rgandi, ammo maydonga yoyilib borayot gan kishilar ichidan uni topolmagan. Bir necha odamdan Santyago Nasarni so‘raganda, ular:

– Hozirgina sen bilan birga ko‘rgandik, – deya bir xil javob qaytarishgan.

Kristo Bedoyyaga bu qisqa muddatda Santyago Nasar uyiga yetib kelishi mumkin emasday tuyildi, biroq, shunga qaramay, u uyga kirib, uni surishtirmoqqa qaror qildi; ko‘cha eshik u o‘ylaganday qulf emas, balki qiya ochilib turar edi. Tong qorong‘isida u ostonada yotgan xatni ilg‘amadi, bemahalligi uchun oyoq uchida yurib, mehmonxonadan o‘tdi; uy ichkarisidan itlarning bezovtalanib g‘ingshigani eshitildi, so‘ng maxluqlar unga sari chopib kelishdi. U xuddi uy egasiday kalitlarni shiqirlatdi­da, itlarni tinchitdi, keyin galani ergashtirib oshxonaga yo‘naldi.

Yo‘lakda mehmonxona polini yuvgani paqir, latta ko‘tarib kelayotgan Divina Florga urilib ketayozdi. U Santyago Nasar qaytmaganini aytdi. Kristo Bedoyya oshxonaga kirganida Viktoriya Gusman quyon go‘shtini qozonga solib, tagiga o‘t yoqqan edi. U yigitning ko‘zlaridan ahvol nihoyatda qaltisligini anglagan. «Yuragi hapriqib, og‘ziga kelib qolayozgandi», – dedi u menga. Kristo Bedoyya undan, Santyago Nasar uydami, deb so‘raganida, yolg‘ondakam takalluf bilan, u hali uxlagani qaytmadi, deya javob bergan.

– Hazilning vaqti emas, – degan unga Kristo Bedoyya. – Uni o‘ldiramiz, deb qidirib yurishibdi.

– U badbaxt bolalar hech kimni o‘ldirolmaydi, – degan u.

– Axir, shanbadan beri uchib, tishlarini qayrab, payt poylab yotishibdi­ku, – degan darg‘azab bo‘lgan Kristo Bedoyya.

– Baribir bunga qo‘li bormaydi, – degan u, – ularning hushi joyida, hanuzgacha birorta mastning o‘z najasini o‘zi yeganini eshitmaganman.

Kristo Bedoyya mehmonxonaga o‘tganida Divina Flor endigina derazalarni ochib, uyni shamollatayotgan edi. «O‘sha kuni yomg‘ir yog‘magandi, – dedi menga Kristo Bedoyya. – Aniq esimda. Vaqt yettiga yaqinlashib qolgan, deraza ko‘zida quyosh nurlari jilvalanardi». U Divina Flordan, Santyago Nasarning mehmonxonadan yotoqxonasiga o‘tib ketmaganiga imoning komilmi, deb yana so‘ragan. Bu gal qiz tayinli bir gap aytolmay, dovdirab qolgan. So‘ng yigit undan Plasida Lineroni so‘ragan, qiz bir daqiqa avval uning xonasiga qahva olib kirganini, ammo uni uyg‘otgani botinolmaganini aytgan. Odatda Plasida Linero rosa yettida o‘rnidan turar, xonasida qahva ichgach, pastga tushib, tushlikka qanday ovqat pishirish lozimligi xususida buyruq berar edi. Kristo Bedoyya soatiga qarasa, olti­yu ellik olti ekan. Shunda u Santyago Nasarning uyga qaytmaganiga yana bir bor ishonch hosil qilmoq niyatida ikkinchi qavatga ko‘tarilgan.

Yotoqxona eshigi ichidan berk edi, chunki Santyago Nasar tashqariga onasining xobxonasi orqali o‘tib ketgandi. Kristo Bedoyya bu xonadonning eng yaqin kishilaridan bo‘lib, uni o‘z uyiday yaxshi bilardi. U do‘stining xonasiga Plasida Lineroning yotog‘i orqali o‘tish niyatida eshikni ohista itardi. Derazaning tepa ko‘zidan tongotar oftobining o‘tkir, qiyrixon yog‘dulari xonaga bir zaylda yog‘ilar, to‘r belanchakda xuddi kelinchakday yuzini yostiq qilingan qo‘llariga bosgancha bir ayol shiringina uxlab yotar edi – bu manzara yigitga ro‘yodek tuyildi. O‘sha holatni eslarkan, Kristo Bedoyya menga: «Tushdagiday edi», – dedi.

U bir daqiqacha ayolga mahliyo termilib qolgan, so‘ng sekingina yurib, xonadan chiqqan, g‘uslxonadan o‘tib, Santyago Nasarning yotog‘iga kirgan. Karavotdagi o‘ringa hech kim teginmagandi, oromkursi suyanchig‘iga dazmollangan suvoriy qora kostyum osig‘liq edi, teparoqda suvoriy qalpoq ilingandi, yerda bir juft uzun etik, yonida otning uzangisi turardi. Santyago Nasarning javondagi soati olti­yu ellik olti raqamini ko‘rsatardi. «Men birdan, u uyga kelib, qurolini olib chiqib ketsa, yaxshi bo‘lardi, deya o‘yladim», – dedi menga Kristo Bedoyya. Javonning tortmasini ochib, u to‘pponchasini ko‘rgan. «Hech qachon to‘pponcha otmagandim, – dedi menga Kristo Bedoyya. Santyago Nasarga eltib beraman, degan fikrda qurolni oldim». U to‘pponchani ko‘ylagi ostidan beliga qistirib qo‘ygan, shu bo‘yicha tegmagan, jinoyat sodir etilgach, birdan to‘pponchani eslagan, uni qo‘liga olib, o‘qlanmaganini bilib qolgan. O‘shanda javon tortmasini yopayotganda, eshikdan qo‘lida qahva tutgan Plasida Linero kirib kelgan.

– Voy tavba, deya u xitob etgan. – Senmiding, o‘takamni yorib yubording­a!

Kristo Bedoyya ham cho‘chib tushgan. U qarshisida sochlari yoyiq, to‘rg‘aygulli zarxalat kiygan ayolni ko‘rib, yorqin tong yog‘dusidan ko‘zlari qamashib, hafsalasi pir bo‘lgan. Yigit sarosimalanib, bu yerga Santyago Nasarni izlab kirganini aytgan.

– U yepiskopni kutgani ketgandi, – degan Plasida Linero.

– Yepiskop bizning bandargohda to‘xtamadi, – degan yigit.

– Shunday bo‘lishini bilardim, – degan u. – Otasining tayini yo‘q odamda subut nima qilsin!

Ayol birdan so‘zini to‘xtatib, Kristo Bedoyyaning o‘zini qo‘yarga joy topolmay, alang­jalang bo‘layotganini sezib qolgan. «Ishqilib, o‘zi kechirsin meni, – dedi ayol menga, – bola bechora shunday dovdirardiki, o‘shanda miyamdan, bu o‘g‘rilikka kiribdi-yov, degan fikr o‘tgandi». U Kristo Bedoyyadan, ha, tinchlikmi, deya so‘ragan. Yigit o‘zining qay ahvolda ekanini anglagan­u, ammo gap nimadaligini ochiq aytishga jur’at etmagan.

– Bir daqiqayam ko‘z yummadim, uyqusizlik­da, garangsib qolibman, – degan u.

Kristo Bedoyya boshqa hech narsa demay chiqib ketgan. «Bu xotinning nazarida har doim o‘g‘rilar uning uyini tunashayotganday tuyilaverardi», – dedi menga Kristo Bedoyya. Yigit maydonda yepiskopsiz ibodat o‘tkazolmasdan rohiblarni ergashtirib qaytayotgan padar Amadorni uchratgan, unga bir nima deyishga taraddudlangan­u, ammo indamagan: kashishning qo‘lidan duo qilishdan o‘zga ish kelmaydi, deb o‘ylagan. U yana bandargoh sari oshiqqan va birdan orqadan, Klotilde Armentaning do‘konidan o‘zini chaqirishayotganini eshitgan. Devor yonida yuzlari oqargan, yoqavayron yenglari shimarilgan qo‘llarida arradan yasalgan qo‘pol dudama pichoq tutgan Pedro Vikario turardi. U o‘zicha qattiq xezlanib, niyatini oshkor etishga, xunrezlikka tayyorlanayotganini hammaga bildirishga intilardi; albatta, buni u atayin qilar biror insof egasi kelib, uni yomoi yo‘ldan qaytarishiga umid bog‘lar edi.

– Kristobal! – deya qichqirgan yaltoqi ovozda Pedro Vikario. – Santyago Nasarga aytib qo‘y, biz uni o‘ldirish uchun poylab turibmiz.

Kristo Bedoyya ularga yo‘liga bo‘lsayam xalaqit berganidami, ikkovlon uning bu yaxshiligini bir umr eslab yurishardi. «To‘pponchani otishni bilganimdaydi, Santyago Nasar ham behudaga o‘lib ketmasdi», – deya o‘kindi u menga. U to‘pponcha o‘qining afsonaviy qudrati xususidagi gaplarni eshitgandayoq badanida titroq turgan.

– Bilib qo‘y, uning «magnum»i bor, o‘qi avtomobilniyam ilma­teshik qilib yuboradi, – deya qichqirgan Pedro Vikarioga qarab.

Pedro Vikario uning aldayotganini sezgan. «Agarda u ot minib chiqmasa, qurolini olib yurmasdi», – dedi menga Pedro Vikario. Shunga qaramay, singlisining sha’nini oqlamoqqa va qon to‘kmoqqa qat’iy ahd etgach, u mabodo Santyago Nasarning qo‘lida qurol bo‘lsa ne chora ko‘rmoqni ham oldindan o‘ylab qo‘ygan.

– Jonsiz jasad to‘pponcha otolmaydi, – deya javoban baqirdi u.

Shu payt eshik yonida Pablo Vikario ko‘ringan. U ham ukasiga o‘xshab rang­quti o‘chgan, egnida to‘yda kiygan qora movut kostyumi, qo‘lida ro‘znomaga o‘rog‘liq pichoq bor edi. «Agarda shu voqeaning shohidi bo‘lmaganimda, o‘lsamam ularning qay biri kimligini ajratolmay, dunyodan o‘tib ketardim», – dedi menga Kristo Bedoyya. Pablo Vikarioning orqasidan Klotilda Armenta chiqib kelgan va Kristo Bedoyyaga, tezroq borib do‘stingni falokatdan qutqar, xotinchalishlarga to‘la bu shahar o‘lgurda fojianing oldini olishga qodir birdan bir erkak kishi o‘zingsan, deya chinqirgan.